Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Inklyuziv yondashuv”. Ixtiloflar davrida Yaponiya qanday yo‘lni yoqlaydi?

“Inklyuziv yondashuv”. Ixtiloflar davrida Yaponiya qanday yo‘lni yoqlaydi?

Yaponiya tashqi ishlar vazirligi binosi.

Foto: Xabar.uz

Co‘nggi vaqtlarda qonun ustuvorligiga tayangan xalqaro tartibga nisbatan tahdidlar kuchaymoqda. Xo‘sh, bu vaziyatda qanday yo‘l tutgan ma’qul?

Yaponiya tashqi ishlar vazirligi mulozimi Xabar.uz muxbiri bilan muloqotda xalqaro hamjamiyatni xavotirga solayotgan holatlarga e’tibor qaratar ekan, rasmiy Tokio bu borada inklyuziv yondashuvni yoqlashini ta’kidladi.

Suhbatdoshga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida boshlangan Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan xalqaro tartibning tamal qoidalari hamda BMT Nizomi tamoyillari buzildi, shuningdek, yadro qurolini qo‘llash xatari yuzaga keldi. Shunga ko‘ra, Ukrainada tinchlik o‘rnatish xalqaro hamjamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Ayni choqda, Yaponiya tegrasidagi xavfsizlik muhiti Ikkinchi jahon urushidan buyon jiddiy va murakkab holga kelgan. Bu borada uch davlat nomini alohida tilga olish mumkin: Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya.

Rasmiy Pekinning o‘z harbiy kuch-qudratini tez va ekstensiv ravishda kuchaytirayotgani, Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi status-kvoni kuch bilan o‘zgartirishga urinayotgani xavotir uyg‘otayotgan bo‘lsa, Pxenyan muloqot chaqiruvini rad etgan holda o‘z yadro va raketa dasturlarini kuchaytirishga zo‘r berayotgani tashvish tug‘dirmoqda. Rossiyaning Uzoq Sharq va Sharqiy Osiyodagi harakatlari, Shimoliy Koreya va Xitoy bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirayotgani ham xavotir uyg‘otmay qolmaydi.

Kuchlar muvozanatidagi o‘zgarishlar ortidan global boshqaruv va umumjahon muammolarini hal etish borasida ham yangi chaqiriqlar yuzaga kelmoqda. Xalqaro hakam sanalgan BMT Xavfsizlik kengashining bir qator holatlarda o‘z vazifasini bajara olmagani yangi rivojlanib kelayotgan davlatlar, jumladan, “Global Janub” mamlakatlarining hafsalasini pir etmoqda.

Yaponiya TIV mulozimiga ko‘ra, hozirgi pallada rasmiy Tokio uchun AQSh bilan munosabatlarni izchil mustahkamlash, ittifoqchi va hamfikr mamlakatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim hisoblanadi. Qolaversa, “Katta yettilik”, “Quad” guruhi (Yaponiya, Avstraliya, Hindiston, AQSh), Yaponiya–AQSh–Janubiy Koreya formatidagi robitalar ham katta o‘rin tutadi.

Bu borada Yaponiya qadriyatlar va manfaatlar ziddiyatini yengib o‘tuvchi inklyuziv yondashuvni yoqlaydi.

“Tarixiy burilish davrini boshdan kechirayotgan hozirgi xalqaro hamjamiyatda Yaponiya o‘z xalqining tinchligi, xavfsizligi va farovonligini ta’minlash barobarida, tinchlik va barqarorlikka xizmat qiluvchi xalqaro muhitni yaratishga intiladi. Bunda erkinlik, demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi kabi qadriyatlar va tamoyillarga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi”, – deydi suhbatdosh.

Yaponiya tashqi siyosat mahkamasi mulozimi Yevro-Atlantika va Hind-Tinch okeani mintaqalari xavfsizligi bo‘linmas, yaxlit ekanini urg‘ulaydi.

Bu borada rasmiy Tokio 2023 yilda ilgari surgan FOIP (Erkin va ochiq Hind-Tinch okeani) konsepsiyasini esga olish lozim. Inklyuzivlik, xilma-xillikka hurmat va ochiqlikka tayangan mazkur konsepsiyada ham ixtilof o‘rniga muloqot g‘oyasi ilgari surilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring