Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh qashishga vaqt yo‘q: «Tashkent Law Spring» eshik qoqmoqda!

Bosh qashishga vaqt yo‘q: «Tashkent Law Spring» eshik qoqmoqda!

Bugun Adliya vazirligida ish har qachongidan qizg‘in. Ikki kundan so‘ng «Tashkent Law Spring», ya’ni «Toshkent huquq bahori» Xalqaro yuridik forumi ish boshlaydi. Ayni tadbirga mas’ullar, jindek mubolag‘a bilan aytsak, tunni tongga ulashmoqda. Bunaqa forum doim ham o‘tkazilavermaydi-da. Yana deng Xalqaro darajada!

Forumni tashkil qilishdan bir nechta maqsadlar qo‘zlangan. Xususan, jahon yuridik hamjamiyatini O‘zbekiston qonunchiligi bilan yaqinroq tanishtirish, ularga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida xolis va keng ma’lumotlar beriladi.

Huquq sohasidagi yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislar, ekspertlar, olimlarni bir joyga to‘plab, zamonaviy yuridik fan va amaliyotning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashi koni foyda, eng muhimi, Forum muhokamalari natijalari milliy huquq tizimi rivojiga yaxshigina turtki beradi.

Forumda Singapur, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Afg‘oniston, Belarus, Ozarbayjon Adliya vazirliklari hamda Koreya Respublikasi Davlat qonunchiligi vazirligi delegatsiyalari ishtiroki kutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, umumiy ishtirokchilar soni ko‘pi bilan 800 kishi bo‘lishi chamalangandi. Biroq amalda 1 000 nafardan ortiq kishi qatnashadigan bo‘ldi. Shulardan 244 nafari — xorijiy mehmonlar.

Forumda qatnashish uchun 30 dan ortiq mamlakatlar vakillari ro‘yxatdan o‘tdilar (Avstraliya, Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va boshqalar).

Forumga qiziqish ko‘pligidan ro‘yxatdan o‘tish muddatini 5 kun oldin to‘xtatishga majbur bo‘lindi.

Forumning asosiy tadbirlari doirasida 25 va 26-aprel kunlari uchta yo‘nalishda 17 ta muhokama sessiyalari bo‘lib o‘tadi:

  1. «Sifatli davlat boshqaruvi».
  2. «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish» yo‘nalishi.
  3. «Faol investitsion siyosat» yo‘nalishi.

Bu sessiyalarda 134 nafar ekspert ma’ruza qiladi va ulardan 100 nafari xorijlik ekspertlardir.

Ma’ruzachilar orasida Amerika yuristlari assotsiatsiyasi Huquq ustuvorligi bo‘limi direktori, Garvard universiteti professori Alberto Mora, Mulk huquqi alyansi ijrochi direktori (The Property Rights Alliance, PRA) Lorenzo Montanari, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining raisi, «White & Case» xalqaro yuridik firmasi hamkori Kerolin Lemm, Yevropa nizolarni hal etish markazi prezidenti Alesh Zalar, Rossiya Federatsiyasi Advokatlar palatasi prezidenti Yuriy Pilipenko, Huquqiy rivojlanish xalqaro tashkiloti (HRXT) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Fred Xyuston va boshqa taniqli ekspertlar bor.

Bundan tashqari, «Sud ekspertizasi» va «Notariat» mavzulariga oid davra suhbatlari, «Yuridik kompaniya boshqaruvi: muvaffaqiyat sirlari» va «Investitsiya loyihalarini boshqarish» mavzularida mahorat darslari o‘tkaziladi.

Shuningdek, Forum tadbirlari doirasida «Yilning eng yaxshi advokati», «Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi», «Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Forum tadbirlari o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.

Tadbir haqidagi barcha ma’lumotlar bilan «Tashkent Law Spring» — rasmiy saytida tanishish mumkin.

Mazkur tadbir jarayonlarini yoritish uchun 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring