Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ichki ishlar vazirligi deputatga javob qaytardi

Ichki ishlar vazirligi deputatga javob qaytardi

Foto: IIV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Doniyor G‘aniyev bir guruh deputatlar tomonidan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» deya tarqatilgan videolavha yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maxsus so‘rov yuborilganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi deputatga javob qaytardi.

«...Ma’lumki, joriy yilning 15 aprelida karantin munosabati bilan vaqtincha tashkil etilgan Namangan shahar «Qizilko‘prik» postida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Ish yakuni bo‘yicha voqea ishtirokchilarini har birining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi va o‘rnatilgan tartibda jamoatchilikka yetkaziladi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadigan xabar va ma’lumotlarni tayyorlashda Vazirlik tizimidagi axborot va matbuot xizmatlari xodimlarining qonuniylik, xolislik va kasb etikasi talablariga rioya qilishlari yuzasidan qat’iy talablar belgilanib, mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar organlari qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ochiqlik hamda shaffoflik prinsipi asosida ish olib boradi va albatta bunda jamoatchilikning sog‘lom tanqidiga tayanadi.

Xalq vakillari bo‘lmish deputatlarimiz tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlari ham e’tiborga molikdir. Ishonchimiz komilki, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish kabi yuksak vazifamizni bajarishda doimo bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lamiz», deyiladi IIV javobida.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15 aprel kuni Namangan shahriga kiraverishdagi «Qizilko‘prik» postida Xalq deputatlari shahar kengashining deputati T M. va yo‘l-patrul xizmati xodimlari o‘rtasidagi tortishuv kelib chiqadi. Mazkur voqelik bo‘yicha tayyorlangan videolavhada T. M. «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» sifatida ta’riflanib, u IIB xodimiga qarshilik qilib, pogonini yulib olganlikda ayblanadi.

Holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring