Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Italiyada yo‘qolgan pasportni O‘zbekiston elchixonasi 6 soatda tiklab berdi

Italiyada yo‘qolgan pasportni O‘zbekiston elchixonasi 6 soatda tiklab berdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan yuqori lavozimdagi rasmiylarning, ayniqsa, mamlakatimizning chet eldagi elchixonalarida faoliyat yuritayotgan elchi va konsullarimiz o‘zga yurtda og‘ir vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularga tezkor yordam bermoqda.

Bunga shaxsan o‘zim, Yevropaga qilgan sayohatim davomida guvoh bo‘ldim. Fransiyaning Lion shahriga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Model anjumaniga bir guruh talabalar O‘zbekiston nomini himoya qilish uchun tashrif buyurdik. Anjumandan so‘ng, O‘zbekistonga qaytish chiptalarimiz Italiya orqali bo‘lgani tufayli Rim shahrida bir kecha tunab qolgan talabalar qiyin vaziyatga duch keldi. Talabalardan biri A.Nazarov o‘z e’tiborsizligi oqibatida ichida pasport, haydovchilik va talabalik guvohnomalari, pul va boshqa qimmatbaho ashyolari bo‘lgan sumkasini yo‘qotib qo‘ydi. Ertasi kuni vataniga uchib ketadigan odam uchun bu qo‘rqinchli holatdir.

Yurtimizga qaytish ruxsatnomasini olishning o‘ziga ham 3-4 kun vaqt talab etiladi. Rim shahrida yana 3-4 kun qolib ketar ekanmiz-da, degan holda umidsizlanib, O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasiga bordik. Bizdek oddiy talabalarga elchixonaga kirish mushkul bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan taxminlarim o‘zini oqlamadi. U yerda judayam iliq kutib olishdi, bizga taskin berib, kerakli xujjatlarni va anketa to‘ldirishimizni so‘radi. O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi konsuli Shuhrat Rashidov bunday vaziyatlarda fuqarolarga vaqtinchalik pasport berilishi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanishi tufayli odatda 3-4 kun talab etishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Biroq biz o‘sha kuni 20:45 da O‘zbekistonga uchib ketishimiz kerakligini, bundan tashqari vizamiz muddati ham tugagani sababli Italiyada uzoq muddat qola olmasligimizni tushuntirgach, bizga chin dildan yordam berishga harakat qildi. Bizning tashvishimizni o‘z muammosiday qabul qilib, bizni O‘zbekistonga maksimal ravishda o‘z vaqtida qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rdi.

Va nihoyat, murojaatimizdan 6 soat vaqt o‘tib, O‘zbekistondan ruxsat olganini va bizga vatanimizga qaytish uchun ruxsatnoma tayyorligini aytdi. Bu biz uchun tarixiy voqea edi. O‘zga yurtda pasportini yo‘qotib qo‘ygan shaxs 6 soat ichida elchixonadan vaqtinchalik pasport olayotgan edi. Albatta, Shuhrat aka bizga barcha singari navbatda turasizlar, 3-4 kunda javobini aytaman deb qo‘yishi ham mumkin edi. Yo‘q, u kishi insoniylik xislatlarini o‘z kasbiy manfaatlaridan ustun qo‘ydi va biz, O‘zbekiston delegatsiyasi to‘liq tarkibda vatanga qaytishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Men shuni xohlar edimki, yurtimizning boshqa davlatlardagi elchixonalarida ham Shuhrat Rashidov singari samimiy va xalqparvar insonlarning ko‘payishi xalqimizning davlatimiz siyosatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga va O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

Voqea guvohi Hojiakbar G‘ayratbekovdan
Farrux Abduvohidov yozib oldi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring