Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hamid Olimjon qarindoshlari bizni nega sudga bergan edi?»

«Hamid Olimjon qarindoshlari bizni nega sudga bergan edi?»

Rustam Jabborovning «Muqanna ozodlik kurashchisimi yoki zolim firibgar?» maqolasini ko‘pchilik zo‘r qiziqish bilan o‘qib chiqqaniga aminman. Tarixiy dalillar aniq-tiniq keltirilgan ushbu maqolada Muqanna shaxsiga haqqoniy munosabat aks etgan.

Darhaqiqat, Muqanna shaxsi tarixiy manbalarda haqqoniy aks ettirilgan. Ko‘plab o‘rta asr tarixchilari uning shaxsini muttaham va yolg‘onchi sifatida qoralab yozishadi. Beruniy, Narshaxiy kabi muarrixlar musulmon bo‘lgani uchun ham Muqannani yomonlab yozishadi, deguvchilar ham bir talay. Ammo qip-qizil kommunist bo‘lgan Sergey Tolstov-chi?! U o‘zining «Drevniy Xorezm» monografiyasida Muqanna haqida musulmon tarixchilari yozolmagan haqiqatlarni oshkor qilmaganmi?!

Rustam Jabborovning maqolasi tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarishga qilingan jur’atli bir urinishdir.

Bundan besh-olti yillar muqaddam «Muqanna milliy qahramonmi?» sarlavhali maqolam dastlab ijtimoiy tarmoqlarda, keyinchalik «Sirli tabobat» gazetasida do‘stim Shukur Jabbor tashabbusi bilan e’lon qilingan edi. Ana shundan keyin Shukurjonning ham, kaminaning ham boshiga tushgan tashvishlarni tariflasak, o‘zi bir ro‘mon bo‘ladi.

Maqola e’lon qilingach, ko‘pchilik tarixchilar menga qo‘ng‘iroq qilib, ayni haqiqatni yozganim bilan tabriklashgan edi. Biroq kommunistlar mafkurasi bilan o‘sib, voyaga yetgan ayrim ijodkorlar maqoladagi fikr-dalillarni to‘g‘ri qabul qilish o‘rniga o‘ziga, obro‘ va martabasiga yarashmaydigan «kurash»ni boshlab yuborishdi. Ularning boshida o‘sha paytdagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi turdi. Uning tashabbusi bilan «Sirli tabobat» gazetasi aqidaparastlik, mutassiblikni targ‘ib qiluvchi nashr degan jamoatchilik fikrini shakllantirishga harakat qilindi. Bir adabiyotshunosning (endilikda marhum, Alloh rahmat qilsin) huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan biriga bergan va ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan fikrnomasi aynan ana shunday qoralovlar bilan to‘lib-toshgan edi.

Tahrirni ham qiyib qo‘yadigan Shukur Jabbor «Xo‘sh, unda nega o‘zbekning go‘zal shoiri Hamid Olimjon Muqannani milliy qahramon darajasiga ko‘tardi? Bu darajani xalq ommasi ongiga tashuvchi «Muqanna» dramasi yozilishiga sabab nimada edi? Mazkur savollarga javob oddiy: sho‘ro mafkurasi… tamom vassalom» degan  jumlalarimga juz’iy o‘zgartish kiritib «Mazkur savollarga javob oddiy: Hamid Olimjon ikkiyuzlamachi, tamom vassalom» deya o‘zgartirgandi. Bu esa Hamid Olimjon avlodlarining gazeta tahririyati bilan sudlashishiga sabab bo‘ldi. Sud ishi adolat mezonlarida bo‘lib o‘tdi deyolmayman. Chunki sud jarayoniga Shukur Jabbor yetaklab borgan guvohlar (Usmon Nosirning) qarindoshlari kiritilmadi. Bechora do‘stim o‘z fikrini isbotlashga imkon berilmadi. Oqibatda «Sirli tabobat»day o‘qishli gazeta yopilib ketdi.

Bu bilan ham yuragining qurti o‘lmagan uyushma raisi (endilikda sobiq) navbatdagi tajovuzni olis Xorazmda tinchgina ishlab yurgan kaminaga qaratdi. Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyat bo‘limi mas’uliga «Erpo‘lat Baxt bilan gaplashib qo‘yish» vazifasi topshirildi. Mening Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha to‘plangan hujjatlarimni olib kirgan ustoz Tursunboy Adashboyevni jerkib tashlagan... Shukur Jabbor ta’biri bilan aytganda, sobiq rais Muqannaga «tosh otganlar»ni qo‘li yetgan joygacha yomonlab, ularning surobini to‘g‘irlatib qo‘ymoqchi ham bo‘ldi.

Ming shukurki, tegishli mahkamalarda Sho‘rolar davriga xos chaquvlar bilan jazolaydigan shaxslar ishlamas ekan...

...Rustam Jabborning maqolasi tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarishga qilingan jur’atli bir urinishdir. Sezishimcha, uning bu ishi aksariyat eldoshlarimiz tomonidan ma’qullansa-da, hali ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi. Muallifga otmoqchi bo‘lgan toshini qo‘ynida asrab yurganlar borligi ham ehtimoldan xoli emas. Nima ham derdim, ilm yo‘lining og‘ir so‘qmoqlari ko‘p bo‘larkan-da. Shunday ekan, boshing toshdan bo‘lsin, Rustamjon!

Erpo‘lat BAXT

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring