Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ektor Kuper: «Biz ko‘p narsaga tayyormiz»

Ektor Kuper: «Biz ko‘p narsaga tayyormiz»

Foto: «Kun.uz»

BAAda futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini ertaga Ummon terma jamoasiga qarshi boshlaydi. Bugun uchrashuv oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bosh murabbiy Ektor Kuper va terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov ishtirok etdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

— Ummon bilan o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz?

— Biz faqat Ummon bilan o‘yinga emas, butun boshli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rdik. Shunchaki, Ummon bizning ilk raqibimiz. O‘yinga tayyorgarligimiz ancha yaxshi. Biz ertaga o‘zimizni ko‘rsatishga tayyormiz. Ertaga har ikki jamoa uchun qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Biz g‘alaba qozonishni istaymiz.

— Ummon terma jamoasini qay darajada o‘rgandingiz?

— Terma jamoaning o‘yinini ko‘rdik. Ammo, barcha narsa maydonda hal bo‘ladi. Musobaqaga faqat kuchli terma jamoalar tashrif buyurgan. Barcha yaxshi natija uchun o‘ynaydi. Futbolning qiziqarli ekanligi ham shundadir. Natijani oldindan bilib bo‘lmasligi bilan ham sportning ushbu turi qiziqdir. Biz har qanday vaziyatga tayyormiz. Ammo, Ummon ham kuchli terma jamoa. Barchasi ertaga maydonda hal bo‘ladi.

— Raqiblarning asosiy darvozaboni Al Xabsining yo‘qligi O‘zbekistonga yordam beradimi?

Odil Ahmedov: — Bu haqiqatdan ham katta yo‘qotish. Men uning nimalarga qodir ekanligini juda yaxshi bilaman. Ushbu yo‘qotish bizga yordam beradigan bo‘lsa, men bundan xursand bo‘laman.

— O‘zbekiston Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan so‘ng deyarli 50 kun davomida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmadi. Bu Kuperni havotirga soladimi?

— Bu meni havotirga solayotgani yo‘q. Bunday o‘yinlarda jarohat olish ehtimoli ko‘p. Osiyo Kubogida qatnashadigan terma jamoa bo‘lganida, albatta, o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushardik, biroq bunday jamoa topilmadi.

Xech qaysi murabbiy jamoaga kelib, birdaniga butunlay o‘zgartirishlarni amalga oshira olmaydi. Biz qo‘ldan kelganicha o‘zgarishlarni qildik. Biz ko‘p narsaga tayyormiz. Endi o‘zimizni ko‘rsatishimiz lozim.

— Terma jamoaning jismoniy holatiga qay darajada baho berasiz?

Odil Ahmedov: — Kim ko‘proq to‘p bilan bo‘lsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Shuning uchun, jismoniy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratganmiz. O‘ylaymanki, bu musobaqa davomida biz uchun muammo bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 9-yanvar kuni «A» guruhida birinchi tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Toshkent vaqti bilan soat 16:00da Yaponiya – Turkmaniston, 18:30da O‘zbekiston – Ummon o‘yini boshlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring