Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aslidan ko‘ra «ulyugi» qimmat yoki xo‘jalik paxtasining narxi nega osmonda?

Aslidan ko‘ra «ulyugi» qimmat yoki xo‘jalik paxtasining narxi nega osmonda?

Foto: «SNG.today»

Kelin sarposida yangi ko‘rpa-yostiqlar, ko‘rpachalar bo‘lishi o‘zbekona qadriyatlardan biri. Darvoqe, yap-yangi, ohori to‘kilmagan ko‘rpachalar solingan mehmonxonalarning fayzi-tarovati o‘zgacha bo‘lishi barchaga ma’lum. Shu boisdan to‘yga tayyorgarlik jarayonida xo‘jalik paxtasi uchun sarflanadigan xarajatlar ham bor. Ayni kunda ushbu mahsulot narxlarining keskin oshgani yoki bozor rastalaridan yo‘qolib qolgani ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi.

— Yaqinda qiz uzatdim. Qudalarning talabiga binoan yuz kilogrammdan ziyod paxta (xo‘jalik paxtasi) sotib olishimga to‘g‘ri keldi, — deydi arnasoylik fermer Yulduz Sottiyeva. — Uning har bir kilosiga o‘n besh ming so‘mdan pul to‘ladim. Xolbuki, o‘zimiz paxta yetishtirib, uning eng a’lo navini ikki ming so‘mdan sotyapmiz. Aslida, xo‘jalik paxtasi biz topshirgan xomashyoning chiqindisi — kalta momiq va «ulyug»idan tayyorlanadi. Shunday ekan, nega bu matohning narxi osmonda?

O‘rinli e’tiroz! Shunday emasmi? Ayniqsa, o‘g‘il uylantirgan, qiz uzatganlar, quda-andalar buni yaxshi anglaydilar, deb o‘ylaymiz. Shu singari fikrlardan kelib chiqib poytaxtimizdagi  ayrim do‘konlar, xususan Usta Shirin, Chimkent yo‘li, Yunus ota ko‘chalarida joylashgan savdo nuqtalaridagi xo‘jalik paxtasining narxlari bilan qiziqdik. Ularning barchasida bu ashyoning bahosi 13-14 ming so‘mdan kam emas. Sifati ham haminqadar. Biroq sotuvchilarning tili biyron: narxi hamyonbop, sifatiga gap yo‘q, deyishdan charchashmaydi.

Qaysi zavodda ishlab chiqarilgan, sertifikati bormi? — so‘raymiz sotuvchidan.

—  Oka, O‘zbekistonda zavod qolganmi? — savolga e’tiroz bildiradi u go‘yo mamlakatimizda 100 dan ziyod paxta tozalash zavodi borligini bilmagandek. — Sexlarning maxsuloti-ku bular.

Darhaqiqat, qaysi savdo nuqtasiga bormaylik, birontasida paxta tozalash zavodlarida tayyorlangan ashyoni ko‘rmadik. Barchasida sexlarda tayyorlangan mahsulotlar. Ajabo, yurtimizdagi paxta zavodlari nega bu ish bilan shug‘ullanmay qo‘ygan? Yoki bu narsa ularga foyda keltirmayaptimi?

Bu savollarga javob topish niyatida «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga murojaat qildik. Tashkilot tasarrufidagi korxonalarda paxta xomashyosini qayta ishlash natijasida olinadigan, xo‘jalik paxtasining tarkibiy  qismi bo‘lgan momiq, kalta momiq va paxta «ulyugi»ning umumiy miqdorlari, realizatsiya qilish va sotish tartiblari hamda bunga oid me’yoriy hujjatlar haqida ma’lumotlar, shuningdek yuqorida bayon etilgan muammoni hal etish uchun zarur takliflar berilishini so‘radik.

Foto: «Uzpakhtaexport.uz»

Ko‘rib turganingizdek, savollar u qadar qiyin emas. Aslida, ularga Internet tarmog‘idan ham javob topsak bo‘lardi, biroq «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyatining internetdagi saytidan jamiyat rahbarlarining tarjimai holiyu ruknlardan boshqa ma’lumot topolmadik. Xullas, 11 kundan so‘ng (tezkorlikka qarang) Boshqaruv raisining o‘rinbosari A.Sultonov imzosi bilan quyidagi javob xati olindi:

«O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati Sizning 2018-yil 26-yanvardagi 21-sonli xatingizni belgilangan tartibda o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qiladi. Paxta xom ashyosini paxta tozalash korxonalarida qayta ishlash natijasida paxta tolasi, texnik chigit, momiq(lint), tarkibida ulyuk va kalta momiq /pux/ bo‘lgan sanoat chiqindilari olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-noyabrdagi «Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3408-sonli qarorida  paxta tolasi, paxta momig‘i(lint) va texnik chigit mahsulotlarini iste’molchilarga sotish paxta tozalash korxonalari bilan tuzilgan vositachilik shartnomalari  bo‘yicha «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining 2018-yil 6-yanvardagi 17-F-son farmoyishiga muvofiq paxta lintini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish parametrlariga asosan, «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan 2018-yilda 88000,0 tonna paxta lintini birja savdolar orqali sotish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2017-yil 31-oktyabrda 2017-yil paxta hosili uchun paxta momig‘i, texnik chigit va paxta tozalash sanoati chiqindilarining ulgurji narxlari tasdiqlangan. «O‘zpaxtasanoat» AJ tarkibida «ulyuk» bo‘lgan sanoat chiqindilarini sotib olishda barcha ishlab chiqaruvchilarga teng sotib olish shart-sharoitlarini yaratish oshkoralik, talablarning yagonaligi va sotib olish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, 2018-yil 29-yanvar kuni auksion savdosi o‘tkazildi.

Bugungi kunda «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan tizimdagi barcha paxta tozalash korxonalarida paxta xom ashyosini qayta ishlashdan chiqqan tarkibida kalta momiq (pux) bo‘lgan sanoat chiqindilari to‘liq xatlovdan (inventarizatsiya) o‘tkazilayotgani hamda ushbu mahsulotni sotish tartibi qayta ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilinadi.

Javobdan qoniqish hosil qilish qiyin. Negaki, unda sohaga oid me’yoriy hujjatlar batafsil keltirilgan bo‘lsa-da, muammoni hal etish yuzasidan jo‘yali taklif yoki mulohazalar bildirilmagan. Aslida biz xat yo‘llaganda mushtariylarimiz uchun biror yangilik olishni, oddiy odamlarni o‘ylantirayotgan muammoni hal etish bo‘yicha takliflar aytilishini kutgan edik. Afsuski, yanglishgan ekanmiz. Bizning vazifamiz, mavjud muammoni hal etish emas, balki jamoatchilik nazaridan chetda qolayotgan og‘riqli nuqtalarni, uning qorong‘u joylarini ko‘rsatishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, biz chiroqni yoqdik, xolos.

Yurtimizda bahor nafasi keza boshladi, bayramlar to‘ylarga ulanadi. O‘zbek xonadoni borki, marosimlar tufayli xo‘jalik paxtasiga ehtiyoj sezadi. To‘yboshilarning aytishicha, ayni kunda qiz chiqarish yoki o‘g‘il uylantirish uchun paxtaga sarflanadigan harajat o‘rtacha 4,5 million so‘m atrofida bo‘lmoqda. Buni ko‘pchilikning cho‘ntagi ko‘tarmay, qarz olishiga to‘g‘ri kelayapti.  Shuning uchun, xo‘jalik paxtasiga bo‘lgan talabni hisobga olib uni bozorlarda arzon narxlarda sotish va sun’iy taqchillik yuzaga kelmasligini nazorat qilish lozim.

Norbobo Shakarov


«Jamiyat» gazetasidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring