Fransiyada ko‘pchilik qo‘rqqan hodisa ro‘y berdi
Fransiya “Milliy yakdillik” partiyasi vakili Marin Le Pen 2027-yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi. Seshanba kuni appelyasiya sudi Marin Le Penning saylovda qatnashishiga doir taqiq muddatini kamaytirgani ortidan unga navbatdag siyosiy kampaniya uchun yo‘l ochilgandi.
Qonunchilik idorasi faoliyati uchun ajratilgan mablag‘ni g‘ayriqonuniy tarzda sarflashda ayblangan va shartli jazoga hukm qilingan Marin Le Penga elektron braslet taqib yurish majburiyati ham yuklangan edi. Siyosatchi endilikda elektron braslet taqib yurish majburiyatini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilishini aytgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, 2027-yilgi saylovda Marin Le Pen qatnashgudek bo‘lsa, uning g‘alaba qozonish imkoniyati o‘ta yuqori sanaladi. Ijtimoiy so‘rovlar u birinchi turda raqibini 32-38 foizga qadar ovoz yig‘ib, katta farq bilan yutishini ko‘rsatmoqda. Unga mamlakat sobiq bosh vaziri, “Gorizont” partiyasi vakili Eduar Filipp asosiy raqib bo‘lishi mumkin. Markazchi hisoblangan Eduar Filipp muxolifi Le Penni yengishi uchun o‘ng markazchi va so‘llarni ham o‘z ortidan ergashtirishi talab etiladi.
Marin Le Penga nisbatan jazoning yengillashtirilishi va uning prezidentlik saylovida qatnashmoqchi ekani nafaqat Fransiya, balki butun Yevropa Ittifoqidagi mo‘’tadil kuchlarni xavotirga solayotgan hodisa sanaladi.
Gap shundaki, milliylikni bayroq qilgan Le Pen Yevropa Ittifoqi hamda yevro hududidan chiqishni yoqlaydi. Agar tarix charxpalagi ters aylanib, bir necha bor irqiy, diniy nafrat qo‘zg‘ashda ayblangan siyosatchi xonim davlat tepasiga kelgudek bo‘lsa, bu rasmiy Bryussel uchun katta dahmaza bo‘lishi aniq. Negaki, YeIning tashkilotchilaridan bo‘lgan Fransiyaning tuzilma tarkibidan butkul chiqishi u yoqda tursin, ittifoqni qo‘llab-quvvatlamasligining o‘ziyoq siyosiy zilzilalarga olib keladi.
Boz ustiga, Marin Le Pen millatchilik ruhidagi siyosati bilan o‘zi shundoq ham parokanda bo‘layozgan mamlakatda tafriqani yanada kuchaytirib yuborishi hech gap emas.
Le Pen jamoat joylarida ayollarning hijobda yurishini taqiqlashni taklif etgani ma’lum. U ushbu taklif bilan cheklanib qolmay islom mafkurasi haqida nomaqbul ayblovlarni ham ilgari surgan.
Yevropa parlamenti vakillari fikricha, o‘ta o‘ng qanotga mansub Marin Le Penning Fransiya prezidenti bo‘lishi imkoniyati oshib bormoqda.
Yaqin-yaqingacha Marin Le Pen hamda uning mo‘’tadil yo‘nalishdagi raqiblari o‘rtasidagi tafovut juda katta edi. Masalan, 2017-yilgi saylovda Emmanuel Makron ishonchli tarzda g‘alaba qozongandi: u 66 foiz ovoz yiqqan bo‘lsa, Le Pen atigi 34 foiz elektorat qo‘lloviga erishgan edi.
2022-yil aprel oyidagi saylovning ikkinchi turida esa Makron 58,55 foiz, Le Pen esa 41,45 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
Pirovardida Le Pen Makronga qo‘ng‘iroq qilib, Fransiya prezidentligi uchun saylovda o‘z mag‘lubiyatini tan olgan.
Fransiyada o‘ta o‘ng qanotga mansub siyosatchining prezidentlik kursisini egallashi misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lish barobarida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga debocha bo‘lishi mumkin. Avvalroq Marin Le Penning davlat rahbari etib saylanishi fuqarolar urushiga olib kelishi bashorat qilingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter