Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«AQShga ketgan iste’dod, «Matiz» narxidagi «Malibu» va Husan Turdialiyev»: kim kimdan xafa bo‘lishi kerak?

«AQShga ketgan iste’dod, «Matiz» narxidagi «Malibu» va Husan Turdialiyev»: kim kimdan xafa bo‘lishi kerak?

Illyustrativ foto

Mojaroning qisqa tarixi

2020-yil 24-dekabrda «Mashhur opa-singil shaxmatchilar terma jamoadan chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘ldi» sarlavhali maqola chop etilgandi. O‘zbekiston tarixida ayollar o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Mo‘minova va uning singillari – grossmeyster Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar terma jamoadan chetlatilgani haqida yozilgandi.

Muammolar yillar davomida yig‘ilib (Anton Filippovning uch yil avval tushgan holatini o‘qing), oxiri «portlagan» bir vaziyatda, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi antiqa bayonot bilan chiqqani ham yodingizdadir. Go‘yo federatsiya hamma ishni joy-joyida qilgan, OAV va sportchilar vaziyatga noto‘g‘ri yondashganday.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda mamlakatimizning eng iqtidorli shaxmatchilari o‘rtasida yuzaga kelayotgan ushbu muammoli vaziyatga vazirlik befarq qarab turmasligini e’lon qilib, bir qancha ishlar olib borgan edi. Shu maqsadda «Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati mavjud vaziyatni xolisona o‘rganish va muammoga adolatli yechim topish maqsadida G.Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan uchrashgan. Unda Gulruhbegimning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘lganligi, iste’dodli shaxmatchi O‘zbekiston terma jamoasiga qaytarilishi, xalqaro maydonlarda jonajon Vatanimiz bayrog‘ini himoya qilishga tayyorligi kabi masalalar ham muhokama qilingan». Lekin mana oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tibdiki, hanuz o‘sha masala hal bo‘lmagan.

Bugungi kunda ham istedodli yosh grossmeysterimiz Gulruhbegim Tohirjonova AQSh terma jamoasi sharafini himoya qilyapti. AQShday katta mamlakatdan ham o‘z «haqqi»ni ajratib olgan sportchi o‘zimizga kerak emasmi?

Gulruhbegim Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan FIDE Jahon Kubogida AQSh terma jamoasida debyut qilib, O‘zbekiston ayollar terma jamoasining vakilalari — Nilufar Yoqubboyeva va Umida Omonovadan yaxshiroq natija qayd etgandi. Gulruhbegim Tohirjonova yaqinda bergan intervyusida O‘zbekistondan ketishiga kim sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. 

Gulruhbegim: Ketishimga Turdaliyev va uni qilgan ishlari sabab bo‘lgan

«Menga oxirgi payt O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida bo‘layotgan ishlar haqida jurnalistlar savollar berishyapti. Shundan kelib chiqib shu va boshqa savollarga ham javob berishga qaror qildim.

«Rostan ham ketishingizga Federatsiya raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lganmi?» – deb so‘rashdi.

Ha, haqiqatan ham ketishimga Turdialiyev va uning qilgan ishlari sabab bo‘lgan. Birinchisi, meni opalarim bilan O‘zbekiston terma jamoasida O‘zbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmagan. Va hech qachon uch opa-singilda hech qaysi turnirda bir vaqtda O‘zbekiston sharafini himoya qilishga imkon bo‘lmagan. Moliyaviy tarafdan 15 yil ichida federatsiya tarafidan qo‘llab-quvvatlanmaganmiz. Bunga o‘xshash vaziyatlar ko‘p va bular haqida gapirib o‘tirmayman.

«O‘zbekistonga qaytib kelasizmi? Qachon qaytasiz?» – degan savollar ham ko‘p bo‘lyapti...

...Qiziqayotganingiz uchun katta rahmat. Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov federatsiya rahbariyatiga kelganidan keyin juda ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ular juda ham yuqori darajadagi, yaxshigina mukofot jamg‘armasiga ega turnirlarni tashkil qilishdi. O‘zbekiston yoshlariga, mamlakat shaxmatiga bo‘lgan qiziqish, munosabat o‘zgardi. Juda katta qo‘llab-quvvatlanish bo‘lyapti. Bu o‘zgarishlarni ko‘rib juda ham quvondim. Men qaytishim mumkin, agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa. Albatta, o‘z yurtim sharafini himoya qilishdan juda ham xursand bo‘lardim. Lekin o‘sha sharoitda men o‘sishim uchun boshqa davlatga ketishim kerak degan qarorga kelgan edim», — degan sportchi intervyuda.

Husan Turdialiyev va «qora toychoq»

«Kun.uz» internet nashri Shaxmat federatsiyasining ayrim moliyaviy operatsiyalari haqida o‘rganishlari natijasida federatsiya balansidagi «Malibu» avtomashinasi 53 mln so‘mga sotilganini aniqlagan edi. Dollarga chaqsak, 5300 dollarga bugun «Malibu» u yoqda tursin, «Matiz» berilmayotgan bir zamonda-ya? Uni sotib olgan MChJ direktori – federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev ekan.

«O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani sababli o‘z faoliyatini qonunchilikka asosan mustaqil amalga oshirilishi sabab, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining saylangan va mustaqil faoliyat olib boradigan taftish komissiyasi tomonidan o‘rganilib tegishli xulosalar berilgan va yuqoridagi narxga baholangan», — deyiladi federatsiya izohida.

«Birinchidan, federatsiya mulki o‘rtacha bozor narxi (taxminan 150 million so‘m)dan qariyb 3 barobar arzonga sotilgan.

Ikkinchidan, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Markaziy shaxmat klubi» MChJ direktori Husan Turdialiyev bir vaqtning o‘zida jamoatchilik asosida Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. «Malibu»ni sotib olgan MChJ ta’sischilaridan biri Jahongir Kamolov esa Shaxmat federatsiyasining IT-menejeri hisoblanadi», — deb yozadi «Kun.uz».

O‘rganishlar natijasida yana bir holat aniqlangan. Shaxmat federatsiyasi 2021-yil 12-yanvarida 1,76 mlrd so‘m va 14-yanvarida 100 mln so‘m, jami 1,86 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larni yana o‘sha «Markaziy Shaxmat Klubi» MChJga o‘tkazib bergan. To‘g‘ri, federatsiya nega berganligi izohini taqdim etgan, ammo bu shubhali holatlardan xoli emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring