Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishlovchi pensioner o‘qituvchilarga ham pensiya to‘liq to‘lanadi

Ishlovchi pensioner o‘qituvchilarga ham pensiya to‘liq to‘lanadi

Foto: «Xabar.uz»

Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Farmonga muvofiq xalq ta’limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishi etib jumladan maktab va maktabdan tashqari ta’limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish belgilandi.

Endilikda, xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, maktab direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalasi hokimlar bilan kelishilmaydi.

2019-yil 1-yanvardan boshlab maktablar faoliyati samaradorligi bo‘yicha reytingi tuziladi. Reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.

2019-yil 1-yanvardan boshlab maktablarda ishlayotgan pensioner xodimlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.

2019-yil 1-martdan boshlab maktablarga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2018-yil 1-oktyabrdan boshlab maktablarning vasiylik kengashlari tugatilib, uning o‘rniga tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo‘shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladigan, kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.

Kuzatuv kengashlari, jumladan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan maktab direktorini saylash, shuningdek, uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritadi.

2019-yil 1-yanvarga qadar o‘qituvchilarni kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi, bunda asosiy mezon tegishli fanni o‘qitish bo‘yicha bilim va ko‘nikma darajasi hisoblanadi.

Maktablar faoliyatini tekshirishning huquqiy asoslari yaratiladi, xususan maktablar faoliyatini tekshirishga vakolatli organlarning qat’iy ro‘yxati, tekshiruv tayinlash va o‘tkazish mezonlarini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqiladi.

"Zamonaviy maktab" Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori loyihasi ishlab chiqladi, unda xususan:

  • ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish;
  • maktablarni, shu jumladan, o‘quv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash nazarda tutiladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring