Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil falastinliklarning Aqso masjidiga kirishini chekladi

Isroil falastinliklarning Aqso masjidiga kirishini chekladi

Aqso masjidiga 55 yoshdan kichik erkaklar, 50 yoshga to‘lmagan ayollar kiritilmaydi.

Foto: AP

Isroil Ramazon oyi boshlaganidan buyon Quddusdagi Aqso masjidiga falastinliklarning kirishini cheklamoqda. «Al-Jazira» taroveh hamda juma namoziga minglab falastinliklar kiritilmagani,  bu esa taranglikni yanada kuchaytirayotgani haqida xabar berdi.

Tel-Aviv ma’muriyati o‘rnatgan cheklovga ko‘ra, Aqso masjidiga 55 yoshdan oshgan erkaklar hamda 50 yoshdan oshgan ayollar qo‘yiladi. Ular ham avvaldan ruxsatnoma olgan bo‘lishi lozim.

Falastin milliy tashabbusi bosh kotibi Mustafo Bargutiy falastinliklarning qariyb 95 foizi muqaddas masjidga kirishi man etilgani,  ruxsatnoma olish murakkabligini aytgan.

Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari Aqso masjidi darvozalariga temir to‘siqlar o‘rnatgan. Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohildan kelgan ko‘p sonli falastinliklar ham Quddusga kiritilmagan.

Falastin xalqaro hamjamiyatni masjidning daxlsizligini ta’minlashga chaqirgan. Foto: Anadolu

15 mart kuni Falastin tashqi ishlar vazirligi Isroil ma’muriyatining Aqso masjidiga kirish bo‘yicha cheklovini qoralab bayonot berdi. Vazirlik xalqaro hamjamiyat, xususan, AQShni Tel-Avivning ayirmachilik siyosatiga chek qo‘yish va musulmonlarning e’tiqod huquqini ta’minlash borasida amaliy harakatga chaqirdi. 

Avvalroq  Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Ramazon oyida musulmonlarning Aqso masjidiga kirishini cheklash bo‘yicha tavsiyalarini qabul qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Xabarda aytilishicha, bosh vazir ushbu qaror falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga e’tibor qaratmagan.

Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirgan. Ushbu masjidda o‘qilgan namozga boshqa yerda o‘qilgan namozdan 500 barobar baland maqom berilgan.

Aqso musulmonlarning ilk qiblasi o‘laroq e’zozlanadi. Foto: AP

Ma’lumot o‘rnida, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

O‘zaro bitimga muvofiq, Aqso masjidini Iordaniya vaqf idorasi nazorat qilishi kerak. Tahlilchilar Isroilni kelishuv hamda status-kvoni buzgan holda, muqaddas masjidga musulmonlarning kirishini cheklash, uni «yahudiylashtirish»ga urinishda ayblamoqda.

Isroil xavfsizlik kuchlarining Ramazon oyida Aqso masjidiga bosqin uyushtirishi noxush an’anaga aylangan. Masalan, 2023 yilgi Ramazonda xavfsizlik kuchlari Aqso masjidiga bostirib kirib, namoz o‘qiyotgan yuzlab falastinliklarga nisbatan shovqinli granata, zaharli gaz, rezina o‘qlar bilan hujum qilgan edi.

Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolar daxlsizligi – status-kvoga rioya etilishi kerakligi haqida bayonot bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring