Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolaga necha yoshidan kompyuterga ruxsat berish kerak?

Bolaga necha yoshidan kompyuterga ruxsat berish kerak?

Foto: «sharpsight.in»

Xalqaro nufuzga ega klinik psixolog Ketrin Shtayner-Ader o‘zining «The Big Disconnect» («Ulkan ajratgich») kitobida bola va kompyuter munosabatlari masalasini ko‘targan. Kitobning «Texnologiya — bolalik kushandasi» bo‘limida yozilishicha, kompyuter, smartfonu planshetlarga sarflangan vaqt keyinchalik bolalarning o‘zaro va tashqi dunyo bilan muloqotga kirishishlarini qiyinlashtiradi.

Bola nima o‘ynayapti, internetda kim bilan muloqot qilyapti-yu nimalarni o‘rganyapti — bularni ota-onalar yaxshi bilishi lozim, deydi muallif. Internetning yaxshi tomonlari ko‘p, biroq kompyuter o‘yinlari, ekran yuzasiga tinmay qalqib chiquvchi reklamalar, ijtimoiy tarmoqlar, axloqiy buzuqlik koni bo‘lgan veb-saytlar bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Psixologning aytishicha, global tarmoqning eng katta xavfi aynan bolalarning o‘z yoshiga mos bo‘lmagan axborotga duch kelishidir.

Bugungi bolalar elektron qurilmalarga juda chanqoq (ayniqsa smartfon va planshetlarga): oddiy o‘yinchoq olib bersangiz uzog‘i bilan bir kun o‘ynaydi yoki yo‘q. Keyin navbat yana smartfonga...

Go‘dakning qurilmadagi tugmalarni bosishni yaxshi ko‘rishi va video tomosha qila olishi aslo uning kompyuterda ishlashga tayyor ekanini anglatmaydi.

Karolin Jeyns,
Bolalar uchun o‘rgatuvchi onlayn mahsulotlar chiqaruvchi Leapfrog Enterprises kompaniyasi xodimi

Jeynsning ta’kidlashicha, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar dunyoni real harakatlar va munosabatlar orqali anglaydi. Bola kompyuter qarshisida o‘tkazgan vaqtda esa bu narsa sodir bo‘lmaydi. Bolalarni uch yoshidan elektron qurilmalar bilan tanishtirishni boshlash mumkin, deydi Jeyns. Ammo kompyuter va planshetlardan bolalar faqat maxsus kompaniyalar ishlab chiqqan ta’lim kontentini o‘rganish maqsadida foydalanishlari kerak.

Aksariyat ekspertlar bola avval maktab yoshiga yetishini kutishni va shundan keyingina uni kompyuterga yaqinlashtirishni tavsiya qilishadi. Manata (Florida, AQSh) maktab okrugi ta’lim texnologiyalari kuratori Jenni Galindoning aytishicha, ko‘p narsa bolaning qurilmadan qanday foydalanishiga bog‘liq: ya’ni u ota-ona nazorati ostidami yoki ko‘chada o‘ynayaptimi?

— Nazorat muhitida hatto 4-5 yoshli bolalar ham smartfon yoki planshetdan foydalanishlari mumkin, chunki ular biron nimani o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Nazoratsiz muhit (bola uyda yolg‘iz qolishi, ko‘chada bo‘lishi)da esa bola to 11-13 yoshga yetmagunicha unga smartfon va planshet olib berish tavsiya etilmaydi, — deydi Jenni Galindo.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring