Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganiga 1 yil to‘ldi (foto)

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganiga 1 yil to‘ldi (foto)

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganiga 1 yil to‘ldi. 2017-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan.

Farmon bilan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, Tadbirkorlik sub’yektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilgan.

Adliya vazirligi tarkibidagi Davlat xizmatlari agentligining har bir tumanda bittadan — jami 201 ta Davlat xizmatlari markazi bor. Har bir viloyatda bittadan — jami 14 ta markaz eksperimental hisoblanadi — ularda joriy etishdan avval yangi xizmatlar sinovdan o‘tkaziladi.

Davlat xizmatlari agentligi bir yil davomida 5 millionga yaqin xizmat ko‘rsatdi —  bu o‘tgan yilgiga nisbatan 35 barobar ko‘p! Agentlik yaqin besh yil ichida ushbu ko‘rsatkichni yana olti baravarga oshirmoqchi.

Hozir Davlat xizmatlari markazlari orqali 100 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. 2020-yilgacha xizmatlar sonini 160 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Oxirgi bir yil ichida davlat xizmatlari yuzasidan murojaat qiluvchilardan talab qilinadigan hujjatlar soni 155 tadan 92 taga, xizmat ko‘rsatish talab etiladigan muddat ikki barobardan ko‘proqqa qisqardi.

Davlat xizmatlari agentligi barcha fuqarolarimizga yashash joyidan qat’i nazar, sifatli davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham belgilangan. Unga ko‘ra, olis joylarga chiqish uchun «mobil» davlat xizmatlari» ko‘rsatilishi belgilandi. 

Dam olish kunlari tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari xodimlari maxsus texnika bilan jihozlangan «Damas» va avtobuslarda eng chekka hududlarga borib, aholiga kerakli xizmatlarni ko‘rsatadi. Endi ularga qimmatli vaqtini «naqd»ini sarflab, tuman markazlariga tashrif buyurishning hojati yo‘q. Mutaxassislarini o‘zlari borib, asosiy vazifalar va Agentlik faoliyati, davlat xizmatlarini markazlar orqali va elektron tarzda olishning qulayliklari bilan tanishtiradi. Ular yordamida kerakli hujjatni tez va ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz olish mumkin. O‘tgan 11 oy davomida 90 mingdan ortiq mobil xizmatlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, respublikamiz bo‘ylab Davlat xizmatlari markazlarining 40 ga yaqin shoxobchalari ham ochilgan. Ular orqali ko‘rsatilgan xizmatlar soni 5 mingga yaqinlashdi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishga to‘siq bo‘layotgan muammolar ko‘p. Masalan, qator davlat idoralarida axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari yo‘q, idoralararo integratsiya mavjud emas, xizmatlardan foydalanuvchilar soni keskin ortgani sababli hozirgi markaz binolari talabga javob bera olmayapti.

Buning uchun zamonaviy-qurilish loyihalari, yuqori energiya samaradorlik, maksimal qulay sharoitlarni inobatga olgan 200 ga yaqin Davlat xizmatlari markazlari binolarini yangitdan barpo etish lozim bo‘ladi.

Bugun 95 ta Davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolarini qurish ishlari olib borilmoqda, 7 tasi foydalanishga topshirildi. Buxoro shahridagi DXM yangi qurilgan markazlardan bo‘lib, elektron kutubxonasi, bepul Wi-Fi zonasi va boshqa novatsiyalari bilan keluvchilarni lol qoldirmoqda. Bu yerda ilk bor avtotransport vositalariga raqam berish, fuqaroning biometrik pasportini berish xizmatlari ham sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi. 

Davlat xizmatlari agentligi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring