Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isyon va inqilob: Z avlod nimadan norozi? (foto)

Isyon va inqilob: Z avlod nimadan norozi? (foto)

Foto: TRT Russian

Foto: Getty Images

Marokashdan Madagaskarga, Nepaldan Peruga qadar – dunyoning turli mintaqalarida ommaviy noroziliklar, isyon va inqiloblar kuzatilmoqda. O‘zgarishlarni talab qilib ko‘chalarga chiqayotganlarning katta qismini kenja avlod vakillari tashkil etmoqda. Shu bois ham jahon bo‘ylab yoyilib borayotgan norozilik harakatlari “Z avlod inqiloblari” deb atalayotir. Fan doktori Elshod Musoo‘g‘luning TRT nashrida chop etilgan maqolasida ham aynan Z avlod ishtirokidagi ommaviy isyonlar tahlil qilingan. Quyida ushbu maqolaning qisqartirilgan tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

Raqamli texnologiyalar odamlarning siyosatdagi ishtirokini ham keskin o‘zgartirib yubordi. Onlayn platformalar eski to‘siqlarni yo‘qqa chiqardi: endilikda har bir shaxs uyidan chiqmagan holda axborot olishi, munozaralarda qatnashishi va aksiyalar uyushtirishi mumkin. X, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlar ta’sirni oshirish maydoniga aylandi: siyosatdonlarning postlari ostida mudom bahs qiziydi, muhiblar va muxoliflar sharhlar vositasida o‘zaro kurashadi.

Yangi raqamli ekotizimda 1997 – 2012 yillar oralig‘ida dunyoga kelgan yoshlar, ya’ni Z avlod muhim rol o‘ynamoqda. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, tanglayi internet bilan ko‘tarilgan avlod. Ular uchun smartfon shunchaki jonsiz qurilma emas, balki dunyoga darcha hamda yangiliklar, musiqa, video, o‘yin va muloqot kabilarni o‘zida mujassam etgan kundalik hamrohdir. Ular deyarli barcha axborotni Instagram, TikTok, YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali olishadi. Raqamli avlod o‘ta yuqori tezlikda hayot kechiradi...

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar qadriyatlar va o‘zlikni shakllantiruvchi makonga aylandi. O‘smirlar aynan tarmoqlar orqali iqlim siyosati, tenghuquqlilik, ijtimoiy adolat haqida ma’lumot oladi, biroz sodda shaklda bo‘lsa-da, butun dunyodagi g‘oya va harakatlar bilan tanishadi. Bu esa ularda “global fuqarolik” tuyg‘usini shakllantiradi...

Tadqiqotchilar fikricha, har bir tarixiy davr muayyan mushtarak hodisalar va madaniy evrilishlar tegrasida yangi avlodni shakllantiradi. Pew Research tahlillariga qaraganda, AQShda ayni paytda “cukutga cho‘mgan avlod” (1922–1945), bebi-bumerlar (1946–1964), X avlod (1965–1977) va milleniallar (1977–1993) kabi yosh qatlamlari mavjud. Keyingi – raqamli inqilob bolalari esa Z avlod deb ataladi.

Ayrim baland-pastliklarga qaramay, boshqa mamlakatlarda ham shu kabi yosh qatlamlarini kuzatish mumkin. Qay bir mamlakat raqamli davrga kechroq qadam qo‘ygan, boshqasi esa aksincha – shitob bilan o‘zgarishga yuz tutgan. Osiyoda taraqqiyot maromi o‘ziga xos tarzda – bu mintaqadagi Z avlod texnologik jihatdan G‘arbdagi tengdoshlaridan ham o‘zib ketgan.

Raqamli avlod va real hayot

Z avlod haqida gap ketganda, ko‘pchilik ularni internetga mukkasidan ketgan, real hayotda yuz berayotgan hodisalarga qiziqmaydigan, befarq va siyocatdan yiroq qatlam deb ta’riflardi. Ammo so‘nggi haftalarda ro‘y bergan hodisalar bu qarash eskirganini ko‘rsatdi.

Katmandu (Nepal poytaxti), Rabot (Marokash poytaxti), Lima (Peru poytaxti), Antananarivu (Madagaskar poytaxti) va boshqa shaharlardagi hodisalar shundan dalolat beradiki, ko‘chalarga chiqayotgan yoshlar o‘zgarishlarni talab qilmoqda, ya’ni namoyishlar kompyuter yoki smartfon ekranidan hayotga ko‘chmoqda.

Maydonlarni to‘ldirgan minglab yigit-qizlar hukumatlardan javobgarlik va adolat so‘ramoqda, yangi ijtimoiy bitim talab etmoqda. Mamlakatlar kesimida talablar farqlanishi mumkin, ammo ularni birlashtirib turgan jihat shu: yoshlar tizim yaroqsiz holga kelgan deb hisoblaydi.

Fransiyada 1968 yil may oyidagi talabalar isyoni va AQShdagi aksilharbiy namoyishlardan to Occupy harakati va “Arab bahori”ga qadar – butun XX asr mobaynida aynan yoshlar o‘zgarishlar motori bo‘ldi. Qo‘llangan vositalarda farq bor, albatta. Ilgari miting uyushtirish uchun haftalab vaqt va harakat talab etilgan bo‘lsa, hozir smartfonning o‘zi kifoya. Onlayn platformalar namoyishlarning yangi infratuzilmasiga aylandi. Ular orqali markazlashmagan holda ham harakatlanish, soniyalar ichida ma’lumot almashish, dunyo bo‘ylab hammaslaklarni birlashtiruvchi ramz va memlar yaratish mumkin.

Marokash

So‘nggi haftalarda Marokash shaharlari qirq qozondek qaynadi: “GenZ 212” shiori (212 – mamlakatning xalqaro aloqa kodi) ostida birlashgan minglab yoshlar namoyishga chiqdi. Aksari talabalar va ish topa olmayotgan bitiruvchilar bo‘lgan namoyishchilar sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy siyosat bo‘yicha islohotlar talab qilmoqda. Ular futbol bo‘yicha 2030 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish kabi yirik loyihalarga ham qarshi. Chempionat uchun qisman xususiy sektor hisobidan 5 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilgan. “Ctadionlar bor, ammo shifoxonalar qani?!” deb savol qo‘ymoqda namoyishchilar.

Foto: Reuters

Odamni hammasidan ham namoyishlar ko‘lami emas, balki tezligi hayratga soladi. Ushbu harakat Discord serverida boshlanib, hamjamiyat qatnashchilari soni 3000 dan 200 ming kishiga ko‘paydi. Nomsiz avatarlar va qisqa xabarnomalardan pirovardida real kuch shakllandi.

Shimoliy Afrikadagi Marokash qirolligi yashash darajasini oshirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi, ammo taraqqiyot mevasidan aholi baravar foydalana olmadi. Tanqidchilar fikricha, ijtimoiy tengsizlik kuchayib ketgan.

Madagaskar

Afrika qit’asining eng qashshoq davlatlaridan biri Madagaskarda ham yoshlar ko‘chalarga chiqdi. Hammasi ijtimoiy tarmoqlardagi suv va elektr energiyadagi uzilishlar haqidagi shikoyatlardan boshlandi. Sentyabr oyi oxirida esa shikoyatlar ommaviy isyonga aylanib ketdi. Poytaxt Antananarivu va boshqa shaharlarda minglab odamlar 16 yil avval davlat to‘ntarishi yo‘li bilan hokimiyatga kelgan prezident Andri Radzuelinaning iste’fosini talab qildi.

Foto: AP

Dastlab prezident mushkul vaziyatni hal qilishga urindi: hukumat tarqatildi, energetika vaziri ishdan bo‘shatildi. Ammo jin ko‘zadan allaqachon chiqib ketgan edi.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, kuchishlatar tizim vakillari bilan to‘qnashuvlarda kamida 22 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odam jarohatlandi.

Oktyabr oyi boshida prezident Andri Radzuelina Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan kelishuvga ko‘ra fransuz harbiy uchog‘ida Madagaskarni tark etdi.

Oliy konstitutsiyaviy sud prezident vakolatini polkovnik Maykl Randrianirinaga topshirdi. Aynan u boshchiligidagi harbiy bo‘linma prezident saroyini egallagan edi.

Madagaskardagi isyonning asosini qit’adagi boshqa namoyishlardan ilhomlangan Z avlod vakillari – talabalar, yosh ishchilar va faollar tashkil etdi.

Nepal

Foto: AP

Himolay tog‘i bag‘ridagi Nepalda ommaviy namoyishlar boshlanishiga hukumat sentyabr oyida Z avlod uchun “muqaddas” bo‘lgan ayrim ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlangani sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotolar – amaldorlarning farzandlariga tegishli qimmatbaho mashina va villalar ham jamoatchilikni junbushga keltirdi. Namoyishchilar boy amaldorlarning erka farzandlari hashamat ichida hayot kechirayotganini siyosiy tizimning korrupsiyaga botgani va tengsizlik belgisi deb baholadi.

Namoyishlar payti norozi zumerlar Nepal poytaxtidagi parlament binosiga o‘t qo‘ydi.

Hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qaroriga qarshi boshlangan namoyishlar ortidan o‘nlab odam halok bo‘ldi.

Janubiy Osiyodagi boshqa davlatlarda ham shu kabi hodisalar ro‘y bermoqda. 2024 yilda Bangladeshdagi ommaviy namoyishlar chog‘i mamlakatni 15 yildan ziyod idora etgan Shayx Hasina hukumati ag‘darilgan edi. Hokimiyatga esa Nobel mukofoti sohibi Muhammad Yunus keldi.

Bangladeshdagi namoyishlar ham insoniy o‘limlarga olib kelgan.

Peru

Nafaqat Afrika yoki Osiyo, “Yangi dunyo”ni ham osudalik tark etgandek. Sentyabr oyi oxirida Peru poytaxti Lima shahrida pensiya islohotiga qarshi namoyishlar boshlandi. Bir necha oy avval prezident Dina Boluarte oylik maoshini ikki baravar oshirish haqida farmon chiqargan edi. Pensiya islohoti esa aholining sabr kosasiga tomgan so‘nggi tomchi bo‘ldi go‘yo.

Avval arang kun kechirayotgan yoshlar, keyin esa transportchilar norozilik aksiyasiga qo‘shildi.

Foto: Reuters

Namoyishlar to‘qnashuvlarga ulanib ketdi. Z avlod vakillari mirshablarni toshbo‘ron qildi, ular rezina o‘q bilan javob qaytardi. Bir kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam jarohatlandi.

9 oktyabr kuni Peru parlamenti deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan prezident Boluarteni lavozimdan bo‘shatildi. Ammo namoyishlar hali-ham ro‘y berib turibdi.

Ramzlar

Nepalda hokimiyat ramzi sanalgan Singxa Durbar saroyi alanga ichida yonar ekan, namoyishchilar qasr darvozasiga tirjayib turgan bosh suyagi aks etgan qora bayroqni osishdi.

Foto: Daily Tribune

One Piece deb atalgan yapon komiksi qahramoni bo‘lgan qaroqchi obrazi dunyo bo‘ylab hukumatlarga qarshi chiqayotgan yoshlar uchun kurash timsoli, yangi global yoshlar inqilobining universal bayrog‘iga aylandi. Zotan, Z avlod aynan memlar, animelar va strimlar ta’sirida voyaga yetgan. Shu kabi timsollar orqali zamonaviy yoshlar dunyo nizomiga ta’sir ko‘rsatishga, lokal namoyishlarni global trendga aylantirishga urinmoqda.

Yaqinda AQSh va Buyuk Britaniya olimlari Z avlodiga mansub 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlarni eng baxtsiz yosh guruhi degan xulosa kelgan edi.

Yuzaga kelgan qaltis vaziyat zumerlar hayoti, qiziqishlari, maqsad-muddaolarini chuqur tadqiq etishni talab etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring