Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin yillar ichida elektr energiyasi bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi

Yaqin yillar ichida elektr energiyasi bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 26-yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2026-yilgacha quriladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Unda qayd etilishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining salohiyatini yanada oshirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2026-yilgacha qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.

Mazkur 27 ta loyihani amalga oshirish natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Bunday ko‘p va yirik korxonalarni qurish hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun qo‘shimcha energiya resurslariga ehtiyoj tug‘iladi. Xususan, 2026-yilga borib Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 303 megavattga oshib, 703 megavattga yetadi.

Joriy yil 9-yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi ob’yektlari, jumladan, 2 ta yirik gidrometallurgiya zavodini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida alohida dastur qabul qilindi. Unga muvofiq, qiymati 1 milliard 900 million dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 2019-yilda umumiy quvvati 510 megavatt bo‘lgan 2 ta yangi energoblok qurilib, jami quvvati 1 ming 10 megavattga yetkaziladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 2019-yil va 2023-yilda quvvati 450 megavattdan bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurilib, stansiyaning jami quvvati 2 ming 258 megavattga yetkaziladi. Bundan tashqari, 10 ta podstansiya va 1 ming kilometrdan ziyod tashqi elektr tarmoqlari quriladi.

Prezident mazkur ishlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring