Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adolat muhimmi yoki statistika? Farg‘onadagi «itga talatish» voqeasining ko‘z ilg‘amas qirrasi

Adolat muhimmi yoki statistika? Farg‘onadagi «itga talatish» voqeasining ko‘z ilg‘amas qirrasi

Videodan skrinshot

Farg‘onada fuqarolar o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal, ayni jarayonda bir sho‘rlik itga talangani aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani hamono Ichki ishlar organlari ketma-ket ikkita bayonot berdi.

Avval IIV matbuot kotibi Sh.G‘iyosov (Farg‘ona viloyat IIBga tayanib) voqea 13-may kuni (lavha ijtimoiy tarmoqlarda chiqishidan qariyib 40 kun avval) Farg‘ona shahar A.Jomiy ko‘chasida joylashgan 16-sonli ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgani va «holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilayotgani»ni ma’lum qildi.

Ko‘p o‘tmay Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati voqealik bo‘yicha kengroq ma’lumot berarkan, bilib-bilmay avvalgi axborot inkor qilib qo‘ydi. Ya’nikim, «holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilayotgani»ni esdan chiqarib, allaqchon ma’lum shaxslarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgani-yu sudga yuborilgani, sud esa «delo»ni prokuraturaga qaytarganini bildiradi. E’tiborlisi, keyingi axborotda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qachon qo‘zg‘atilib, qachon sudga yuborilgani, sud «delo»ni qay sababdan prokuraturaga qaytargani haqida lom-mim deyilmaydi.

Ushbu ko‘z ilg‘amas holatga aniqlik kiritish maqsadida Xabar.uz kichik surishtiruv o‘tkazdi.

Ayon bo‘ldiki, Farg‘ona shahar IIO FMB 1-son IIB profilaktika inspektori A.Berdiqulov joriy yilning 25-may kuniyoq nari-beri surishtiruv o‘tkazib, hech kimning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q, degan xulosaga keladi. Va o‘sha kuniyoq uch nafar fuqaroga nisbatan bezorlik va haqorat qilish bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atib, holatni yengillatishga uringan ko‘rinadi.

Yo‘qsa, uning «delo»si sud ostonasidan ortga qaytarilmagan bo‘lardi-da.

Qachonki lavha ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lganidan keyin profilaktika inspektorining vaziyatni xaspo‘shlab qilgan «ijodi» prokuratura tomonidan jiddiroq o‘rganiladi va «...tekshiruv harakatlari bir tomonlama va yuzaki olib borilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlariga bir qator shaxslar jalb qilinmasdan barvaqt va asossiz qaror qabul qilinganligi aniqlandi». Shu tariqa bugun axborot berilganidek, holat yuzasida ma’muriy emas, balki jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Albatta, profilaktika inspektorining qarori bekor qilinishi yangilik holat emas. Bu ish jarayonining bir qismi, yanayam to‘g‘rirog‘i, inspektorning malakasiga bog‘liq masala bo‘lib, buning uchun javobgarlikka tortilish holatlariyam yo‘q darajada. Biroq «itga talatish» voqeasidan jinoyat hidi ufurib turganiga qaramay «uchastkovoy»ning aybdorlarga arzimas jarima bilan qutulib ketish imkoniyatini havola etishi vakolatli organlardan jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi.

Ikkinchidan, bugun jinoyatchilikka qarshi faol kurashilayotgani ma’lum, bu borada statistika ortidan quvilayotgani ham sir emas. Buning ortidan esa o‘z-o‘zidan naq jinoyatni yashirish, buning imkoni bo‘lmasa, yengilroq, masalan, ma’muriyga aylantirish holatlari tobora bo‘y ko‘rsatmoqda. Farg‘onadagi voqea ham statistikani «rasvo qilmaslik» uchun amalga oshirilgan harakatga o‘xshab ko‘rinyapti...

Nima bo‘lgandayam, raqamlar ortidan quvish bilan tinchlik, osoyishtalikni barqaror o‘rnatib bo‘lmaydi, qog‘oznigina bezaydigan statistika fuqarolarning ichki ishlar organlariga nisbatan ishonchini ham oshirmaydi. Mas’ullarning voqelikning ko‘z ilg‘amas tomonlarini berkitib bergan axborotlari ham hali qonun ustuvor, jazo muqarrar, deganiyam emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring