Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimovning 27 yoshida aka-ukalari qurshovida tushgan yangi fotosurati e’lon qilindi

Islom Karimovning 27 yoshida aka-ukalari qurshovida tushgan yangi fotosurati e’lon qilindi

Foto: Islom Karimov fondi

Bugun Islom Karimov fondining «Feysbuk» tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov oilasiga mansub yangi fotosurat e’lon qilindi.

Surat 1965-yilda olingan.  Unda 27 yoshli Islom Karimov akalari — Quddus va  Ibodullo hamda ukasi Xurshid Karimovlar qurshovida ekani aks ettirilgan.  

Avvalroq Islom Karimovning oilasi haqida yangi fotosurat hamda ma’lumotlar ham e’lon qilingan edi.

Oilada sakkiz farzand o‘sib ulg‘ayadi: bir qiz – Mehriniso va yetti aka-uka: Amonullo, Ibodullo, Arslon, Quddus, Ikrom, Islom, Xurshid.  

Xizmatchi bo‘lib ishlagan Abdug‘ani bobo vazminfe’l, o‘ziga ham, boshqalarga ham qattiqqo‘l, talabchan edilar. Avvalo o‘zi qat’iy intizom va tartib-qoidaga rioya etgan ota farzandlaridan ham shuni talab qilar edi. Mahalla-ko‘yning ehtiromini qozongan edilar.

Sanobar aya esa uy bekasi edi. U nasl-nasabli oilada tavallud topgan bo‘lib, padari buzrukvori mulla-sharif, ya’ni o‘z davrining mo‘’tabar ulamolaridan edi. Bilimga chanqoqlik, kuchli xotira, zukkolik va sabr-toqat kabi fazilatlar butun umr Sanobar ayaga yo‘ldosh bo‘ldi. Munis onaizor o‘z hayotini oila va xonadon saodatiga bag‘ishladi.

Karimovlar oilasida barcha o‘g‘il farzandlar oliy ma’lumot oldi, ulardan uch nafari maktabni oltin medalga bitirdi, uch nafari fan nomzodi bo‘ldi – Ibod G‘aniyevich, Quddus G‘aniyevich va Islom Abdug‘aniyevich. Bu o‘sha davr uchun ham, bugungi kun uchun ham kamyob hodisadir. Keyinroq Islom Karimov akademik darajasini oldi.

Barcha aka-ukalar juda kuchli xotiraga ega edilar. Bu qondan qonga o‘tib kelgan fazilat bo‘lsa ne ajab. Aka-ukalar o‘zaro musobaqalar o‘tkazishar edi — masalan, biror matn o‘qilib, uni yoddan aytib berish borasida bellashar edilar. Keyinroq aka-ukalardan biri oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, biri sudya, boshqalari xizmatchi, olim va… Prezident bo‘ldi.

Ziyoli bu oilada o‘g‘illarning munosib ta’lim olishiga birlamchi vazifa sifatida e’tibor qaratilgan edi. Vaqtning o‘zi bu hayotiy tutum qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring