Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir kilo go‘sht — 28 ming so‘m. Xorazmdagi yangi yil savdo yarmarkalari davom etmoqda (foto)

Bir kilo go‘sht — 28 ming so‘m. Xorazmdagi yangi yil savdo yarmarkalari davom etmoqda (foto)

Foto:Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Xorazm viloyatining shahar va tumanlarida, aholi sergavjum joylarida qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarining savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Unda dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari «Yangi yil yarmarkalari» va «Elga xizmat – beminnat» rastalarida 30 dan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aholiga arzon narxlarda taklif etilmoqda.

Birgina Urganch shahrida joylashgan Markaziy dehqon bozori oldida tashkil etilgan yarmarkada viloyatning barcha tumanlari uchun alohida rastalar ajratilgan bo‘lib, bu yerda qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar, dehqonlar ona zaminimizda yetishtirilgan turli xil oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan aholiga xizmat ko‘rsatmoqdalar. Bayramoldi yarmarkalarda mahsulotlar narxining bozorga nisbatan arzonligi aholiga manzur bo‘lmoqda.

Foto:Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Joriy yilning 10 dekabridan faoliyat  boshlagan savdo yarmarkalarida bir kilogramm mol go‘shti — 28 000 so‘m, tovuq go‘shti — 15 000, baliq — 10 000 so‘m, guruch — 5500 so‘m, tuxum (donasi) — 400 so‘m, 1 kg kartoshka 1800 so‘m, 1 kg sabzi 1000 so‘m, 1 kg piyoz 700, 1 litr pista yog‘i 9.500 so‘m, bir qop un 84 ming so‘m etib belgilan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasining amaliy ko‘magi bilan joylarda tashkil etilgan  savdo yarmarkalarida mahsulot narxlarni bir xil ushlab turishga, aholiga qulay savdo sharoitini yaratishga hamda to‘lovni plastik kartochkalar orqali ham amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahsulotlarning uzluksizligini ta’minlash uchun ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari biriktirilgan. Har bir tuman uchun ajratilgan savdo rastalari xo‘l mevalar, poliz ekinlari, guruch, tuxum kabi iste’molbop mahsulotlarga to‘la. Bu yerda xaridorga sotilayotgan mahsulotlarning narxlari bozorda savdo qiladigan doimiy tadbirkorlarnikidan ancha arzon va hamyonbop.

Kuzatuvimiz davomida, Bog‘ot, Yangibozor, Honqa tumanlaridagi dehqon bozorlarida tashkil tilgan savdo yarmarkalarida ham bo‘ldik. Viloyatimizning olis hududlaridagi bozorlarda ham talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning narxlari orasida unchalik katta farq yo‘qligi bizni quvontirdi.

Foto:Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Har bir yarmarka hududiga o‘rnatilgan, hashamatli, rango rang bezatilgan archalar, ular atrofida san’atkorlar hamda ertak qahramonlari ishtirokida tashkil etilayotgan konsert dasturlari aholining, ayniqsa, bolajonlarning quvonchiga quvonch qo‘shmoqda.

Bayram arafasida yarmarkaga tashrif buyurgan kattayu kichik  yurtdoshlarimiz yuzlarida tabassum, tillarida shirin so‘zu, qalblarida shukronalik hissi jo‘sh urmoqda. Bu yerda chinakam yasatilgan yangi yil archasi, san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bolajonlarga quvonch ulashmoqda.  Dehqonlarimiz esa o‘zlari yetishtirgan olma, uzum, qovun, tarvuz, kartoshka, piyoz, oshqovoq, sabzi kabi turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga arzon bahoda sotib, bayram dasturxonini boyitishga o‘z hissasini qo‘shmoqdalar.

Yangi yil bayram yarmarkasi 2019-yilning 5-yanvar kuniga qadar davom etadi.

Dilrabo KURYaZOVA

jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring