Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropani o‘ziga qaratgan arab yigiti — Muhammad Saloh o‘z vatanida nima ishlar qilmoqda?

Yevropani o‘ziga qaratgan arab yigiti — Muhammad Saloh o‘z vatanida nima ishlar qilmoqda?

Misrning ikki buyuk timsoli

Foto: «Sports.ru»

Bugungi kunda «Liverpul» futbolchisi Muhammad Salohni butun dunyo yaxshi taniydi. Top-klublar ichida «Chelsi»da biroz omadi yurishmagan bo‘lsa-da, keyinchalik Italiya chempionatida shuhrat qozonib yana Angliyaga qaytdi. Bugungi kunda unga «Real» qiziqmoqda...

Uni ko‘rganlar «O-o-ooo» deydi...

O‘z vatani Misrda Salohni ancha yillardan beri hurmat qilishadi. Mamlakat terma jamoasini 28 yillik tanaffusdan so‘ng Jahon chempionatiga olib chiqqach, u millat qahramoniga aylandi. Yaqinda u Afrikaning 2017-yildagi eng yaxshi futbolchisi nomini oldi. Angliya premer ligasi va Yevropa chempionlar ligasidagi ishlari ham yomon emas – 17+6 ta gol!

Foto: «Sports.ru»

«Daho»ning tug‘ilishi

Muhammad Salohning yoshligi Iskandariya shahri yaqinidagi Nagrig qishlog‘ida o‘tdi. Yetti yoshidan futbol o‘ynashni boshlagan bolakay Ronaldo, Totti va Zidanning o‘yinlaridan ilhom olardi. Afsuski, uning yoshligi qashshoqlikda o‘tib, o‘ynash uchun hatto futbol to‘pi olishga ham qurbi yetmasdi. Eski paypoqlardan yasalgan to‘p esa qishloq bolalarining ovunchog‘i edi.

Muhammad 14 yoshida «Pepsi» tomonidan o‘tkazilgan maktablararo turnirda qatnashadi va uning o‘yinlari Qohiraning «Arab kontraktors» jamoasi skautlariga yoqib qoladi. Shunday so‘ng Salohning yanada mashaqqatli hayoti boshlandi. Yosh yigitcha deyarli har kuni mashg‘ulotlarga borish uchun 3 ta transport almashib, to‘rt soatini yo‘lga sarflar edi. Ammo, ana shunday mashaqqat ortidan odatda katta muvaffaqiyat kelishiga ko‘pchik ishonar edi.

Yevropaga yo‘l «Bazel»dan boshlandi

Saloh 19 yoshida Misr terma jamoasiga chaqirildi. 2012 yilgi Afrika kubogiga tayyorlanayotgan milliy jamoa bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini Yevropada o‘tkazdi. Shulardan biri Shveysariyaning «Bazel» klubiga qarshi bahs edi. «Ehromlar yurti» vakillarining 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinda qahramonimiz dublga erishdi. Yevropa jamoasi rahbarlari esa o‘sha kuni maydonda «raqsga tushgan» misrlik yigitchaning o‘yinidan hayratda qolishdi va bir oz vaqt o‘tgach, o‘z jamoalariga qo‘shib olishdi...

Foto: «Sports.ru»

Olti yil o‘tdi. Salohda hammasi joyida. U «Liverpul»ning asosiy yulduzi. Haftasiga 100 ming funt maosh esa qashshoqlikda o‘sgan bola uchun bir oz ko‘plik qiladi. Shuning uchun ham, u doimiy ravishda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga yordam berishdan charchamaydi. Salohning ba’zi ishlarini ko‘rib, katta qalb egasi ekanligiga ishonch hosil qilasiz.

O‘g‘rini kechirdi, villani qabul qilmadi

2017-yil, noyabr. «Kongo»ga qarshi hal qiluvchi bahsda dublga erishgan Muhammad Saloh Misr terma jamoasining 28 yillik mundialsiz hayotiga nuqta qo‘ydi. Aksiga olib o‘sha kuni otasining uyiga o‘g‘ri tushib, ko‘p narsalarini o‘g‘irlab ketadi. Ikki kundan so‘ng o‘g‘ri ushlangach, futbolchining otasi uni sudga topshiradi. Bu voqeaga Muhammad aralashib, o‘g‘ri bilan uchrashadi, unga pul beradi va qo‘shimchasiga ishga kiritib ham qo‘yadi.

Foto: «Sports.ru»

Misrlik yirik tadbirkor Mamduh Abbos milliy terma jamoaning yutug‘idan xursand bo‘lib, Muhammad Salohga dabdabali villasini sovg‘a qilmoqchi bo‘ladi. Biroq Muhammad taklifni darhol rad etib, biznesmenga: «kimgadir yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, pulni kambag‘allarga ber yoki Nagrig qishlog‘i rivojiga hissa qo‘sh», – degan fikrni bildiradi.

Shifoxona qurishga va yoshlarni nikohlashga mablag‘ ajratdi

Saloh o‘z ona qishlog‘ini juda yaxshi ko‘radi. U yerga har qancha mablag‘ bo‘lsa ayamaydi: maktab va usti yopiq futbol maydoni qurdirdi, sportzal uchun anjomlar sotib oldi. Qishloq shifoxonasiga katta mablag‘ ajratib, tez yordam mashinalari bilan ta’minladi. Yosh yigit-qizlarning to‘ylarini o‘tkazish uchun mablag‘ ajratdi. Har yili Ramazon oyida bolalarga sovg‘alar ulashadi. Cheksiz g‘amxo‘rligi sabab qishloqdagi maktab va yangi qurilayotgan yoshlar markazi futbolchining nomi bilan ataladi.

Misr valyutasini qutqarib qoldi va faxriylarga yordam qo‘lini cho‘zdi

2017-yilning oxirida Saloh ikkita katta ishga qo‘l urdi: avvaliga, davlat valyutasining inqirozdan saqlab qolinishiga katta hissa qo‘shdi. Keyin, faxriy futbolchilarga yordam berdi.

Foto: «Sports.ru»

Iqtisodchilar milliy valyuta kamomadi jiddiy inqirozga olib kelishini taxmin qilib, vaziyatdan chiqib ketish yo‘li sifatida xorijiy valyuta yordami zarurligini ta’kidlashdi. Ana shunday paytda Saloh birinchilardan bo‘lib yordamga oshiqdi va davlatga 210 ming Angliya funtini topshirdi.

Saloh moliyaviy muammolarga uchragan sobiq futbolchilarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqinda u 27 ming funtni Misr faxriy futbolchilar Assotsiatsiyasiga o‘tkazib berdi. Futbolchi oylik daromadi 400 misr funtidan oshmaydigan (16,65 funt-sterlingga to‘g‘ri keladi) 120 ta oilaga doimiy ravishda yordam berib keladi.

Yaqin Sharq mamlakatlarini bir maqsad atrofida birlashtirdi

«Muhammad Saloh nafaqat o‘z yurtida, balki butun Yaqin Sharqda o‘z o‘rniga ega inson», – deydi futbol ko‘rsatuvi teleboshlovchisi Hotam Quddus. «U shu paytgacha hech qaysi siyosatchi qila olmagan ishni uddalashga erishdi. Saloh Yaqin Sharq mamlakatlarini bir maqsad atrofida birlashtirdi. Bugungi kunda Marokash, Tunis, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘mon fuqarolari uning familiyasi yozilgan futbolkalarni kiyib yurishadi.

Xotima

Mamlakat jiddiy iqtisodiy muammolar bilan o‘ralashib qolgan. Bu har lahzada qandaydir dahshatli voqea sodir bo‘lish xavfini anglatadi. Saloh — 90 millionlik Misr aholisining umidi. «Liverpul» ishtirokidagi o‘yin bo‘layotgan paytda Qohiradagi istalgan kafega bir nazar tashlasangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz. Ikki soat davomida butun millat birlashadi va har qanday dahshatni esdan chiqaradi.

Foto: «Sports.ru»

Pul va shuhrat ko‘pincha odamni o‘zgartiradi deyishadi. Bu maqolani o‘qigach, balki dunyoda bu narsalar ta’sir qilmaydigan kamida bitta odam borligiga ishonarsiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring