Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun qanday kunligini bilasizmi?

Bugun qanday kunligini bilasizmi?

Foto: «Lexisnexis.co.uk»

1997 yildan beri yurtimizda 1 oktyabr Ustoz va murabbiylar kuni sifatida nishonlab kelinadi va bu kunda ulug‘ murabbiylarimizga yanada ehtirom ko‘rsatiladi. Ustozlar uchun bu kabi maxsus kun deyarli hamma davlatlarda bor. Ammo buni qarangki, Xalqaro Murabbiylar kuni ham mavjud bo‘lib, u 5 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Ustozlar kunini yuzlab mamlakatlar aynan ushbu sanada nishonlaydilar. Bizniki bilan sanalar orasidagi tafovut unchalik katta emas. Birgina kunning o‘zida qanchadan qancha xalqaro yoki mahalliy bayramlar nishonlanadi. Bu haqda har doim ham yetarli ma’lumotga ega bo‘lavermaymiz. 1 oktyabr, ya’ni bugun yana qanday xalqaro kunlar nishonlanadi? Bilmasangiz maqolani o‘qib ko‘ring!

Jahon vegetarianlar kuni

Jahon Vegetarianlar kuni birinchi bo‘lib Shimoliy Amerika Vegetarian Jamiyati tomonidan 1977 yilda tashkillashtirilgan. Bir yil o‘tib uni Xalqaro Vegetarian Tashkiloti ham qabul qildi. 10 yil ichida asta-sekin bu kun odamlar ichida ancha ommalashdi. Hozirda eng ko‘p vegetarian aholiga ega mamlakat Hindiston hisoblanadi. Mashhur vegetarianlar qatoriga Mahatma Gandi, Jeyn Gudall, Benjamin Franklin, Isaak Nyuton, Mark Tven va Genri Fordlarni kiritishimiz mumkin.

Bu kun barchamizni sabzavot va mevalar iste’moliga ko‘proq undaydi. Son-sanoqsiz tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, meva va sabzavotlarga to‘la oziq sog‘igimiz uchun koni foyda. Vegetarianlar o‘zlarining sog‘ligi uchun hayvonlarni o‘ldirib oziqlanmaslik yo‘lini qat’iy belgilab olganlar.

Vegetarian – so‘zining ma’nosi ham go‘sht yemaydiganlardir. Bu baliq va boshqa dengiz mahsulotlarini ham o‘z ichiga oladi. Vegetarianlar axloq jihatdan hayvonlarni o‘ldirilishiga, shuningdek turli ferma va qushxonalarda jonivorlarga yomon munosabatda bo‘lishlariga ham qarshi. Ularning bu xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi guruh va tashkilotlar ko‘p.

Xalqaro qariyalar kuni

Bu kun dunyodagi barcha keksalarga g‘amxo‘rlik qilish, hurmat va izzat-ikrom ko‘rsatishga bag‘ishlanadi. 1991 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh assambleyasi 1 oktyabrni Xalqaro Keksalar Kuni deb belgiladi. Ha, axir biz ham qachondir bu guruhning ichidan joy olamizku.

Bilasizmi? BMT tarkibiga e’tibor berilsa, u yerda faoliyat yuritayotgan har 10 kishidan biri 60 yosh yoki undan kattaroq. 2050 yilgacha bu ko‘rsatkich har 5 nafardan birni, 2150 yilga kelib esa bu har uch nafardan bir kishini tashkil qilar ekan.

Xalqaro qahva kuni

Ko‘pchilik tongda kofe ichmasdan biror ishga qo‘l urolmaydi. Kofega mukkasidan ketgan mashhurlar sirasiga Balzak (1kunda 40 finjon), Voltaire (bir kunda 50 finjondan ko‘proq) kiradi. Shuningdek Bethoven ham kofeni yoqtiruvchi inson bo‘lib, u har bir finjonga 60 ta kofe donachalarini solib iste’mol qilgan ekan.

Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar yilning turli vaqtlarida o‘zlarining Milliy Kofe kunlarini nishonlaydilar. Masalan, eng ko‘p kofe ishlab chiqaruvchi Braziliyada u 24 mayda, eng ko‘p kofe istemolchilariga ega AQShda esa 29 sentyabrda. Aslida bayram qilish uchun har kuni ajoyib kun bo‘la oladi. Shunga qaramay, Xalqaro Kofe Tashkiloti a’zolari va ularning assotsiatsiyalari 1 oktyabrni yer shari bo‘ylab nishonlanadigan kofe kuni qilib tanlashgan.

Ana shunaqa gaplar. Xo‘o‘sh, bugunni qanday o‘tkazsam ekan deb o‘ylanib qolgan bo‘lsangiz, buning yo‘li oson. Siz uchun qardli bo‘lgan katta yoshli ustozingizni sog‘ligi uchun foydali sabzavot bilan to‘yingan taom va albatta ularga xush keluvchi kofe bilan mehmon qiling.

Dildora To‘ychiyeva

O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring