Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

«Allamjonov aybdor» kitobini o‘qib kelgan xulosam

«Allamjonov aybdor» kitobini o‘qib kelgan xulosam

Foto: Kun.uz

«Allamjonov aybdor» kitobini o‘qib kelgan xulosam: asli nomi «Allamjonov farishta» bo‘lishi kerak ekan.

Har holda, kitobni yozishdan maqsad shuni aytishga o‘xshaydi.

Buni yaxshi yoki yomon demayman, o‘qishni boshlaganimdayoq hamma haqiqatlar bayon qilingan, tan olingan degan fikrim yo‘q edi. Sizlarga ham shunday neytral pozitsiyadan turib o‘qishni, tanqidiy dunyoqarashni bir zumga bo‘lsin o‘chirmaslikni tavsiya qilaman.

Chunki bu boshdan oyoq yolg‘on yoki boshdan oyoq haqiqat emas. Har qanday rost gap ham haqiqat bo‘lavermaydi, bu voqealarning bir nuqtai nazardan turib aytib berilgan versiyasi xolos, albatta, to‘liq versiya emas.

Tabiiy, bu kitob, muallif tergov yo sud oldida ko‘rsatma bermayapti, faqat haqiqatni aytishga qasam ichmagan, u voqelikka nisbatan o‘zining sub’yektiv idroki mahsulini bayon qilyapti, xolos. Ustiga ustak, muallif siyosatchi, siyosatchining maqsadi esa ommaning simpatiyasi bo‘ladi.

Lekin satrlar aro o‘qisangiz, muallif qancha yashirishga urinmasin, o‘zini fosh qilgan o‘rinlarni ko‘rishingiz, shu paytgacha yashirin turgan, ammo kitob bahona pardasi qiya ko‘tarligan ichki «kuxnya»dagi jarayolardan u-bu narsalarni ilg‘ab olishingiz mumkin, albatta.

Ba’zida muallif har qanday xatosini, aybini, qoidabuzarliklarini ham oqlab, yutuqdek ko‘rsatishi g‘ashingizga tegadi. Chunki xatolari haqida gapirganda, satrlar aro Sizga «men qayta unday qilmayman, bu xato yo‘l» deb tavba qilayotgan emas, «hatto xatolarim ham o‘zimga yarashadi» deya maqtanayotgan bir shaxs qarab turganini sezasiz. Demak, imkon bo‘lsa, yana shu ishni takrorlaydi, degan xulosaga kelasiz (muallif o‘zi maqtanayotgan yutuqlariga ham shu xatolari soya solishini his qilarmikan?).

Agar kitobdan motivatsiya olmoqchi bo‘lsangiz, shu tomonidan o‘rganmang, motivatsiya olmang: sinib qolishingiz mumkin! Chunki siz Allamjonov emassiz, hayotda hammaga ham uniki kabi kuchli panohlar nasib qilavermaydi.

Mayli, muallif xolisligi o‘z yo‘liga, kitobning o‘zi baribir e’tiboringizni tortadi, yodingizda qoladi, o‘qib tugatmaguningizcha sizni qo‘yib yubormaydi: tili, bayoni, dinamikasi, kompozitsiyasi pishiq. Mana shunaqa kitoblar (missiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar) ko‘p o‘qiladi.

Haqiqat bahslardan tug‘iladi. Bu kitobga bahs ochadigan yana shunday memuarlar kerak. Hozircha unday iqrorlar bo‘lishidan bo‘lmasligi aniqroq, hech bo‘lmasa, kitob yozish ko‘p vaqt talab qiladigan ish ekani vajidan. Lekin biz kutaveramiz baribir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring