Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya kansleri BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

Germaniya kansleri BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

Foto: Reuters

Global tartib-nizom xavf ostida qolmoqda, bu esa xalqaro tuzilma va qoidalarni XXI asr realligiga moslashtirishni talab qiladi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida gapirdi.

Ayni paytda Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Xitoy va Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari sanaladi. Olaf Shols BMT tuzilmasi isloh etilishi, jumladan, Xavfsizlik kengashi doimiy a’zoligiga global Janub davlatlari ham kiritilishi kerakligini ta’kidlagan.

«Nazarimda, Osiyo, Afrika va Janubiy Amerikaning shiddat bilan rivojlanayotgan mintaqa va mamlakatlari tabiiy ravishda xalqaro maydonda yanada kuchli siyosiy ovozga ega bo‘lmog‘i lozim. Bu barchamizning manfaatlarimizga mos keladi. Negaki, bu jamoaviy mas’uliyatni oshiradi va qarorlarimizning keng miqyosda tan olinishini ta’minlaydi», – degan O.Shols.

Kansler Germaniya ham BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida xalqaro muammolarni hal etishda jonbozlik ko‘rsatishga tayyorligini qayd etgan.

Olmon yetakchisi yuksak minbardan turib, dunyo mamlakatlarini multilateralizm – ko‘p qutbli, ko‘p tomonlama robitalarga undagan.

«Millatchilik va mahdudlik bilan asrimiz muammolarini hal etib bo‘lmaydi. Ko‘proq hamkorlik, ko‘proq sheriklik va ko‘proq faollik – eng oqilona yo‘l shu», deya iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashdan tortib migratsiyaga qadar – global muammolarga yechim taklif etgan O.Shols.

Kansler o‘z nutqida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan.

«Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushini biror bir asosda oqlab bo‘lmaydi. Prezident Putin yagona maqsad  – Ukrainani ishg‘ol etish maqsadida jang olib bormoqda. U (millatlarning) o‘z taqdirini o‘zi belgilash va siyosiy mustaqillik (huquqini) mutlaqo hisobga olmaydi. Bu holatni faqat bir so‘z bilan ifodalash mumkin: ochiq imperializm! Imperiyachilikning qaytishi faqat Yevropaning musibati emas. Bu, ayni choqda, imperializm va neokolonializmning muxolifi sanalgan dunyo tartiboti uchun ham fojiadir», – degan u.

Siyosatchining ta’kidlashicha, tish-tirnog‘iga qadar qurollangan, yadro aslahasiga ega, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zo bo‘lgan Rossiya chegaralarni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinayotgan bir paytda mutaraqqiy dunyo qo‘l qovushtirib o‘tirishi yaramaydi. Shunga ko‘ra u xalqaro hamjamiyatni BMTning nizom va qadriyatlarini himoya qilishga da’vat etgan.

Ta’kidlanishicha, Ukraina erk uchun kurashda g‘alaba qozonishi shart. Mag‘lubiyatgina Kremlni imperiyachilik da’volaridan voz kechishga majbur etishi mumkin.

O.Shols o‘z nutqida Shimoliy Koreya, Suriya, Eron, Belarus, Afg‘oniston, Xitoy kabi mamlakatlarda inson huquqlari poymol etilayotganiga ham e’tibor qaratgan.

«Xalqaro hamjamiyat ro‘baro‘ kelgan dolzarb savol quyidagicha: ayrimlar bizni o‘tmishga – urush siyosatning oddiy vositasi sanalgan,  ozod millatlar kuchliroq qo‘shnisi yoki sobiq xo‘jayinlariga bo‘ysunadigan, farovonlik va inson huquqlari kam sonli baxtlilargagina nasib etadigan global tartibga qaytarishga urinayotgan pallada bir chetda tomoshabin bo‘lib turishimiz kerakmi? Yoki bir yoqadan bosh chiqarib, XXI asrning ko‘pqutbli dunyosini ko‘p qirrali dunyo sifatida saqlab qola olamizmi? Bu savolga germaniyalik va yevropalik sifatida javobim shunday: biz buning uddasidan chiqishimiz shart!» – deya xulosa qilgan O.Shols.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri joriy yil mart oyida Bundestagda so‘zlagan nutqida ham Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga bostirib kirishini Yevropa tarixidagi evrilish pallasi deb atagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring