Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi

Toshkentda axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi

2018 yilning 16 mart kuni Aloqa tarixi muzeyida «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2017 yil yakunlari bo‘yicha axborot xavfsizligi holati» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlari, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi mutaxassislari, tegishli vazirlik va tashkilot vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazining ma’lum qilishicha, Ilmiy-amaliy seminarda mamlakatimiz va dunyo miqiyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot xavfsizligini ta’minlash masalasiga yanada ko‘proq e’tibor qaratishdan iborat. Shuningdek, mazkur yo‘nalishning o‘ta dolzarbligi inobatga olinib, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish, kelgusida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar xususida o‘zaro fikr almashildi.

Bugungi kunda yurtimizda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, axborot xavfsizligi sohasida ishlab chiqilayotgan va takomillashtirilayotgan qonunlar va qonunosti hujjatlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda ushbu jarayonda shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari mamlakatning ustuvor strategik va umummilliy vazifasi hisoblanib, davlat va jamiyat tomonidan o‘zaro mushtarak, birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirilishini talab etadi. Vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlar, biznes tuzilmalarining axborot xavfsizligini ta’minlash, mamlakatimizning milliy manfatlariga xizmat qilish demakdir. Bu, ayniqsa, milliy xavfsizlikka tahdidlar axborot makoni va muhiti orqali amalga oshirilayotgan bir pallada yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Axborot xavfsizligi – keng ko‘lamli va ko‘p qirrali muammodir. Axborotni himoya qilish bilan chegaralanib qolmay, uni nimadan va qanday qilib muhofaza qilishni ham bilish zarurdir.

Seminarda doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2017 yil yakunlari bo‘yicha axborot xavfsizligi holati, «Elektron hukumat» tizimi doirasidagi axborot tizimlari va resurslarini axborot xavfsizligi hodisalari bo‘yicha monitoringi va serverlarda o‘rnatilgan dasturiy ta’minotlardagi zaifliklar to‘g‘risida avtomatik ogohlantirish tizimi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Navbatdagi Respublika ilmiy-amaliy seminari konstruktiv hamda amaliy takliflar, bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Seminar yakunida tadbir qatnashchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring