Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Hokim va «adabiy advokat»lar...

Hokim va «adabiy advokat»lar...

Farg‘ona viloyati hokimligi

Foto: «Wikipedia.org»

Ushbu masalaga Eng Yuqoridan nuqta qo‘yilmagancha bahs davom etaversa kerak. Ustiga-ustak, mavzu «qahramoni»ning «himoyachilari» paydo bo‘layotgani bahs-munozara battar kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Alqissa, gap yana Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev haqida. «Chegara bilmas» bu amaldor og‘zi shaloqligi, demakki, ma’naviyati haminqadarligi bilan allaqachon ijtimoiy tarmoqlar «yulduzi»ga aylanib bo‘ldi. Aqto‘be fojeasi sabab o‘tkazilgan majlisdagi «otashin nutqi» uning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatib berdiki, shundan beri mahalliy jurnalistlar «ko‘magi»da yuziga parda tortish bilan ovoraday, go‘yo... Shuning o‘zi janob G‘aniyevning «oyog‘i yerdan uzilgan»ini ko‘rsatadi, aslida. Mardlik qilib, bitta «uzr» bilan masalani sovitish mumkin bo‘lgan vaziyatda mahalliy jurnalistlar «yordami»da o‘zining «xalqparvar rahbar» ekanini ko‘rsatishga tushgani undagi kibrdan dalolat. Aynan kibr odamning oyog‘ini yerdan uzadi. Hokimning talabchan va serg‘ayrat ekani bor gap. Biroq bu sifat odamlarni (toshloqliklarni) yoppasiga «haromi» deb haqorat qilishga imtiyoz bermas? Uzr-ku, shayton ham olim bo‘lgan, biroq kibri sabab la’natga uchraganini yodga solsak, birov bizni aybsitmas.

O‘tgan vaqt davomida hokimni himoya qilib uch nafar hamkasbimiz ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qildi (viloyat hokimining matbuot kotibi bundan istisno, u har qanday holatda ham rahbarini himoya qilishga majbur, bu uning kasb emas, vazifasi taqozosi). Avvaliga Gulbahor Said G‘ani degan qalamkash andishaning yuziga tupurib, «viloyat aholisi nomidan» hokimdan «salkam farishta» yasamoqqa chirandi. Opaxon «himoya»ga chog‘lanar ekan, qalqon-u dubulg‘ani yoddan chiqargan chog‘i, «murojaati»ga nisbatan tanqidiy munosabatlarni tarmoqdan o‘chirishga (bu andishasizlikning ikkinchi ko‘rinishi) tushdi. So‘ng ayrim fuqarolarning hokim nomiga yozgan «minnatdorchilik xatlari»ni erinmay tarmoqdagi sahifasiga joylashtirishga o‘tdi. Gulbahor Said G‘ani «ko‘zir» qilib ko‘rsatishga urinayotgan xatlari katta ehtimol bilan uyushtirilgani yoki «hisobot uchun» yoinki «bir kunga yarab qolar» deya tashlab qo‘yilgan qaysidir tortmadan chiqqanini ilg‘ash uchun katta aql talab qilinmaydi. Mazkur «minnatdorchilik xatlari» odamlarning qalb amri bilan bitilgan taqdirda ham ularning e’lon qilinishi kamtarlikning oddiy me’yorlariga to‘g‘ri kelmasa kerak. Axir amaldorning vazifasi, Yurtboshimiz takror-takror talab qilayotganiday, «odamlarni rozi qilish» emasmi? «Himmat»ni bunday shaklda ko‘rsatish minnat hisoblanmaydimi? (Darvoqe, hokim musibatzadalarga ko‘rsatilgan moddiy yordamni o‘sha «otashin nutqi»da minnat qilganida «minnatdorchilik maktublari» e’lon qilinishidan ajablanmasayam bo‘ladi.)

Taniqli jurnalist Muhammadjon Obdidovning «Men bilgan G‘aniyev» maqolasidagi xolislikka intilishni e’tirof etmasak insofdan bo‘lmas. Biroq mazkur chiqish provardida hokim foydasiga xizmat qilishiniyam yodda tutmoq kerak. Muhammadjon hoji aka – ko‘pni ko‘rgan, boshidan ne-ne sinovlarni o‘tkazgan zukko jurnalist: ta’bir joiz bo‘lsa, tegirmonga tushsa nainki butun, kerak bo‘lsa — bir qo‘lida birinchi, ikkisida — oliy nav un bilan chiqadi. Shu ma’noda hoji aka ushbu maqolasi orqali bir o‘q bilan bir necha quyonni urganday:

1.Taniqli jurnalist sifatida jim o‘tirmadi, qanday bo‘lmasin, voqelikka o‘z nuqtai nazarini bildirdi;

  1. «Bir g‘alamis tufayli» hokim va o‘zining «o‘rtasiga tushgan parda»ni yirtib tashlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Va imkoniyat qo‘ldan boy berilmadi.
  2. «...hokim Sh.G‘aniyevning mening himoyamga muhtojligi yo‘q», deb ta’kidlasa-da, aslida amaldor ayni paytda qalam ahli, xossatan, Muhammadjon Obidovday mashhur jurnalistning ko‘magiga har qanchongidan ham muhtoj. Ayni ehtiyoj sabab «Men bilgan G‘aniyev» qog‘ozga tushgani ehtimoli katta.

«Men bilgan G‘aniyev»da hokimning oyog‘i yetmagan mahalla qolmagani, umuman, uning rahbarlik va boshqa qator insoniy sifatlari qalamga olingan. Ammo bu haqda shu kunlarda, hokim «nutqi» keng jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan bir pallada gapirish-yozish samimiyatga soya solaverar ekan-da.

Yana bir jurnalist, ukamiz Davlatjon Polvonovning «hasharga qo‘shilishi» kutilmagan holat bo‘ldi men uchun. Uning hissiyotlarga to‘la jumlalari haliyam xomligi, sodda-yu go‘lligi, bunaqangi «o‘yin»larda ishtirok etmaganini, umuman, ishtirok etishi noma’qul ekanini ko‘rsatdi. Har holda, Davlatjon Polvonovni talabaligidan beri bilaman, ilk amaliyotini mening rahbarligimda o‘tagan, iqtidori o‘shandayoq ko‘plarning e’tiborini tortgandi. O‘zaro suhbatlarda «ustoz» deb «kuydirishi» uchun ham aytgim keldi: uka, bunaqa chiqishlar bilan o‘zingizni sharmanda qilmang, biz ham vaqtida ahmoqligimiz bois shunaqa maqolalar yozdik, uning zahri hamon tanamizdan ketgani yo‘q, afsus-u pushaymonlikni aytmang... Bizning xatolarni takrorlamang, deyman-da...

...Alqissa, bir-biriga ulanib ketayotgan voqeliklar, jurnalist Shuhrat Shokirjonov aytganidek, «maynavozchilik»dan boshqa narsa emasday. Bu jarayonda qilar ishni qilgan amaldor bir chetda qolib, jurnalistlar «birinchi plan»ga chiqib qolayotgani ko‘ngilda battar og‘riq qo‘zg‘atadi.

 Ikkinchidan, mamlakat rahbari har ikki gapining birida «odamlarni rozi qilish», «ularning ishonchini kuchaytirish» xususida kuyib-pishayotgan bir paytda katta bir viloyat rahbarining huquqbuzarligi shundog‘icha qolib ketishi:

  1. Uning o‘zi va undan «rang olgan» boshqa amaldorlar battar quyushqondan chiqib ketishiga zamin yaratadi;
  2. Odamlarda hukumatga, davlat rahbariyatiga nisbatan ishonchning sinishi ehtimolini paydo qiladi.

Har ikki holat ham jamiyat uchun xavfli emasmi?

Masalaning eng og‘riqli jihati shunda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring