BP Ustyurtdagi neft-gaz bloklarining 40 foiz ulushini sotib oldi
Britaniyaning yirik energetika kompaniyasi – British Petroleum (BP) Ustyurt hududidagi mahsulot taqsimotiga oid bitimga qo‘shildi.
Mazkur bitim Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt mintaqasida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston neft va gazi – 2026» xalqaro konferensiyasi doirasida imzolangan kelishuvda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, SOCAR kompaniyasi prezidenti (Ozarbayjon) Rovshan Najaf hamda BP kompaniyasining Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Djiovanni Kristofoli ishtirok etdi.
Mazkur loyiha kompaniyaning O‘zbekistondagi ilk tashabbusi bo‘lib, u «O‘zbekneftgaz» va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, katta resurs salohiyatiga ega bO‘lgan ushbu loyiha neft-gaz resurslarini qidirish va o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirish va uzoq muddatli manfaatlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) BP kompaniyasining qidiruv portfelini kengaytirish va uzoq muddatli o‘sish strategiyasining muhim qismi ekani aytildi.
Bitimdagi tomonlarning ulushlari quyidagicha belgilangan:
- BP kompaniyasi – 40 foiz;
- SOCAR kompaniyasi – 30 foiz;
- «O‘zbekneftgaz» AJ – 30 foiz.
Ma’lumot uchun, ushbu MTB dastlab 2025-yil 24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zbekneftgaz» va SOCAR o‘rtasida imzolangan. Ayni paytda loyiha birinchi bosqichda bo‘lib, SOCAR operator sifatida seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter