Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh sobiq davlat kotibi Trampning da’vosini rad etdi

AQSh sobiq davlat kotibi Trampning da’vosini rad etdi

Entoni Blinken Toshkentda 2023 yil 1 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Foto: Xabar.uz / Cobir Salim

AQSh sobiq davlat kotibi Entoni Blinken Vashington tomonidan Ukrainaga katta miqdorda ko‘mak ajratilgani, Yevropa esa yetarlicha yordam bermagani haqidagi da’volarga oydinlik kiritdi.

«Biz Ukrainaga bir dollar ko‘mak bergan bo‘lsak, yevropaliklar unga bir yarim dollar qo‘shib taqdim etishdi. Binobarin, yevropaliklar vaziyatdan foydalanib qoldi degan fikr haqiqatni to‘g‘ri kelmaydi», – dedi sobiq davlat kotibi S-Span efirida.

Blinkenga ko‘ra, Amerika tomonidan Ukrainaga ko‘mak sifatida ajratilgan mablag‘larning katta qismi Qo‘shma Shtatlarning o‘zida qolgan. Ya’ni ushbu mablag‘lar AQSh harbiy sanoatini, umuman, iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilgan.

Blinken Vashington nega Kreml tajovuziga uchragan Kiyevga ko‘mak berishga qaror qilganini ham izohlagan.

Siyosatchiga ko‘ra, Rossiya milliy suverenitet va hududiy yaxlitlik kabi xalqaro me’yorlarni ochiq ravishda buzgani bois Vashington jabrdiyda tomonning yonini olgan.

«Agar siz bunday holatni e’tiborsiz qoldirsangiz, Rossiya xohlagan ishini qilishiga izn bersangiz, oqibatda fitna qutisi ochiladi», – degan u.

Blinken Ukraina so‘nggi vaqtlarda Rossiya bilan urushda tashabbusni qo‘lga olgan degan fikrda.

«Oxirgi oylarda ukrainlar yaxshi natijalarga erishdi, rossiyaliklar esa dahshatli yo‘qotishlarga uchradi va amalda ayrim pozitsiyalarni boy berdi», – degan u.

Jo Bayden ma’muriyatida, 2021-2025-yillarda AQSh davlat kotibi lavozimida faoliyat yuritgan Blinkenning bayonotini amaldagi prezident Donald Trampning Ukrainaga qarshi ayblovlariga javob deyish mumkin.

Gap shundaki, Tramp Bayden ma’muriyati davrida Kiyevga bebiliska pul va qurol-yarog‘ berilgani, jumladan, 350 milliard dollar tortiq qilinganini da’vo qilib keladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampning da’vosini rad etib, Qo‘shma Shtatlar ko‘rsatgan jami ko‘mak 100 milliard dollarga yaqin ekani ma’lum qilgan.

Zelenskiyning Vashingtonda Tramp bilan 2025-yil 28 fevral kungi uchrashuvi misli ko‘rilmagan diplomatik mojaroga aylanib ketgan edi. O‘shanda ham tortishuv AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Zelenskiyni Trampga hurmatsizlik qilgani va minnatdorlik bildirmaganlikda ayblaganidan keyin boshlangandi.

Darvoqe, Jey Di Vens bir oycha avval Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib berishni to‘xtatish qarorini Tramp ma’muriyatining asosiy yutuqlaridan biri deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, Vashington endi Ukraina uchun qurol sotib olmaydi va uni yubormaydi. Yevropa davlatlari esa agar xohlasa, Kiyevni mustaqil ravishda qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring