2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’limga 677 mingdan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni doirasida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 5-iyundan 25-iyunga qadar davom etdi. Ro‘yxatdan o‘tish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy sayti orqali amalga oshirildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda jami 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari (66,6 foiz) joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari (33,4 foiz) esa avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan fuqarolardan iborat.
Abituriyentlarning 365 196 nafari (53,9 foiz) ayollar, 312 711 nafari (46,1 foiz) erkaklar hisoblanadi. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Shuningdek, 36,5 ming nafar abituriyent alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarini, 10 581 nafari esa oliy harbiy ta’lim muassasalarini tanlagan.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan xalqaro sertifikatlarning 24 526 tasi tasdiqlangan. Umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar abituriyent milliy yoki xalqaro sertifikatga ega ekani qayd etildi.
Joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 678 nafarni tashkil etgan edi.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘ylab 64 ta yirik yopiq binoda tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent imtihon topshiradi.
Ma’lum qilinishicha, 2026/2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlari 10 kun davomida o‘tkaziladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter