Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Digital Almaty 2024: X industriyasi» forumi: O‘zbekiston  taklif bilan chiqdi

«Digital Almaty 2024: X industriyasi» forumi: O‘zbekiston  taklif bilan chiqdi

Olmaota shahrida joriy yilning 2 fevral kuni har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan «Digital Almaty 2024: X industriyasi» forumi bo‘lib o‘tdi.

Ishchi tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati delegatsiyasi vakillari ushbu forumda ishtirok etdi.

Forumda, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri A.Smailov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari A.Kasimaliyev qatnashdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda raqamli iqtisodiyot inson faoliyati barcha sohalarda jadal o‘zgarishini hisobga olgan holda, global rivojlanishning asosiy omiliga aylandi.

Xususan, mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan o‘tgan yili tasdiqlangan «O‘zbekiston - 2030» strategiyasida ham 2030 yilgacha raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

O‘zbekiston Bosh vaziri mazkur strategiya doirasida davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning amaliy natijalari haqida forum ishtirokchilariga so‘zlab berdi.

Qayd etilganidek, kelgusi yillarda IT-xizmatlar eksporti jadal o‘sishi uchun qulay muhit yaratish, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochayotgan xorijiy kompaniyalarni hamda mahalliy IT-kompaniyalarni tashqi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarining samaradorligi va fuqarolar uchun qulayligini oshirish singari ko‘plab ustuvor vazifa hamda loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ta’lim, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, energetika, geologiya va boshqa sohalarni raqamlashtirish doirasida 100 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilindi.

Masalan, 370 ta bojxona amaliyoti raqamlashtirilgani tufayli hujjatlarni ko‘rib chiqish vaqti 3 soatdan bir necha daqiqagacha qisqartirildi.

Bundan tashqari, «Mening shaxsiy guvohnomam» biometrik raqamli identifikatsiya platformasi muvaffaqiyatli ishlamoqda. Soliq va bojxona ma’muriyatchiligida «xavf-xatarlarni tahlil qilish» intellektual tizimi joriy etilgan.

Ayniqsa, O‘zbekistonda yoshlarning IT-startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSh dollari bo‘lgan «President Tech Award» tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Forumda birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yangi texnologiyalarni joriy etish mamlakatlarimizning jadal raqamli rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni sun’iy intellekt sohasida texnologiyalar va bilim almashish uchun mintaqaviy ekspert platformasini yaratishni taklif etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring