Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Gidrozanjir», «yumshoq urush» tahdidi va «Yangi O‘zbekiston»: Markaziy Osiyo mamlakatlarining yangi qo‘shnichilik istiqbollari haqida

«Gidrozanjir», «yumshoq urush» tahdidi va «Yangi O‘zbekiston»: Markaziy Osiyo mamlakatlarining yangi qo‘shnichilik istiqbollari haqida

O‘zbekiston ichki siyosatidagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar mintaqaviy hayotga ham ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikdagi ochiqlik, oshkoralik, yangilanish va o‘zgarishlar mamlakatlarning tashqi siyosatida ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi qaror topgan, «Yangi O‘zbekiston» deb atalayotgan bu davrda mintaqadagi hamkorlik o‘zining yangi bosqichlarini zabt etmoqda. Xalqaro ekspertlar ham Mirziyoyev hokimiyatini sifatlashda mintaqaviy tinchlikdagi hissasini alohida ta’kidlashayotgani sir emas.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekistonning harbiy, siyosiy, madaniy, tarixiy va iqtisodiy jihatdan yetakchiligi istiqboldagi munosabatlarga asos bo‘lishi hayratlanarli hol emas. Mintaqaning geografik joylashuvi, xavf-xatarlarning umumiyligi, iqtisodiy jihatdan bog‘langanligi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston yetakchi(mi?)

O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadlaridan biri – o‘z hududi atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini yaratish. Bu mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy rivojlanish uchun muhim. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida qarayotgani ham sir emas. Xususan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun 2020 yil davomida tashqi siyosat va iqtisodiy faoliyat bo‘yicha yuqori darajadagi 35 ta tashrifni amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Toshkentda ilm-fan, san’at, madaniyat va din arboblari, ishbilarmonlar, yoshlar, sayyohlik, sport, jamoat birlashmalari hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari ishtirokida 90 dan ortiq turli uchrashuvlar, videokonferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkazish orqali xalq diplomatiyasi samarali amalga oshirildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari tashkil etilganligi ham e’tirofga sazovor holat, aslida. Ularning yakdil qarorlari bilan mintaqadagi xavotirli vaziyat sababli 15-16 iyul kunlari Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Bunday tadbirlarda O‘zbekistonning mintaqa tashabbuskori sifatida qatnashishini ijobiy holat sifatida baholash mumkin.

Natijada mintaqadagi ko‘p tomonlama hamkorlik sezilarli darajada yaxshilanmoqda. «2017-2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi har yili o‘rtacha 50 foizdan oshib, 5,2 milliard dollarni tashkil etmoqda. 2020 yil statistik ma’lumotlariga ko‘ra, global pandemiyaga qaramay, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasi 5 milliard dollarga yetdi. Ayniqsa, O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2019 yildagi 12,4 foizdan 2020 yilda 13,6 foizga oshdi, bunda Qozog‘iston ulushi 61 foizni, Qirg‘iziston 18,2 foizni, Turkmaniston 10,6 foizni va Tojikiston 10,2 foizni tashkil qildi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning bunday yaxshilanishi butun mintaqaning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. Xususan, 2017–2020 yillar mobaynida O‘zbekiston va mintaqa davlatlari o‘rtasida 300 dan ortiq shartnoma va 75 milliard dollarga yaqin bitimlar imzolandi», deb ma’lumot beradi Taraqqiyot strategiyasi markazi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoga nisbatan ochiq, konstruktiv va pragmatik siyosati natijasida ko‘plab muammolar hal bo‘lmoqda. Ular qatorida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalari va davlat chegaralarini kesib o‘tish kabilarni sanash mumkin.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan yaxshi siyosati global pandemiya davrida mintaqa rahbarlarining bir-biriga yordam berish va koronavirus tarqalishining ta’sirini yumshatish bo‘yicha birgalikda amalga oshirgan choralaridan dalolat beradi. Mintaqadagi davlatlar koronavirus infeksiyasi tarqalishining ilk kunlaridanoq bir-biriga gumanitar yordam ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekiston bir necha bor Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga insonparvarlik yordami yubordi. Bunga javoban Qirg‘iziston va Tojikiston ham Sardoba suv omborini tiklash uchun gumanitar yordam ko‘rsatdi. 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston ko‘magida Qirg‘izistonda 200 o‘rinli va zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlangan yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.

Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli ortib borayotganini mintaqa hamda tashqi sub’yektlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikning turli formatlarini tashkil qilishda ko‘rish mumkin. «Markaziy Osiyo – Xitoy», «Markaziy Osiyo – Rossiya», «Markaziy Osiyo – Amerika Qo‘shma Shtatlari», «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi», «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi», «Markaziy Osiyo – Yaponiya», «Markaziy Osiyo – Hindiston» kabi ko‘p tomonlama hamkorlik formatlari yo‘lga qo‘yildi. E’tiborli jihati, bu mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar tufayli yaratilgan yangi muhit dunyo yetakchi davlatlarining Markaziy Osiyoga bo‘lgan e’tiborini oshirganidan dalolat beradi.

Markaziy Osiyo davlatlarining barqarorligi va birdamligi, birinchi navbatda, mintaqa tinchligini ta’minlaydi, sarmoyaviy jozibadorligini oshiradi, xorijiy sheriklar va investorlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2021 yilgi «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni izchil davom ettirish bo‘yicha harakatlar rejasi kiritilgan.

Xo‘sh, O‘zbekiston nega bunchalik Markaziy Osiyo birdamligi uchun harakat qilmoqda. Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari nega birlamchi o‘ringa chiqmoqda? Umumiy muammolar va tahdidlar nimalarda namoyon bo‘ladi?

Umumiy muammolar va tahdidlar

Gidrozanjir: Suv muammosi

Qishloq xo‘jaligi hali ham Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘tish davr iqtisodiyoti uchun yetakchi tarmoq bo‘lib qolmoqda. Sovet Ittifoqi davrida Markaziy Osiyo (MO) respublikalari rejalashtirilgan iqtisodiyotga va mintaqani o‘zaro keskinlashtiruvchi nuqtalar bilan bog‘lab qo‘ygan. Suv tizimlari Markaziy Osiyoning eng asosiy tarmoqlaridandir. Suv siyosat darajasida bo‘lib, agrar soha ustuvor bu davlatlarda obi hayotning qiymati katta hisoblanadi. Suv tizimi uchta asosiy qismdan iborat: tartibga soluvchi, tarqatuvchi va transport qismi.

Асосий сув йўллари харитаси
Asosiy suv yo‘llari xaritasi

Tartibga soluvchi qism Tojikiston va Qirg‘iziston hududida joylashgan bo‘lib, asosiy daryolar mazkur mamlakatlar hududidan boshlanadi. Bu muammolar Sovet Ittifoqi parchalanib, mintaqa mustaqil sub’yektlarga aylangach, paydo bo‘la boshladi. Suvga muhtoj O‘zbekiston va Turkmaniston Qirg‘iziston hamda Tojikiston bilan ko‘plab muammolarga duch kelaverdi.

O‘rta Osiyo dunyodagi eng yirik sug‘oriladigan hududlardan biri hisoblanadi. Umumiy 8 million gektarlik intensiv va 32 million gektar sug‘oriladigan maydonga ega. Sug‘oriladigan dehqonchilik eng katta suv iste’molchisi bo‘lib, unga mintaqadagi mavjud suv resurslarining 90 foizidan ko‘pi sarf qilinadi.

Aholi soni va sug‘oriladigan hudud jihatdan O‘zbekiston mintaqada yetakchilik qiladi. Bunday holatda suv resurslariga egalik qiladigan Tojikiston va Qirg‘iziston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini olib borish O‘zbekiston uchun tabiiy holdek ko‘rinsa ham, juda kech, Mirziyoyev davridagina ancha yaxshilandi. Turkmaniston va O‘zbekiston kun sayin sanoatlashib borgan taqdirda ham, suv bilan bog‘liq chorvachilik va dehqonchilik bu mamlakatlarda asosiy tarmoq bo‘lib qolaveradi.

Suv tizimlaridagi muammolar mintaqada keng qamrovli iqlim inqiroziga ham sabab bo‘lmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida «Orol fojiasi»ni keltirish mumkin. Orol dengizining qurishi natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning keng qismlarida ekologik tanazzul kuzatilmoqda. Bu holatda suv muammosi yanada dolzarblashib boradi.

Global terror va narkobiznes tahdidi: xavfsizlik muammosi

Markaziy Osiyoning yana bir umumiy muammosi bu — terrorizm. Global terrorizm tahdidi Yaqin Sharq, Pokiston va Afg‘oniston bilan chegarada yanada dolzarblik kasb etadi. Afg‘onistonda yaqinda o‘rnatilgan «Tolibon» hukumati bilan MO davlatlari hali yetarlicha munosabatlarga kirishmagan bo‘lsa-da, umumiy fonda terrordan xavfsirash yotibdi. O‘zbekiston tomoni «Tolibon»ning terroristik tashkilot emasligiga ishonch bildirgan taqdirda ham MO mamlakatlari erkin qo‘poruvchilik harakatlaridan qattiq xavfsirashi turgan gap. Jangarilarning asosiy harakat nuqtasi Afg‘oniston ekanligi va hali Rasmiy Kobul mamlakatni to‘la nazoratga olmagani qo‘poruvchilik harakatlarini osonlashtirishi mumkin. Terrorchilar uchun asosiy tranzit davlat sifatida ko‘rilayotgan Afg‘oniston bilan chegara O‘zbekiston uchun 147 km.ni, Tojikiston uchun 1 357 km.ni, Turkmaniston bilan 804 km.ni tashkil etadi. Bunday keng masofani qo‘riqlash esa katta mablag‘ talab qiladi.

MOning 3 ta davlati bilan chegaradosh Afg‘oniston Global terrorizm indeksiga ko‘ra, 1-o‘rinda turadi (2019).

Терроризм индекси
Terrorizm indeksi

«Tolibon» harakati hokimiyatga kelgach, Afg‘onistonda narkotik vositalar ishlab chiqarilmasligiga va’da bergan bo‘lsa-da, bu amalda qay darajda ishlashi so‘roq ostida qolmoqda. Narkobiznes bilan shug‘ullanuvchi yirik jinoiy guruhlar turli yo‘llar bilan MO hududidan tranzit yo‘li sifatida foydalanishga urinishlari ko‘p kuzatiladi. Chegaralar suvereniteti mamlakat rivojlanishi uchun muhimligi sababli ham Markaziy Osiyo davlatlari avvalgidanda bir-birlariga muhtojdirlar.

MO davlatlari o‘zaro uyushgan holdagina ushbu tahdidlardan yiroq bo‘lishi mumkin, chunki o‘zaro hamkorlikkina tashqi kuchlar bosimidan oson ozod bo‘lishga olib kelishi kutilmoqda.

«Buyuk davlatlar» ta’siriga tushib qolish xavfi: geopolitik muammolar

Xitoy. Markaziy Osiyoda Xitoy eng nufuzli o‘yinchilardan biri bo‘lib chiqmoqda. MO geografik yaqinligi tufayli Xitoyning g‘arbiy mintaqalari barqarorligi va rivojlanishining ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo va Xitoyning mintaqaviy aloqasi «Bir makon va bir yo‘l» loyihasi orqali mustahkamlangan. Xitoy Qozog‘istonning eksport va importda ikkinchi; O‘zbekistonning importda birinchi, eksportda uchinchi; Qirg‘izistonning importda birinchi, eksportda oltinchi; Tojikistonning importda uchinchi, eksportda beshinchi; Turmanistonning importda birinchi, eksportda uchinchi eng yirik iqtisodiy hamkoridir.

Xitoyning Markaziy Osiyo tinchligiga asosiy xavf sifatida qaralayotgan «Tolibon» hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgani mintaqada xavotir uyg‘otmoqda.

Rossiya. Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining istiqboli Xitoyning «Bir makon va bir yo‘l» tashabbusiga qarshi qo‘llayotgan «yumshoq urushi» bo‘lishi mumkin. Rasmiy Moskva garchi Markaziy Osiyoga siyosiy ambitsiyalar qo‘llashini tan olmasa-da, mintaqani o‘z nazoratida saqlashga intilishi bor gap. SSSRni qo‘msovchi ayrim rus siyosatchilarining turli chiqishlari ham sobiq imperialistik davlatning «ishtahasi»ni inkor etmaydi.

AQSh. Vashingtonning afg‘ondagi missiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, AQSh uchun Markaziy Osiyoning ahamiyati oshib ketdi. AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasida 5+1 loyihasi bo‘lsa ham, bu uning mintaqadagi rolini yuqori sur’atlarda ushlab turishiga yetmayotgandek. Rasmiy Vashington AQShning yirik siyosiy da’volari sababli ham, hududda Xitoy va Rossiyaning ta’siri oshib ketishiga yo‘l qo‘ya olmaydi.

Boshqa geoxavflar. Rossiya, Xitoy va AQShdan tashqari yadro quroliga egaligi taxmin qilinayotgan Eron, harbiy va iqtisodiy jihatdan kuchli Hindiston va Pokiston ham Markaziy Osiyoga «passiv xavf» sanaladi. E’tibor beradigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo harbiy jihatdan kuchli mamlakatlar qurshovida qolgan.

Yadro quroliga ega mamlakatlar xaritasi

 

Mintaqa atrofida «Yadro qozoni» (yadro quroliga ega mamlakatlar nazarda tutilmoqda — tahr.) qaynamoqda. Bu esa xavfni anglatadi. Yuqorida nomi tilga olingan mamlakatlar bilan MO davlatlarining munosabatlari yomon bo‘lmasa ham, bu xavfsiz kelajakni kafolatmaydi.

Umumiy salohiyat va imkoniyatlar

Mamlakat

Maydoni

km2

Aholi 
(2021)

YaIM (2020 yil, milliard dollarda)

O‘zbekiston

448 978

34 058 213

57,71

Qozog‘iston

2 724 900

19 048 128

164,8

Tojikiston

142 550

9 801 777

8,0

Qirg‘iziston

199 950

6 655 401

7,47

Turkmaniston

488 100

6 138 894

47,35

Umumiy

4 004 478

75,702,413

285,33

Markaziy Osiyoning umumiy maydoni Rossiya, Kanada, Xitoy, AQSh, Braziliya va Avstraliyadan so‘ng oltinchi, aholisi soni bo‘yicha yigirmanchi, YaIM bo‘yicha kuchli qirqtalikka kira oladi. Shuningdek, harbiy salohiyati bo‘yicha O‘zbekiston 51-o‘rin, Qozog‘iston 61-o‘rin, Turkmaniston 86-o‘rin, Qirg‘iziston 93-o‘rin, Tojikiston 99-o‘rinda turadi. Birlashgan Markaziy Osiyo qo‘shinlarining qudrati yuqori hisoblanadi.

Markaziy Osiyo asosan yirik va iqtisodiy jihatdan qudratli mamlakatlar orasida joylashganligi tranzit hudud sifatida katta daromad olishiga yordam berishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda (2018), O‘zbekiston (4 669 km.), Qozog‘iston (16 060 km.), Turkmaniston (7 680 km.), Tojikiston (620 km.), Qirg‘iziston (424 km.) umumiy temiryo‘llarining uzunligi 30 ming km.ga yaqinlashib qoladi.

Xulosa o‘rnida…

Umumiy salohiyat va imkoniyatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaxshi qo‘shnichilik aloqalari orqali yanada ravnaq topmoqda. Xususan, bunday vaziyatda O‘zbekiston tomonining faol siyosati ajralib turibdi. Xorij ekspertlari «Yangi O‘zbekiston» deb ataladigan Mirziyoyev davrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir-birlari bilan yaxshi munosabatlarini yuqori baholamoqdalar. Yaqin kelajakda bu siyosat davom etadi, zero birgalikdagi harakatlarimizgina tahlikali zamonda taraqqiyotimizning garovi bo‘lishi mumkin.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring