Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevro: fransuzlarni «changda qoldirgan» nemislar

Yevro: fransuzlarni «changda qoldirgan» nemislar

Foto: «T-Online»

Yevropa ittifoqida yagona valyuta — yevro 1999-yilning 1-yanvaridan muomalaga kiritilgan. Shunga ham 20 yil to‘ldi. Avvaliga yevro naqd pulsiz to‘lovlarda ishlatildi, oradan uch yil o‘tib — 2002-yildan Yevropa ittifoqining 12 mamlakati yevrovalyutaga o‘tdi.

Valyuta yagona bo‘lgani bilan, har bir mamlakat iqtisodiyotiga har xil ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda «T-Online» yozmoqda.

Masalan, Germaniya yevroga o‘tishdan eng ko‘p foyda oldi, Fransiya va Italiya esa aksincha, moliyaviy yo‘qotishlar girdobida qoldi.

Frayburgdagi Yevropa siyosati markazi (CEP) hisob-kitoblariga ko‘ra, Germaniya yevro joriy etilganidan beri o‘z iqtisodiy ahvolini 1,9 trln. yevroga yaxshilab olgan. Germaniya aholisi jon boshiga taqsimlaganda 23 116 yevrodan tushadi.

Niderlandiya ham yevrodan naf ko‘rgan mamlakat — 1999-yildan 2017-yilgacha 346 mlrd. yevro foyda.

Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, hatto Gretsiya ham dastlab «g‘oliblar» safida edi — 2 mlrd. yevro. Biroq yunon mamlakati «shohsupada» faqat 2011-yilgacha turib berdi, keyin esa iqtisodiy inqiroz jariga quladi...


Mavzuga oid: Yevro 20 yoshda (foto)


CEP tadqiqoti 1999-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davrda Yevroittifoq mamlakatlarining yagona valyutani hisobga olmagan holda yalpi ichki mahsuloti o‘sishi rivojlanishini solishtirishga asoslandi. Tadqiqotda Yevropa ittifoqining 19 mamlakatidan 8 tasi qamrab olindi.

Yagona valyutaning muomalaga kiritilishi, ayniqsa, Fransiya va Italiya iqtisodiyotida salbiy iz qoldirdi. Fransuzlar 3,6 trln., italiyaliklar 4,3 trln. yevro zarar ko‘rishdi.

Tadqiqotchilarning fikricha, Fransiya va Italiya yevrozonada raqobatga dosh bera olmagani uchun ko‘p zarar ko‘rdi. Holbuki, yevrogacha bo‘lgan so‘nggi o‘n yillikda ularning milliy valyutalari devalvatsiyasi anchayin barqaror edi. Endi esa Fransiya yevroda foydaga chiqish uchun murakkab islohotlar yo‘lidan borishiga to‘g‘ri kelmoqda. Tizimli islohotlarga eng yaxshi misol — Ispaniya: 2015 yildan beri Pireney mamlakatining iqtisodiyoti barqaror o‘smoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring