Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

30 yil o‘lim jazosini kutib ham yengilmagan inson hikoyasi

30 yil o‘lim jazosini kutib ham yengilmagan inson hikoyasi

59 yoshli Entoni Rey Xinton qamoqxonadan chiqishda.

Foto: Marvin Gentry / Reuters

Afroamerikalik Entoni Rey Xinton sodir etmagan jinoyati uchun 30 yil qamoqda o‘limini kutib yashadi. Bu vaqt mobaynida u aqldan ozmadi, butun dunyoni yomon ko‘rib qolmadi, aksincha, qamoqdagi qadrdonlarini go‘zallikka oshno qilish uchun adabiyot klubini tashkil etdi. «Lenta.ru» qalb ozodligini hech kim tortib ololmagan inson taqdiri haqida hikoya qilmoqda.

1985-yili Amerikaning Alabama shtatidagi Birmingem shahrida «Mrs Winner’s» restoranida otishma sodir bo‘lib, Jon Devidson ismli ish boshqaruvchi halok bo‘ldi. Bu yerga bir necha bor hujum qilishgan, Devidson esa ikkinchi qurbon edi. Hodisa joyida 38 kalibrli revolverning o‘qidan bo‘lak hech qanday dalil yo‘q edi. Lekin kimnidir qo‘lga olish kerak. Tergovchilardan biri uchta jinoyatdan ko‘ra bittasini ochishni ma’qul ko‘rdi va barcha hujumlar bir odam tomonidan qilingan degan xulosaga keldi. Bu yerda qovurilgan jo‘ja sotiladimi, demak, bu shu atrofda onasi yoki xolasi bilan yashovchi qora tanlining ishi degan qarorga keldi.

29 yoshli Entoni qamalish arafasida. Foto: Scribes.eu

Ushbu ta’riflarga o‘sha paytda 29 yoshda bo‘lgan Entoni juda mos keldi. Politsiyachilar uning uyini tintuv qilib 38 kalibrli revolver topishdi. Tergovni bundan uch yil avval qora tanlilarga nisbatan beshafqat munosabatda bo‘lganligi bois sudlangan tergovchi olib bordi. U Xintonga oq qog‘oz berib, unga imzo qo‘yishini aytdi. Rad etgach, kuch ishlatib imzo qo‘yishga majbur qilishdi. Ayonki, keyinroq ushbu qog‘ozdan uning o‘z jinoyatini tan olganligi haqidagi matn joy oldi. Uning advokat yollashga puli yo‘q edi, eng arzon advokat esa ishni kulgili tarzda yutqazdi. Uning yolg‘on detektoridagi to‘g‘ri javoblari ham, boshlig‘ining jinoyat payti u ish joyida pol yuvayotgani haqidagi ko‘rsatmasi ham hisobga olinmadi.

Nihoyat, u o‘limga hukm qilindi.

Qamoqdagi bir necha yil u uchun azobda o‘tdi. U hech kim bilan gaplashmas, har kunni prokuror Bob Makgregorni o‘ldirishni o‘ylab o‘tkazardi. Unga faqatgina bir umid, sud xatosi aniqlanishiga bo‘lgan umid kuch berardi.

Keyinchalik u boshqa jinoyatchilar bilan gaplasha boshladi. Ular har kuni qilgan jinoyatlarini gapirib hazillashishar edi. Biroz vaqt o‘tgach, u achchiq hayot haqiqatlarini tasavvur bilan yengishga o‘rgandi. U xayolan aktrisa Sandra Bullok bilan turmush qurganini, bir necha bor Buyuk Britaniya qirolichasi bilan choy ichganini tasavvur qilardi.

Bir kuni u boshqa do‘stlariga ham tasavvur dunyosiga g‘arq bo‘lishni o‘rgatishni istadi. Buning uchun ularni adabiyotga oshno qilishga qaror qildi. Sekin-asta u nazoratchilarni adabiyot klubi ochishga, kamerada ikkita kitob saqlashga ko‘ndirdi va mahbuslar oilalaridan kitob jo‘natishni so‘ray boshlashdi.

Oradan o‘n yil o‘tgach, unga omad kulib boqdi. Uning ishi advokat Brayan Stivenson tashkil etgan «Equal Justice Initiative» tashkiloti nazariga tushdi. Ular qotillikda umuman boshqa quroldan foydalanilganini isbotlay olishdi. Ammo prokuror xatoni tan olgisi kelmasdi. U ekspertlar xulosasini qabul qilishdan bosh tortdi, sudya esa bu ishni qayta ko‘rish yo ko‘rmaslikni baholash uchun ikki yarim yil so‘radi.

Alabamadagi barcha instansiyalardan o‘tilgach, yurist ishni Oliy sudga oshirdi.

2015-yilda sud Xintonni ozod qildi. Qamoqxona darvozasi oldida uni yaqinlari va jurnalistlar kutib olishdi. U esa yig‘lar va shukrona aytardi. Biroz o‘ziga kelgach esa shunday dedi: «Ular bor-yo‘g‘i qurolni tekshirib ko‘rishlari kerak bo‘lgan ekan».

Bir marta og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek hozir Xinton ko‘chaga chiqayotib imkoni boricha ko‘zga tashlanishga, kuzatuv kameralariga tushishga harakat qiladi va kunda bir necha marta har xil odamlar bilan telefonda gaplashadi.

«Menga telefon orqali qayerdaligimni aniqlash mumkinligini aytishdi. Agar meni yana biror nimada ayblashsa, qo‘ng‘iroqlarimni tekshirib ko‘rishlarini aytaman va bu meni qamoqdan saqlab qoladi», — deydi u.

U hamon Sandra Bullok va qirolicha bilan uchrashishni orzu qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring