Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baliqchida zamonaviy to‘qimachilik kompleksi ishga tushiriladi

Baliqchida zamonaviy to‘qimachilik kompleksi ishga tushiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning mamlakatimiz uchun tamoman yangi, zamonaviy shakllarini yaratish uchun huquqiy asos yaratdi.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi «Anteks Group» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Digital Prime Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyatining paxta-to‘qimachilik klasteri ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.

Paxta xom ashyosini yetishtirishdan tortib qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qadar jarayonlarni qamrab olgan mazkur loyihaning umumiy qiymati qariyb 300 milliard so‘mni tashkil etadi.

Uch bosqichli loyihaning dastlabki – paxta xom ashyosini yetishtirish bosqichi 2017-yilda ishga tushirilib, qariyb 10 ming 489 gektarda 30 ming tonna paxta xom ashyosi yig‘ib olingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu maydonda 32 ming 700 gektar hosil yetishtirish ko‘zda tutilmoqda. Ayni paytda «Digital Prime Textile» MChJ tomonidan navbatdagi ikki bosqich - xom ashyoni qayta ishlash va tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish ustida ish olib borilmoqda.

«O‘zsanoatqurilishbank» kredit mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan mazkur korxonalarning ishga tushirilishi natijasida 650 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarishda Shveysariya, Ispaniya, Turkiya, Germaniya va Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilishi tekstil mahsulotlarining jahon bozoridan munosib o‘rin topishiga xizmat qiladi. Chunonchi, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘qimachilik kompleksining yillik eksport hajmi 23 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar paxta tozalash korxonalarini modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarish va paxta xom ashyosini qayta ishlash rentabelligini, shuningdek, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirishga xizmat qiladi.


Reklama huquqi asosida

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring