Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada «Eng ma’rifatli imom» tanlovi bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada «Eng ma’rifatli imom» tanlovi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan har yili yurtimizdagi barcha jome masjidlarning imom-xatiblari o‘rtasida «Yil imomi» tanlovi o‘tkazib kelinadi. Idoraning joriy yil 10 sentyabrdagi 01A/092-sonli buyrug‘iga asosan «Yil imomi» tanlovi negizida «Eng ma’rifatli imom» tanlovini o‘tkazish belgilandi.

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, ilmiy salohiyati yuqori, kasbiy mahorat sohibi, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, innovatsion g‘oyalarni o‘zida jamlagan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan, eng muhimi, yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan ulkan tashabbuslarni keng xalq ommasiga yetkazish qobiliyatiga ega imom-xatiblarni aniqlash va ularni munosib rag‘batlantirishdan iborat.

Tanlovning quyi, ya’ni tuman (shahar) bosqichlari joriy yilning sentyabr oyida respublikamizning barcha hududlarida tashkil etildi.

Tanlovning Farg‘ona viloyati bosqichi 10 oktyabr kuni Quvasoy shahridagi «Islom» jome masjidida o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra, tanlov Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tanlovning Farg‘ona viloyatida tuman va shaharlarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 19 nafar imom-xatib ishtirok etdi.

Tanlovning birinchi sharti Qur’oni Karimdan bir oyatni tilovat qilib, uning tafsiri va nozil bo‘lish sabablarini so‘zlab berish bo‘lsa, ikkinchi sharti biletda ko‘rsatilgan oyatni o‘qib, tajvid qoidalarini aytib berish; uchinchisi, Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” kitobidan biror matn o‘qib, uni tarjima qilib berish; to‘rtinchi shart esa, biletda ko‘rsatilgan hadisni o‘qib, uning ma’nosini aytib berish; beshinchisi, fiqhga oid savolga javob qaytarish; oltinchisi, “Muxtasarul viqoya” kitobining matnini o‘qib, sharhlab berishdan iborat.

Hakamlar hay’atining yakdil xulosasiga ko‘ra, birinchi o‘rin Marg‘ilon shahridagi «Xudoyor hoji» jome masjidi imom noibi Abduvohid Ahmadaliyevga nasib etdi.

Ikkita ikkinchi o‘ringa esa Farg‘ona tumanidagi «Huvaydo» masjidi imom-xatibi Davronbek Usmonov hamda Toshloq tumanidagi «Abu Hanifa» jome masjidi imom noibi Abdujabbor Madrahimovga loyiq ko‘rildi.

Ikkita uchinchi o‘rinni Dang‘ara tumanidagi «Muhammad Said xo‘ja» jome masjidi imom-xatibi Sherzod Ahmedov va Uchko‘prik tumanidagi «Shoh Muqaddam» jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin Mamatqulov band etdi.

Shuningdek, tanlovda «Eng ma’rifatli imom» tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichida “Eng targ‘ibotchi imom”, Eng ta’sirli ijodiy ish”, “Eng xushovoz muazzin”, “Eng ishbilarmon mutavalli”, “Eng mirishkor bog‘bon”, “Eng namunali tahoratxona”, “Eng zamonaviy qorovulxona”, “Eng boy kutubxona” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

«Eng ma’rifatli imom» tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan imom tanlovning shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida ishtirok etadi. Tanlovning viloyat bosqichlari davom etadi.

Tolibjon NIZOMOV

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring