Internetdan boshlangan xiyonat yoxud tiriklar orasida «o‘lgan» ayol qismati
Navoiy shahridagi yaqin qarindoshimizdan xabar olish uchun yo‘lga otlandim. Avtobusda. Yonimdagi o‘rindiqda, chamasi, 40-45 yoshlardagi ayol. Shu payt qo‘l telefonimga «sms» xabar keldi. «Obbo, yana internet orqali aldangan, oilasiga xiyonat qilayotgan ayollar...»- dedim beixtiyor ovoz chiqarib.
Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimidan kelgan ma’lumotnomani tahrirlashga tushganimda, yonimdagi ayol uni mazmunan aytib berishimni so‘radi. Aytib berdim. Ayol mahzun tortdi. Chuqur xo‘rsindi.
— Men erimning qotiliman!-qo‘qqis so‘zladi ayol.
«Yalt» etib qaradim. Ammo, u aftidan «o‘tirib-chiqqan»larga o‘xshamasdi.
— Men uchun qiziq. Agar lozim topsangiz, gapirib bering!-dedim men ham qiziqishim ortib.
Ayol o‘z hikoyasini dam vajohat, dam uzoq-uzoq sukut bilan so‘zlardi.
«Ikki o‘g‘limiz bor. Yigirma yillarcha avval erim chetga chiqib ketgan. U davlat xizmatida uzoq yillar ishladi. Hujjat, majlis, javobgarlik... Doim jamiyat uchun yugurardi. Lekin, men va farzandlari uchun vaqt ajratmas va hatto, deyarli, e’tibor ham qaratmas edi. Bolalarining sog‘inchiyu, mening ilhaq kutishlarimni juda kech angladi. Juda kech payqab yetdi.
O‘shanda men ham yosh, e’tiborga muhtoj edim. Mehrga muhtojlikmi, men internet orqali boshqa bir erkakka bog‘lanib qoldim. Erimga xiyonatim oshkor bo‘lgan kun erim o‘zini butunlay yo‘qotdi. Chunki, sevib turmush qurganmiz. Hatto, quda-andachilik rishtalari yanayam bog‘lanib, ukam uning singlisiga uylangan. Men esa bilib-turib... Men xiyonatga, erim oriyatga botdi. Qishloqdoshlarning gap-so‘zlari, odamlar nigohidagi achchiq hukm, o‘zining yuragidagi ayblov uni qurshab oldi. Chet elga chiqib ketdi. Yigirma yildan ortiq vaqt. Bu vaqt orasida men bilan, aqalli, bir marta ham gaplashmadi. Chunki, men uning uchun «o‘lgan» ekanimni tan olib bo‘lgandim. Bolalarini singlisi orqali so‘rab-surishtirardi.
Rossiyada uni hech kim kutmagandi. Tanish-bilishi ham, yoru-birodari ham yo‘q edi. O‘z xiyonatimdan o‘zim pushaymonda qolgandim, erimga qattiq achinardim. Qish-qirovli kunlarda qurilish maydonlarida qo‘lida temir, yelkasida yuklar bilan tushgan suratlarini ham uning singlisi orqali ko‘rardim. Yig‘lardim. Sovuq suyak-suyagigacha o‘tganini, barmoqlari qotib, kechqurunlari og‘riqdan uxlay olmasligini his qilardim.
Keyin Xitoyga ketdi. U yerda ham ishi yanada og‘ir edi. Zavod, tungi smena, sal ehtiyot bo‘lmasa, qo‘lni kesadigan temir, quloqni qomatga keltiradigan shovqin. Kun bilan tunning uning uchun farqi qolmagandi.
Yillar o‘tdi. Yigirma yil. Bu orada ikki o‘g‘limni ham uylantirdim. Erim esa tanasi bilan tirik edi, xolos. Men bilardim, u bir umr «Nega, nima uchun?!»-degan savol bilan o‘zini qiynab o‘tgan. Yigirma yildan so‘ng qishloqqa qaytganini eshitdim. Garchi, o‘rtamizdagi munosabatlarga darz ketgan bo‘lsa ham uni, negadir, ko‘rishga oshiqardim. Biroq, u uzoq yillar oldin to‘siq qo‘yib bo‘lgan, hatto, ko‘rish tugul, ovozimni eshitishni ham istamas edi. O‘g‘illarim esa otasining qaytganidan xursand, otasini topishganidan mamnun edilar. Eshitishimcha, erimning sochlari oqargan, yelkalari cho‘kkan, g‘am yemirgan ekan.
Taqdirni qarangki, qishlog‘imizdagi ma’rakalardan biri bizni bir-birimizga ro‘paro‘ qildi. U shundoq yonginamdan shu qadar nafrat bilan o‘tib ketdiki, men esa shu hayotda yashab yurganim uchun pushaymonlarda qoldim. Uzoqdan bo‘lsa ham uni bir bor ko‘rish uchun qilgan har qancha harakatlarim zoye ketdi.
Eshitishimcha, u o‘sha ma’rakadayam jimgina o‘tirgan. Ko‘pchilik tanimagan, hatto, deyarli, hech kim uning shu yerdaligiga e’tibor ham bermagan. Suhbatlar qizib, kimdir kutilmaganda: «Eslaringizdami, falonchi bor edi... Xotini xiyonat qilgandi, shundan keyin chetga chiqib ketgandi…» Bu erim uchun yigirma yillik og‘riqning yana qayta tirilishi, yana qayta zarbasi bo‘lgan. U o‘sha kecha uyiga qaytgan. Rossiyada muzlagan qo‘llari, Xitoyda qonagan barmoqlari... og‘ir va jismoniy mehnatlarning hamma-hammasiga chidagan, lekin, yigirma yildan keyin ham yana qayta qonagan yara – gapga chiday olmagan. Tong saharda erimning jasadini og‘ilxonadan topishgan. «Oriyat vaqt bilan ham tuzalmaydi» deyishgani rost ekan... »
Ayol hikoyasini tugatdi, shekilli, jimib qoldi.
- Shu taqdir, demak, sizning internetdan topgan achchiq qismatingiz?-xo‘rsindim.
- Yo‘q. Bu hech nima emas. Bolalarim mening xiyonatimni yigirma yildan keyin bilishdi. Men ahmoq esa... erimga xiyonatim yetmaganday, bolalarimga: “Otangiz menga xiyonat qilgan edi, shuning uchun men u bilan ajrashganman, u meniyam, sizlarniyam tashlab ketgan”,-deb miyalariga singdirib kelganman. Erning nafrati emas, farzandlarning nafrati yomon ekan, kuydirar ekan. Og‘aynilarim-ku, o‘sha paytlardayoq, mendan yuz o‘girishgan, shunchaki, qarindoshlik uchun goh-gohda hol so‘rashmasa, biror marotaba daraklab ham kelishmagan. Bugun esa ship-shiydonman. Ikki o‘g‘lim ham ostonasiga yaqinlashtirishmaydi. Gohida kichik o‘g‘lim akasidan yashirincha hol-ahvol so‘rashini aytmasa, u ham xabarlashmaydi. Bu gunohlarim badali. Men-ku, shuncha yillar qiynaldim. Azob chekdim. Jabrini ham tortdim. O‘sha paytning o‘zidayoq, tovba qilgandim. Boshqa unday nobakor yo‘llarda yurmagandim. Ammo, yoshlikdagi birgina xiyonatim bir umrlik xazonimga aylandi. Bugun esa ayollar men adashgan yo‘llarda har kun, har soatda adashishmoqda. Ularning ham kun kelib, mening sinovim bilan sinalishlarini eslasam, qo‘rqib ketaman. Men faqatgina rahmatli erim uchun emas, juda ko‘pchilik uchun, hatto, farzandlarim uchun ham «o‘lgan»ga aylandim...
— Qayoqqa ketayapsiz?!
— Erim, hatto, Buxoro tuprog‘ida ham jasadini qo‘ydirmasliklarini so‘rab, xat qoldirgan. Hatto, oxiratini ham men bilan bitta qabristonda bo‘lishini istamagan. Uning vasiyatiga ko‘ra, asli navoiylik bo‘lgan qaynonam tug‘ilgan qishloq qabristoniga ko‘mishgan... Hech bo‘lmasa, qabriga ziyoratga boray..,-dedi ayol hazin tovushda.
— Bormang!-dedim. Tilimdan bu so‘z chiqib ketganini o‘zim ham bilmay qoldim,- u tirigida ham istamaganmi, bir qabristonda yotishni ham xohlamaganmi, endi oxiratini tinch qo‘ying, mozorini kuydirmang!
Bu gapni nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri aytdim, bilmadim, ammo, Navoiy shahriga yetib kelgach, u ayol men bilan xayrlashdi-da, hech qayerga yo‘nalmay, Buxoroga qatnovchi boshqa bir avtobusga o‘tirdi...
Laylo Hayitova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter