Isroil vaziri Trampga qarshi keskin bayonot berdi
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir AQSh va Eron o‘rtasida tuzilayotgan bitim shartlarini Isroil davlati bajarishga majbur emas deb hisoblaydi. Holbuki, AQSh prezidenti Donald Tramp 80 yillik yubileyi kunlarida bergan bayonotga ko‘ra, Tehron va Vashington o‘rtasida imzolanayotgan bitim Isroilga ham bir qator majburiyatlarni yuklaydi.
«Isroil AQShga bo‘ysunmaydi, biz – mustaqil, suveren davlatmiz. Isroil fuqarolari, SAXAL askarlari va yahudiy xalqi oldidagi burchimiz, shuningdek, ming yillik surgunlik davrida ta’qib qilingan va vahshiylarcha o‘ldirilgan yahudiylar oldidagi tarixiy burchimiz – Isroil zaminida yahudiylarga xavfsizlikni ta’minlab berishdir. Har safar Isroil xavfsizligi hisobiga xalqaro bosimlarga taslim bo‘lganimizda, buning badalini ortig‘i bilan, qon bilan to‘ladik. Bu Oslo kelishuvlarida ham, 2006-yildagi Livan kelishuvida ham va G‘azoda bizga qarshi portlab ketgan uzoq yillik bag‘rikenglik siyosati davrida ham namoyon bo‘ldi. Alohida ta’kidlaymizki, biz AQShni yaxshi ko‘ramiz va prezident Trampdan minnatdormiz. Lekin shu bilan birga, Isroil davlati banan respublikasi emas», – degan vazir.
Eron va AQSh kelishuviga Isroil sherik emasligini ta’kidlagan Ben-Gvir Livanga qarshi amaliyot to‘xtatilmasligini aytgan.
Avval xabar berganimizdek, Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasida dastlabki tinchlik kelishuviga erishilganini ma’lum qildi. 19-iyun kuni Shveysariyada imzolash rejalashtirilayotgan bitimga ko‘ra, Isroil Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak.
Eron va Livan masalasidagi farqli pozitsiya sabab so‘nggi vaqtlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida munosabatlar taranglashgan. Tramp harbiy harakatlarni to‘xtatishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, Netanyahu qonli urushni yana davom ettirish niyatida.
Ma’lumot o‘rnida: AQSh ma’muriyatiga qarshi bayonot bergan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir o‘tgan yili Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya sanksiyasiga duchor bo‘lgandi.
Joriy yil may oyida «Sumud» flotiliyasi a’zolariga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlari sabab Ben-Gvirga YeIning bir qator davlatlari ham jazo qo‘llamoqchi.
Itamar Ben-Gvir Falastin xalqiga qarshi radikal bayonotlari bilan otning qashqasidek tanilgan. Jumladan, u G‘azo sektoridagi 2,3 million aholini boshqa hududlarga surgun qilishni targ‘ib qilib keladi.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Falastin rahbari Mahmud Abbosni hibsga olish va Falastinning yuqori martabali mulozimlarini yo‘q qilishga chaqirgani ham ma’lum.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter