BYD: Avtopilot avtohalokatga sabab bo‘lsa, barcha xarajatni to‘laymiz!
Xitoyning elektromobillar giganti BYD kompaniyasi global avtosanoatda kutilmagan va tarixiy qadam tashladi. Endilikda kompaniya o‘z avtomobillaridagi avtopilot tizimi aybi bilan sodir bo‘lgan har qanday yo‘l-transport hodisasi (YTH) uchun to‘liq moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
Bu yangilik shunchaki marketing emas, balki sun’iy intellekt va avtonom boshqaruv texnologiyalariga bo‘lgan ulkan ishonch ifodasidir. Shuningdek, BYD tomonidan e’lon qilingan kafolat dasturi nafaqat avtomobil egalarini, balki jamiyat xavfsizligini ham qamrab oladi.
YTH oqibatida boshqa transport vositalari, yo‘l belgilari yoki boshqa shaxslarning mulkiga yetkazilgan barcha moddiy zararlar qoplab beriladi. Agar YTH tufayli jabrlanganlar bo‘lsa, ularni davolash va reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar kompaniya tomonidan to‘lanadi.
Ushbu dastur faqat BYDning eng so‘nggi avlod «Smart Driving» (aqlli boshqaruv) tizimiga ega elektromobillari uchun bo‘lib, kafolat avtomobilni xarid qilgan yoki tizimni yangilagan kundan boshlab birinchi bir yil davomida amal qiladi.
Dunyo bo‘ylab avtopilotlar borasidagi asosiy bahs — "mashina xato qilsa, kim javobgar?" — savoliga BYD birinchi bo‘lib mardlarcha javob berdi. Ko‘pchilik kompaniyalar bunday mas’uliyatdan qochib, uni sug‘urta yoki haydovchi zimmasiga yuklashga urinadi.
BYDning bu qarori butun avtomobil sanoati uchun yangi standartni o‘rnatmoqda. Agar Xitoyda o‘tkazilayotgan ushbu "eksperiment" o‘zini oqlasa, ertagayoq boshqa yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham shunday majburiyatlarni bo‘yniga olishga majbur bo‘lishadi. Bu esa o‘z navbatida, yo‘llardagi xavfsizlikni yanada kuchaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, hozircha ushbu kafolat faqat Xitoy hududida amal qiladi. Biroq kompaniyaning jadal rivojlanishini hisobga olsak, yaqin kelajakda bu tajriba xalqaro miqyosga, xususan, O‘zbekiston bozoriga ham kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter