Buxorodagi yong‘inda bir necha uy yonib ketdi: tafsilotlar
Joriy yilning 6 may kuni Buxoro shahridagi Dehcha mahallasida kuchli yong‘in sodir bo‘lgan. Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan soat 13:27 da «112» tizimidan xabar kelib tushgan. Ayni shu paytda havo harorati +34° darajadan yuqori bo‘lgan.
Manbaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, havoning yuqori harorati ham yong‘inning yanayam vahimali tus olishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan jalb qilingan 4 ta qutqaruv bo‘linmalari soat 13:37 da manzilga yetib borgan. Yong‘in 14:50 da batamom o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, yashash uyining 170 kv.m. maydonda tom va ichki qismi, shuningdek, qo‘shnisining 80 kv.m. maydonda uyining tom qismi yongan.
Yong‘in oqibatida fuqarolarning tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan.
— Ayni yong‘in sodir bo‘layotgan vaqtda shu manzilga yaqin hududdan o‘tib ketayotgan edik. Yong‘in juda kuchli, tutuni osmon qadar bo‘ylayotgan edi. Juda ko‘p odamlar to‘planishgandi. Hamma nimadir yordam berishga harakat qildi. Ammo, falokat sodir bo‘lgan joyga yaqinlashishning o‘zi ham juda qiyin edi. Kamda 2-3 ta xonadon talofat ko‘rgandi,—deydi yong‘in haqida xabar bergan manba.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsli muhokamalarda ziyon ko‘rgan xonadonlarning 2 tadan ortiq ekani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa yong‘in oqibatida 2 ta shaxsning xonadoni jiddiy talofat ko‘rgani qayd etilgan.
Hozirda yong‘inning sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.
Mavzuga qaytamiz.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter