Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlari sifatini oshirishning «Arab tajribasi»dan foydalaniladi

Davlat xizmatlari sifatini oshirishning «Arab tajribasi»dan foydalaniladi

Foto: Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha malaka oshirish treninglarini Birlashgan Arab Amirliklarining mutaxassislari amalga oshiradilar. Bu haqda DXM matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur treninglar mamlakatimiz rahbarining joriy yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda. Unda Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, davlat organlari faoliyatiga innovatsiyalarni joriy etish, ta’lim va zamonaviy, kerakli ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, turizm va logistika infratuzilmalarini rivojlantirish sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan.

DXMlar xodimlari uchun tashkil etilgan «Baxtli mijozlar» treningi 22-26-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbir ikki mamlakat o‘rtasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi tajriba almashish, aholi bilan ishlashni tashkil qilish, zamonaviy va dolzarb bilimlar, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni o‘qitishda innovatsion yondashuvlarni o‘rganish nazarda tutadi.

Treninglar doirasida xizmat oluvchilar bilan aloqa o‘rnatishda DXM xodimlari duch kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlar) ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

BAA davlat xizmatlarini ko‘rsatishda katta yutuqlarga erishgan va ushbu sohadagi xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.

Mazkur tadbir davlat idoralarining ichki faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, trening yordamida aholiga xizmat ko‘rsatadigan DXM xodimlarining odob-axloq, har bir murojaatchi uchun e’tibor darajasini belgilash, aholi bilan aloqa qilish uchun qulay muhit yaratish borasidagi malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti tomonidan tuzilgan elektron hukumatni rivojlantirish darajasi bo‘yicha mamlakatlar reytingida, BAA smart-xizmatlarni (aqlli xizmatlari) rivojlantirish bo‘yicha 6-o‘rinda va umumiy telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 2-o‘rinda turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring