Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi

Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi

Foto:«Xabar.uz»

Yaqinda bir vazirlikda o‘tkazilgan davra suhbatida ishtirok etdim. Unda tashkilot mutaxassislaridan biri o‘zbek tilini tushunishi, lekin gapira olmasligini aytib, rus tilida so‘zlashga ruxsat so‘radi.

Yig‘ilganlar bir-biriga ma’noli qarab qo‘ydi: o‘zbek bo‘la turib, davlatning katta bir tashkilotida falon lavozimda ishlasa-yu, o‘z ona tilini bilmasa...

Achinarlisi, keyingi vaqtda bunday holatlarni ko‘plab kuzatyapmiz. To‘g‘ri, mamlakatimizda chet tillarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilyapti. Kelajak avlodning zullisonayn bo‘lishi ijobiy holat, albatta. Ammo xorijiy tillarni o‘rganish o‘z tilini unutish hisobiga bo‘lmasligi kerak-ku?

Ishga kirasanmi, rus tili kerak

Ayni paytda mamlakatimizda ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan ikki mingdan ortiq maktab mavjud. Rusiyzabon sinflarda 600 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.

Ba’zi o‘zbek oilalari ham farzandlarini shunday sinflarga berishni ma’qul ko‘rmoqda. Xo‘sh, bunga sabab nima?

— Ikki o‘g‘limni ham rus maktabga berganman, — deydi qashqadaryolik Dildora Hasanova. — Qishloq maktabida tahsil olganim uchunmi yoki qunt qilmaganimdanmi, rus tilini yaxshi o‘rganolmadim. Bundan ko‘p pand yedim. Qayerga bormay, shu tilni qay darajada bilishim bilan qiziqishdi. Rus tilini bilmasdan, katta maqsadlarga erisha olmasligimni angladim. Farzandlarim mendek qiynalib yurishini istamayman.

Haqiqatda, hozir davlat tilining ahamiyati biroz susaygandek tuyuladi. Chunki kadrlarning salohiyati o‘zbek tilini bilish-bilmasligi emas, aksincha xorijiy tilni mukammal o‘zlashtirgani bilan o‘lchanmoqda. O‘z navbatida, jamiyat ham shunga moslashmoqda.

«Mam» deydigan bo‘ldi...

Farzandlarimiz qay bir maktabda o‘qimasin, yaxshi ta’lim olishi tarafdorimiz, albatta. Ammo ilk saboqni o‘z ona tilida olmaslik aksariyat holatda ularning tarbiyasiga aks ta’sir ko‘rsatyapti. Xususan, navrastalarda odob-axloq, sharm-hayo, uyat, uvol, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi fazilatlar to‘g‘ri shakllanmaydi. Buni jadid bobolarimiz ham ta’kidlagan: «…Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarga berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini tanigandan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin. Undan keyin Germaniya, Fransiya, Angliya mamlakatlariga, hatto dunyoning narigi chekkasidagi Amerikaga yuborib o‘qitish kerak …» («Kecha va kunduz» romanidagi Miryoqub va jadid Sharofuddin Xodjayev suhbatidan).

— Rossiyada tahsil oladigan qaynukamning tavsiyasi bilan qizimni rus maktabiga berdik,— deydi Dilnoza Aliyeva. — Avvaliga xulq-atvorida o‘zgarish sezilmadi. Yuqori sinfga o‘tgach, meni «mam», deb chaqiradigan, ustiga-ustak senlab gapiradigan bo‘ldi. Dadasi rosa dakki bersa ham foydasi bo‘lmadi. Ruscha so‘zlarni aralashtirib gapiradigan odat chiqardi. Mahalladagi tengqurlaridan ajralib qoldi. Otasi va boshqa erkaklar oldida ham tortinmay shaxsiy, ayollarga xos mavzularda gapiraverardi. Tabiatidagi o‘zgarishlarni ko‘rib, tashvishga tushdik. Maktabni tugatgach, o‘zbek tilida dars o‘tiladigan kollej va institutda o‘qitdik. Afsuski, harakterida mentalitetimizga xos bo‘lmagan unsurlar baribir saqlanib qoldi.

O‘zbek tilini o‘rganishni xohlayman

O‘tgan yili 21 oktyabrda bo‘lib o‘tgan tadbirda bir talaba yigit Xalq ta’limi vazirligi vakillariga murojaat qilib: «Men tojik tilida dars o‘tiladigan maktabda tahsil olganman. O‘zbekistonda yashasam-da, davlat tilini bilmasligim ko‘p bora pand bergan. Ammo maktabimizda o‘zbek tili yaxshi o‘tilmaydi. Umuman, ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan muassasalarda bu fan haftasiga ikki soat qo‘yilgan, xolos. Bu juda kam. Ustiga-ustak darsliklarda talay nuqsonlar bor. O‘qituvchi yetishmasligi sabab ba’zi sinflarda o‘zbek tili butunlay o‘tilmaydi. Men kabi o‘zbek tilini o‘rganishni istaydigan tengdoshlarim ko‘p. Ammo ularga yuqoridagi muammolar to‘siq bo‘lmoqda. Vazirlikdan mazkur masalaga tegishli chora ko‘rishini so‘rardim», — degan edi.

Oradan bir yil o‘tyapti bu borada biror o‘zgarish bo‘lganini eshitmadik. Shundan keyin mazkur muammo meni qiziqtirib qoldi. Mavzu yuzasidan ko‘plab mutaxassislar bilan fikr almashdim. Xususan, rus tilida dars o‘tiladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi muammolari bilan shug‘ullanuvchi olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, filologiya fanlari nomzodi Rustam Yo‘ldoshev shunday deydi:

— 1994 yilda o‘zbek tilini o‘qitish dasturi tuzilgan. U aslida o‘zbek tili maktablarida rus tili fanini o‘qitish dasturining tarjimasi edi. Keyingi yillarda ham aytarli o‘zgarishsiz takomillashtirildi. Dasturda o‘zbek tilining o‘ziga xos afiksiallik xususiyati, tabiati inobatga olinmagan. Masalan, o‘zbek tilida so‘zga qo‘shimcha qo‘shilishi bilan ma’no o‘zgarishi, uning mukammallashib borish xususiyati bor.  o‘quvchining nutqini o‘stirishga xizmat qiluvchi usullar belgilanmagan. Unda o‘zbek tili filologiyasi haqida ma’lumot berish birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Lekin biz hozir boshlang‘ich sinfdagi bitta matn ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda to‘qqiz yil o‘tiladigan qoidalar asosida qurilganini ko‘ryapmiz.

Darsliklarda mavzudan mavzuga murakkablashtirib borish tizimi buzilgan. Bu o‘quvchini chalg‘itib, fanni o‘zlashtirishiga qiyinchilik tug‘diradi. Darslar bir-biridan keskin farq qiluvchi mavzularga bag‘ishlangani bois, takrorlash imkoni yo‘q. Natijada o‘quvchi bilimini mustahkamlay olmaydi. Darsliklar ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun mo‘ljallangani sababli, barcha ma’lumotlar to‘liq o‘zbek tilida berilgan. Agar dars o‘tayotgan o‘qituvchi malakali bo‘lmasa, atamalar yoki ba’zi grammatik qoidalarni tushuntirishda qiynaladi. O‘quvchi esa, o‘zbek tilini mustaqil o‘rganishga kirisholmaydi. Mana shu jihat eng katta kamchiliklardan biridir.

Agar ta’lim tizimida o‘zbek tili fanini o‘qitish metodikasi isloh qilinsa, samaradorlik oshadi. Shunda yigit-qizlarni bir vaqtning o‘zida ikkita tilni mukammal o‘zlashtirishiga erishamiz.

So‘ngso‘z

Bu maqola bilan jamiyatimizda davlat tilining obro‘yini ko‘tarish va ta’lim tizimidagi juz’iy kamchiliklar haqida mulohaza yuritishga chorlamoqchi bo‘ldik. Bizningcha, millatidan qat’i nazar, O‘zbekistonda yashaydigan har bir inson o‘zbek tilini bilishi kerak. Ijtimoiy hayot esa, buning aksini, hattoki millatdoshlarimiz ham ona tilini unutib borayotganini ko‘rsatmoqda. Kichik ko‘ringan mazkur muammoning gazak olmasligi uchun hozirdanoq harakat qilishimiz zarur.

Sanjar Eshmurodov

«Yoshlar ovozi» gazetasidan olindi.

Izohlar 10

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring