Gumon. Insoniylik. Tog‘a (mitti hikoyalar)
Gumon
Kelin bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Egizak qayinsingilchalari ortidan qolmaydi.
— Yashirib ye, qoning kam, — dedi bir kuni onasi unga yarim yelim xaltacha mayiz uzatayotib. Shunday qildi. Har kuni bir siqim yeydi, so‘ng yana tortmaga soladi.
O‘sha kuni ertalab tortmadan yelim xaltachani topolmadi. Qizchalardan gumon qildi.
— Nega mening narsamga tegasizlar?! — deya o‘dag‘ayladi qayinsingillariga. —Yana uyimga kirsanglar, qattiq xafa qilaman!
Ishxonasiga keldi, sumkasidan konspekt daftarni olayotib, yelim qopchada qolgan bir siqim mayizga ko‘zi tushdi. «Esim qursin! Kecha ishda yeyman deb solib qo‘ygandim-ku!»
Uyiga kelgunicha, mayiz voqeasi unutilgandek edi. Ammo ochiq turgan tortmaga ko‘zi tushgach, ichida nimadir chirt etib uzilgandek bo‘ldi: mayiz to‘la yelim xaltacha sig‘maganidan tortma yopilmay qolgandi. Har kuni chopqillab qarshilaydigan qizchalar ham ko‘rinmasdi…
Odamiylik
G‘amxo‘rlik, mehr va tabassum. Bu tuyg‘ular insonga shunchalar zarur ekanki, o‘n bir kundan beri shifoxonada yotib, u bunga amin bo‘ldi.
O‘zini davolayotgan shifokoru hamshiralarning yuzini biror marta ko‘rgani yo‘q. Boshdan-oyoq oppoq kiyinishgan, yuzlarida maxsus oyna niqob, faqat ko‘zlar ko‘rinadi. Ammo u biladi, do‘xtirlar doim bemorlarga tabassum ulashadi. Ba’zan ahvoli og‘irlasha boshlasa, xavotir yoki xotirjamlik bormi, deya shifokorlarning ko‘zlariga diqqat bilan tikiladi, ilg‘aganlari esa unga ta’sir etmay qolmaydi...
— Kuchli ekansiz! Tuzaldingiz! Bugun uyga javob!
To‘g‘ri, u kuchsizmas, ammo shu paytgacha birovga yordami tegmagan, muhtojlikdan og‘ir ahvolda qolganlarga zarracha achinmagan. Negadir tabassumli chehra uning g‘ashini keltirardi. Eh, bu dard uni ne ko‘yga solmadi: kuchidan, ishonchidan, umididan birdek ayrildi-qoldi, hatto tabassumni sog‘inyapti. Baralla ko‘rinmasa-da, niqoblar ortidagi tabassum ham unga mador bo‘layotir.
U kasalxonada odamning odamga muhtoj ekanini, ko‘ngil-ko‘ngildan suv ichishini, umr yo‘llarida yaxshi do‘st, hamfikr va darddosh doim zarurligini, kibr odamiylikka begona ekanini tan oldi. O‘n bir kundan beri hech kim yo‘qlamagan bo‘lsa-da, o‘zi barcha tanishlarini qo‘msadi. Yo‘tali tinib, ovozi ravonlashgach, telefonda ko‘pchiligi bilan bog‘lanib hol so‘rab chiqdi.
...Hozir kasalxonani tark etmoqda. Ehtimol, ko‘chada uchratsa, shu oq liboslilarning birortasini tanimas, ammo odamiylikning niqoblar bekitolmagan qiyofasiyu insonni o‘limdan qaytarishga qodir qudrati borligini u endi unutmaydi...
Tog‘a
— Kechagina topshirdingiz-ku. Yana keldingizmi? O‘zingizga achinmaysizmi?
Oftobda qorayib ketgan, 50 yoshlardagi ozg‘in kishiga shifokorning rahmi keldi.
— Jiyanim opamdan yodgor. Hozir ahvoli og‘ir. Qon guruhimiz ham bir xil ekan...
— Erining qon guruhi ham mos-ku. U topshirsa bo‘lmaydimi bu safar?!
Tug‘ruqxona hovlisida qoshlarini chimirib turgan ayol, ya’ni bemor kelinning qaynonasi gapga aralashdi:
— O‘g‘lim qon berolmaydi, u nimjon. Bu kishining tashvishini qilmang, mehnatda qotgan chayir odam. Novvot choy ichib tursa, tezda o‘ziga keladi!
Bemorning ahvoli yaxshilandi, yarim litrdan ziyod qon topshirgan tog‘a esa haligacha o‘zini o‘nglolmaydi.
Darvoqe, «nimjon» kuyov bir haftadan so‘ng mashinasini yangiladi. Aytishicha, yangi mashinasi ancha keng va qulaymish, ilgarigisining ruli qorniga tegib haydashga xalal bergan ekan...
Yulduz Hojiyeva


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter