Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

#UzAfg2018: AQSh Davlat departamenti Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasiga munosabat bildirdi (video)

#UzAfg2018: AQSh Davlat departamenti Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasiga munosabat bildirdi (video)

AQSh Davlat departamenti binosi.

Foto: «Deschide.md»

AQSh Davlat departamenti Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi Toshkent konferensiyasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov «Facebook»dagi sahifasida ma’lum qildi.

Ommaviy axborot vositalari huzurida chiqish qilgan AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Xizer Noyert OAVga xalqaro konferensiya haqida, jumladan, quyidagilarni aytib o‘tdi:

«Bugungi matbuot brifingini AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomasa Shennonning tashrifi to‘g‘risidagi e’londan boshlamoqchiman. U Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiyada AQSh delegatsiyasiga boshchilik qildi.

Konferensiyada 27 mamlakat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etib, ular Afg‘oniston rahbariyatiga tinchlik jarayoni yo‘lida yakdil ekanliklarini namoyish qildi. 28 fevral kuni o‘tgan «Kobul jarayoni» konferensiyasiga asoslanib, har bir delegatsiya Prezident Ashraf G‘anining Afg‘onistondagi mojaroni tinch muzokaralar yo‘li bilan tartibga solish va yarashish jarayoniga qo‘shilishga doir taklifini ma’qulladi. Jahon hamjamiyati «Tolibon» o‘zining zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatish uchun mas’ul, degan fikrni birdek yoqlaydi hamda Afg‘onistonning saylangan hukumati bilan tinchlikni muhokama qilishga tayyorlikni namoyon etishga chaqiradi.

Konferensiya yakunida uning ishtirokchilari Toshkent deklaratsiyasini qabul qildilar. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Shennon O‘zbekiston Prezidenti va tashqi ishlar vaziri bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu muloqot mehmondo‘stlik va samimiylik ruhida o‘tdi.

Shuningdek, Shennon Afg‘oniston Prezidenti va qator boshqa delegatsiyalar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘oniston hukumatini tinchlikka erishish yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi hamda Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar rahbariyatining bu boradagi sa’y-harakatlarini yuksak baholaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring