Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo oltinlari qayerda saqlanadi?

Dunyo oltinlari qayerda saqlanadi?

Angliya banki to‘qqizta omborda 430 000 ga yaqin oltin quymasini saqlaydi.

Foto: Angliya banki

Markaziy banklar oltinga «yopishib» olgan hozirgi paytda bir muhim savol tug‘iladi: shuncha xazinani qayerda saqlash kerak? Oltin shunchaki omborda turishi emas, balki har qanday inqirozda «yong‘in o‘chirgich»dek tez va xavfsiz ishlashi zarur.

Dunyo tahlikada qolganda oltinning qadri yanada oshdi, lekin bir nozik jihat ham yuzaga chiqdi: bu qimmatbaho metallning foydasi uning vaznida emas, balki qayerda turganida. Agar oltin to‘g‘ri joyda saqlanmasa, eng og‘ir damda u shunchaki «o‘lik yuk»ka aylanib qolishi mumkin.

Jahondagi eng yirik ikkita oltin ombori Nyu-York va Londonda joylashgan: u yerda Nyu-York Federal zaxira banki va Angliya banki xorijiy markaziy banklar va boshqa muassasalarning zaxiralarini saqlaydi. Bu ikki shahar oltin savdosi bo‘yicha dunyodagi eng yirik xablar hisoblanadi; har ikkisi ham bir asrdan oshuvchi ishonchli va xavfsiz saqlash tarixiga ega.

Nyu-York Federal zaxira bankida 500 000 dan ortiq oltin quymasi mavjud — 2024-yil yakunlariga ko‘ra, bu dunyodagi eng yirik yagona monetar oltin ombori edi. Eng yuqori ko‘rsatkich 1973-yilda, AQSh dollarning oltin bilan ta’minlanishidan voz kechganidan ko‘p o‘tmay qayd etilgan. Bu qadam aslida oltinni jahon moliya tizimidagi markaziy o‘rnidan mahrum qildi.

1970-yildan beri ko‘plab rivojlangan Yevropa davlatlari va AQSh markaziy banklari sotib olgandan ko‘ra ko‘proq oltin sotishdi. Shunga qaramay, Brookings Institution tahliliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil oxiriga kelib, jahon oltin zaxiralarining 57 foizi aynan shu markaziy banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng yirik zaxiralar AQShda, undan keyin Germaniya, Italiya va Fransiya turadi. Bugungi kunda asosiy xaridorlar — iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarning markaziy banklaridir.

Odatda, Nyu-York yoki Londonda oltin saqlash borasida faqat sanksiyalar xavfi ostida bo‘lgan davlatlargina xavotir olishardi. Bunga eng yorqin misol — Venesuela. Ushbu mamlakat Angliya banki omborlarida muzlatib qo‘yilgan o‘z oltinlarini qaytarish uchun uzoq yillardan buyon umidsiz sudma-sud yuribdi. Bu voqea boshqa davlatlar uchun ham jiddiy saboq bo‘ldi: xazinaning kaliti o‘z qo‘lingizda emas ekan, u har qanday daqiqada siyosiy o‘yinlar qurboniga aylanishi mumkin.

Xavotir — yuqumli kasallik. Prezident Trampning Yevropaga nisbatan bot-bot tanqid va bosimlari ayrim hukumatlar rahbarlarini oltinni o‘zimizda saqlagan ma’qulmikin, deb o‘ylantirib qo‘ydi. Hozircha oltinni repatriatsiya qilish (ortga qaytarish) chaqiriqlari Yevropada onda-sonda bo‘lib, asosan Germaniya va Italiyadagi ayrim qonun chiqaruvchilar va iqtisodchilardan chiqmoqda.

Germaniya o‘z oltinining bir qismini o‘n yil avval repatriatsiya qilgan edi, hozirda zaxiralarining uchdan bir qismini Nyu-Yorkda, qolganini Londonda va taxminan yarmini mamlakat ichida saqlaydi. Italiya oltin zaxirasining qariyb 44 foizi mamlakat ichida, shuncha qismi Nyu-Yorkda, qolgani esa Buyuk Britaniya va Shveysariyada saqlanadi. Germaniya va Italiya markaziy banklari o‘z oltinlarini uyga qaytarish niyatida emasliklarini ma’lum qilishgan.

Oltinni Nyu-York va Londonda saqlashning sabablaridan biri — bu markaziy banklarning xavfsizlik masalasidagi benuqson obro‘sidir. Ularning omborlaridan hech qachon, hatto tashish paytida ham oltin o‘g‘irlanmagan. Ikkinchi jahon urushi paytida London oltini xavfsizlik maqsadida bir necha yilga maxfiy ravishda Kanadaga ko‘chirilgan edi.

Nyu-Yorkdagi oltin quymalar birjasi.
Foto: Eshli Gilbertson / The New York Times

Yana bir sabab — likvidlik. «Ular oltinni ehtimoliy bitimlar amalga oshiriladigan joylarga yaqinroq saqlashni xohlashadi», — deb tushuntirdi Jahon oltin kengashining katta tahlilchisi Krishan Gopaul.

Angliya banki boshqaruvchisi Endryu Beyli yaqinda Sky News telekanaliga bergan intervyusida 60 dan ortiq markaziy bank o‘z oltinini Angliya bankida saqlashini aytdi. Angliya banki to‘qqizta omborda 430 000 ga yaqin oltin quymasini saqlaydi — bu markaziy banklarga oltinni bank vasiyligidan chiqarmasdan bir-birlariga sotish va sotib olish imkonini beradi.

60 dan ortiq mamlakat markaziy banklari oltinlari Angliya bankida saqlanadi.
Foto: Jozef Horton / The New York Times

Saqlash masalasi zaxiralarini ko‘paytirayotgan davlatlar uchun ayniqsa dolzarbdir. Hindiston umumiy oltin zaxiralarini oshirish bilan birga, Angliya bankida saqlanadigan oltin ulushini kamaytirdi.

Turkiya mamlakat ichidagi oltin hajmini oshirib, 2017-yilda Nyu-York Federal zaxira bankidan, bir yildan so‘ng esa Shveysariyadan barcha oltinlarini olib chiqib ketdi. Shuningdek, turklar Angliya bankidagi zaxiralarini ham kamaytirishgandi, biroq keyinchalik Londondagi bu zaxiralar qayta tiklandi, chunki u yerda oltindan bitimlar uchun foydalanish qulayroq.

2017-yilda o‘z oltinlarini Nyu-York Federal zaxira bankidan olib chiqqan Turkiya markaziy banki.
Foto: Adem Altan / Agence FrancePresse — Getty Images

Polsha markaziy banki oltin zaxiralarining faqat 20 foizi mamlakat ichida saqlanadi, qolgani Nyu-York Federal zaxira banki va Angliya bankida. Ammo kelajakda mamlakatimiz Nyu-York va London o‘rtasida teng taqsimotga erishishni rejalashtirgan, deydi Polsha milliy banki rahbari Adam Glapinskiy.

Oltinni mamlakat ichida saqlash — geografik diversifikatsiyaning asosidir. Buning sababi oddiy: milliy barqarorlik va strategik muqobillik, — dedi u. — Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam: men yaqin kelajakda biron bir ekstremal ssenariyni ko‘rmayapman, lekin mening vazifam — ular yuz berajak ehtimoliy holatlar uchun oldindan reja tuzishdir.

Qo‘shnisidan farqli o‘laroq, Chexiya markaziy banki deyarli barcha oltinlarini Londonda qoldirishga qaror qildi. U yerda oltinni boshqa markaziy banklarga ijaraga berish va daromad olish mumkin. «London — bu Yevropadagi oltin bozori. Biz Angliya banki omborlaridan foydalanib, tranzaksiya xarajatlarini tejaymiz», — dedi Chexiya markaziy banki boshqaruv kengashi a’zosi Yan Kubichek.

Tushunarli sabablarga ko‘ra, ko‘plab markaziy banklar oltin zaxiralarining qayerda joylashganini qattiq sir tutishadi. Masalan, Xitoy markaziy banki so‘nggi yillarda eng yirik xaridorlardan biri bo‘lib, ketma-ket 17 oy davomida oltin sotib oldi, ammo uning zaxiralari qayerdaligi haqida ma’lumotlar juda oz. Braziliya markaziy banki o‘tgan yil oxirida to‘rt yil ichida ilk bor oltin zaxiralarini ko‘paytirdi, lekin ularni qayerga joylashtirganini ochiqlamadi.

Garchi o‘n yillar davomida Nyu-York va London oltin bozorining mutlaq hukmdori bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, endi ularning taxtiga Honkong da’vogarlik qilmoqda. G‘arbdan mustaqil muqobil izlayotganlar uchun Honkong yangi va qudratli «xazinaxona»ga aylanishga intilyapti.

Jahon oltin kengashining prognozi esa aniq: markaziy banklarning oltinga ishtiyoqi pasaymaydi. Demak, oltinni nafaqat sotib olish, balki uni siyosiy bo‘ronlardan xoli, xavfsiz panohda saqlash masalasi dunyo kun tartibidagi eng qaynoq mavzulardan bo‘lib qolaveradi.

Manba: The New York Times

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring