Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Falastin qachon ozod bo‘ladi? Prezident Mahmud Abbos muhim bayonot bilan chiqdi

Falastin qachon ozod bo‘ladi? Prezident Mahmud Abbos muhim bayonot bilan chiqdi

Prezident Mahmud Abbos.

Foto: BMT rasmiy sayti

Bosqinchi mamlakat har qancha zulm-zo‘ravonlik qilmasin, Falastin xalqi taslim bo‘lmaydi va adlu insof tamoyili hamda xalqaro huquq me’yorlariga tayanib ozodlik yo‘lidagi kurashni davom ettiradi. Bu haqda mazkur davlat rahbari Mahmud Abbos 29-noyabr – Falastin xalqi bilan xalqaro birdamlik kuni munosabati bilan bergan rasmiy bayonotda so‘z boradi.

«Yetmish yildan ziyod vaqt mobaynida Falastin xalqi ko‘plab fojia va kulfatlarni boshdan kechirib kelayotir. Xalqimiz o‘z tarixi, vatani va muqaddas yerlarini himoya qilgani uchun qiynoq, tazyiq va ta’qib domida qoldi, qatl etildi, qamoqqa tashlandi, ammo u tiz cho‘kmay kurashni davom ettirmoqda», – deydi prezident Mahmud Abbos. 

Qayd etilishicha, Falastin Isroil bilan ziddiyatni hal etishda birinchi navbatda xalqaro huquq tamoyillariga suyanadi. Istilodan xalos bo‘lish yo‘lida tinch tarzdagi kurash va siyosiy muzokaralardan to‘xtamaydi.

«Oslo bitimi imzolangandan buyon hududimizni bosib olgan Isroil faqat g‘irrom usul va taktikani qo‘llamoqda. Bundan tashqari, Isroil bosh vaziri ikki davlat mavjudligini qabul qila olmasligini bildirib, anneksiya va bosib olingan hududimizga aholi ko‘chirishni davom ettirdi. U boshchiligidagi ma’muriyat davlatimiz poytaxti – Sharqiy Quddusning o‘ziga xosligi va tiynatini keskin o‘zgartirishga urinmoqda», – deydi Falastin yetakchisi.

Qayd etilishicha, ikki o‘rtadagi bitimlar buzilib, Falastin shaharlari tashqi dunyodan ihotalab qo‘yildi. Oqibatda esa xalq aziyat chekdi, iqtisodiyot izdan chiqdi, mamlakat tabiiy boyliklari xomtalash bo‘ldi.

Erk uchun kurashda yetti yoshdan yetmish yoshgacha falastinliklar qatnashmoqda. Foto: «Anadolu Ajansı»

Ikki hafta avval AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo G‘arbiy sohildagi hududlar, jumladan, Sharqiy Quddusning Isroil tomonidan egallanishi holatini «xalqaro huquqga zid emas» deb baholagan edi. Mahmud Abbos Vashington ma’muriyatining ushbu pozitsiyasini nomaqbul deb atagan va Falastin–Isroil ziddiyatida AQShning vositachiligiga ishonib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

«Qonunga zid mazkur bayonot yuridik kuchga ega emas, ayni choqda, xalqaro huquq me’yorlari hamda BMM hujjatlari, xususan, 2016-yilda qabul qilingan 2334-raqamli rezolyusiyaga xilofdir», – deydi M.Abbos.

Oq uy ma’muriyatining bu boradagi bayonoti xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tanqidiy qabul qilindi.  Falastin yetakchisi davlatlararo munsobatlar eng avvalo xalqaro huquqqa tayanishi lozimligi va umum qabul qilingan me’yorlar yakdil tan olinishi kerakligiga urg‘u berdi.

Mahmud Abbos xalqaro hamjamiyatdan qo‘shnilarning bosqinchiligidan himoya so‘ragan. Ta’kidlanishicha, dunyo siyosiy xaritasida mustaqil Isroil davlati mavjud bo‘lgani kabi poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati ham yashashga haqlidir. O‘zaro chegaralar esa 1967-yildagi holatga ko‘ra belgilanishi kerak.

«Zamonaviy tarixda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan harbiy istiloga barham berish vaqti kelmadimi? Falastin xalqi ham boshqa o‘lkalar kabi mustaqil, suveren davlatga ega bo‘lishga haqli emasmi?» – deya dunyo afkor ommasini savolga tutadi M.Abbos.

Falastin–Isroil ziddiyati eng muhokama etilayotgan, ammo hali-hanuz yechimini topmayotgan murakkab-mushkul masalalar sirasiga kiradi.

BMTning 1977-yildagi qaroriga asosan 29-noyabr – Falastin xalqi bilan xalqaro birdamlik kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko‘ra, ziddiyat o‘zaro sog‘lom muzokara, toza e’tiqod va xalqaro me’yorlarga asosan hal etilishi kerak.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring