Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chet elliklar nima deb o‘ylashadi? Avlodlarchi?

Chet elliklar nima deb o‘ylashadi? Avlodlarchi?

Foto: nuz.uz

Kecha, 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi moddiy madaniy meros ob’yektlari, chunonchi, Qoraqalpog‘istondagi Qizilqal’a yodgorligi va Shamun Nabiy maqbarasi hamda Buxorodagi Abdulazizxon madrasasini asrash masalalariga bag‘ishlab matbuot anjumanini o‘tkazdi.

Foto: Madaniyat vazirligi

O‘tkazmasa ham bo‘lmasdi-da. Ommaviy axborot vositalari bejiz jar soldimi axir? Ming yillik tarix-a! Uvol-a!..

Foto: Madaniyat vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Akilova:

— Tan olish kerak, bizda madaniy meros obidalarini restavratsiya va konservatsiya qilish ishlari talab darajasida emas. Ikki jarayonni bir-biriga aralashtirib yuborish oqibatida madaniy yodgorliklarimiz o‘z aksini yo‘qotmoqda. Bu sohada ayni kundagi muammo restavratsiya va konservatsiya qilishning tub mohiyatini tushunadigan mutaxassislarning yetishmayotganligidir. Biz madaniy yodgorliklarni yamab, bo‘yab emas, balki, asl holatini saqlagan holda kelajak avlodga yetkazishimiz lozim. Bu kabi masalalarni ilmiy yondashuvlarsiz hal qilib bo‘lmaydi.

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniyat vazirligi jamoatchilik kengashi raisi Zafar Hakimov:

— Madaniy meros obidalarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish yoki ta’mirlashga hech kimning haqqi yo‘q. Yodgorliklarni restavratsiya va konservatsiya qilish degani uni yangitdan qurish degani emas, balki aslini o‘zgartirmagan holda ta’mirlash demakdir. Ammo Shamun Nabiy maqbarasi qaysi davrda qay holatda o‘zgarganligi to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin. Bu jiddiy masala, ushbu holatni tekshirish va o‘rganishlarsiz bir qarorga kelish noo‘rin. Maqbaraning avvalgi holatida hech qanday bezaklarning mavjud emasligini inobatga olgan holda, uning konstruksiyasi va ichki ko‘rinishi saqlanib qolingan bo‘lsa hech qanday katta xato yo‘q.

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi inspeksiyasi boshlig‘i Quanishbek Sharipov:

— Xo‘jayli tumanidagi Mizdakxon kompleksidagi Mazlumxon suluv qabristoni avariya holatiga kelib qolganligi sababli mahalliy ziyoratchilarning og‘zaki murojaatlarini inobatga olgan holda, qayta ta’mirlash taklifi berildi. Maqbara achinarli holatga kelib qolgandi, xususan, ichki tomoniga yomg‘ir o‘tib o‘rtadagi ikki gumbaz g‘ishtlari qulab tushganligi sabab atrofida aylanib yurish imkoni yo‘q edi. Maqbaraning kirish qismi ham qulab qolgan bo‘lib, ichkariga kirish xavfli edi.

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Bosh boshqarmasi bosh inspektori G‘iyosiddin Rejabov:

— Bu masala bo‘yicha malakali, bilimli ekspertlar komissiyasi tayinlanadi. Arxiv hujjatlarini qiyosiy tahlil qilish natijasida ekspertiza xulosasi paydo bo‘lishi lozim. Agar ekspertlar ushbu holatning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini isbotlasa qonuniy chora ko‘rilishi shart. Tekshiruv komissiyasi va ekspert xulosasi chiqmaguncha xulosa chiqarish noo‘rin deb o‘ylayman.

Foto: Madaniyat vazirligi

Matbuot anjumanida Madaniyat vazirligining matbuot kotibi OAV vakillariga shunday murojaat qilgan:

— Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va asrab-avaylashga barchamiz mas’ulmiz, chunki ular bizning dunyoga mashhur boyliklarimiz, siz bilan biz har bir maqolani yozishdan va uni ommalashtirishdan oldin asl dalillarga suyanishimiz lozim, agarda har bir yodgorlik xalqimizga buzib tashlangan degan nomlar bilan tarqatilsa, xalqimiz va O‘zbekistonda madaniy meros ob’yektlarining holati yuzasidan xorij davlatlaridagi kuzatuvchilar qanday xulosalarga ega bo‘lishadi?

Shunaqa gaplar...   

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring