«Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» reytingi tuziladi – Prezident

Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» reytingini e’lon qiladi.
Bu haqda ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Mirziyoyev ma’lum qildi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga «Tashabbusli budjet»ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi budjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar budjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
«Ana shu aytib o‘tgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ beryapmiz», – dedi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, bir oy oldin «Tashabbusli budjet» bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter