Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jannat onalar oyog‘i ostidadur, lekin...

Jannat onalar oyog‘i ostidadur, lekin...

Qadimda bir olim shogirdlariga turli ilmlarni o‘rgatar ekan. Bir kuni quyidagicha topshiriq berdi: ertangi darsga menga jannat tuprog‘idan bir hovuchdan olib kelinglar. Shogirdlar hayronu lol bo‘lishibdi, har qancha urinishmasin bu savolga javob topisholmabdi. Faqat ilmli, zukko, ibodatlarga qoim bo‘lgan, mehribon bir shogirdi ertasiga lattaga o‘ralgan bir hovuch tuproqni ustozi oldiga qo‘yibdi. Olim buning izohini so‘rabdi. Shunda shogird debdi: «Siz menga payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytgan bir hadisni o‘rgatgan edingiz: «Jannat onalar oyog‘i ostidadir». Shuning uchun men mehribon onam oyoq izlari bosilgan tuproqdan sizga olib keldim. Bergan topshirig‘ingizga javobim shu». Olim shogirdining aql-zakovatiga tan berib, uni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatgan ekan.

Albatta, bu voqeada tafakkur qilganlar uchun juda katta ibrat bor. Ortiqcha izohga, ta’rifu tavsifga hojat yo‘q. Tafakkur qilmaganlargachi?..

So‘nggi paytlarda onalariga bo‘lgan mehru muhabbati izhorini videoga olib, telegram kanaliga joylash odatga kirdi. Aslida bu an’ana uch-to‘rt yil avval kavkaz xalqlarida boshlangan edi. Keyinroq uloqni biz olib ketdik: onalarimizni hurmat qilishda, boshimizga qo‘yishda sizlardan kam emasmiz. Kimdir onasining tug‘ilgan kunida qo‘shiq aytib tabriklayapti, kimdir nafaqat oyoq-qo‘lini, boshini ham mustaqil tutib turolmaydigan falaj onasini urintirib ko‘targancha hovliga olib chiqib, stulga o‘tirg‘izyapti. Yana kimdir... Xuddi shu mavzuda telegramda yaqindagina tarqalgan video esa hammasidan oshib tushibdi.

Onaning tug‘ilgan kuni bo‘lsa kerak stol atrofida ayollar o‘tirishibdi. Qo‘shiqchi yigit gitara chertgancha onalarni madh etyapti: «Mening boyligim, eng chiroyligim, mehribonim onajonimsiz...»

Bir yigit onasinng poyiga tiz cho‘kib oyoqlarini yuvyapti. Ona baxtdan masrur, hayajonda... Shunda kutilmagan holat yuz berdi. Yigit onasining oyoqlarin yuvib bo‘lgach, o‘rnidan turdi va oyoqlar yuvilgan idishdagi nopok suvni ichib yubordi, qolganiga yuz-ko‘zlarini chaydi. So‘ng onasining yelkalaridan quchib, yuzlaridan o‘pib ancha yig‘ladi...

G‘alati bo‘lib ketdim. Onaning oyoqlarini yuvib qo‘yishni tushunsa bo‘lar, lekin nopok suvni ichish shartmidi? Yigit bu bilan nimani isbotlamoqchi? Jannat onalarning oyoqlari ostida bo‘lsa, demak, onalarning oyoqlari yuvilgan suv ham muqaddas bo‘lib qoladi, demoqchimi? Agar shunday o‘ylasa, bu ilmsizlik, omilikdan boshqa narsa emasku. Omilik esa jaholatning boshlanishi. Uning bu «o‘ziga xos mehr-muhabbati»dan ta’sirlanganlar, hatto qoyil qolganlar ham bo‘lgandir ehtimol. Hamma gap aslida ana shunda. Hadislarni, oyatlarni o‘zicha talqin qilish va buni ommaga tarqatish ko‘pchilikni, ayniqsa, dindan uncha xabardor bo‘lmagan yoshlarni chalkashtirib qo‘yishi turgan gap. Onalar muqaddas ekan, ularning oyoqlari yuvilgan suvni bemalol ichish mumkin ekan, degan tushunchalarning paydo bo‘lishi yaxshilikka olib bormaydi. Yana bitta bid’at, xurofot paydo bo‘lgani qoladi.

Mening diniy bilimlarim yetarli emasdir. Lekin shuni aniq bilamanki, Islom dini avvalo poklik dinidir. Poklik, tozalik degan so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi barchamizga ma’lum. Ular hech qanday kir, zarar va shu kabi salbiy ta’sirlar aralashmagan holat yoki narsani anglatadi. Rangi, hidi, ta’mi o‘zgarmagan toza suv, pokiza libos va hokazo. Bularning barchasi moddiy tozalikdir. Ammo ma’naviy poklik ham borki, bu poklik insonning ichki dunyosida, qalbida, ruhida bo‘ladi. Demak, uning moddiy pokligi ham ma’naviy poklikdan kelib chiqadi. Haqiqiy poklik – ham moddiy, ham ma’naviy poklikning qanday bo‘lishini esa bizga muqaddas Islom dinimiz o‘rgatadi. Zero, Islomning o‘zi poklik asosida bunyod bo‘lgandir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, yigitning oyoqlar yuvilgan suvni ichishi mantiqsizlik bo‘lishi bilan birga poklikka ham zid amaldir. Zero, dinimiz bizni nafaqat nopok yoki harom, balki shubhali narsalarni ham yeb-ichishdan qaytaradi.

Shu kabi tasvirlarda yana bir yomon qusurimizni ko‘rgandek bo‘laman: RIYoKORLIK. Avvalo, har kimning onasi o‘ziga aziz, har kim onasini o‘zicha ardoqlaydi. Lekin, ko‘rib qo‘yinglar, men onamni yaxshi ko‘raman, mana oyoqlarini ham  yuvyapman, mendan mehribon farzand yo‘q, qabilida ish tutib, mehribonchiligini ommaga ko‘z-ko‘zlash riyokorlikdan boshqa narsa emas. Dinimiz esa riyokorlikdan saqlanishga chaqiradi.

Har bir mo‘min-musulmon banda ehtiyot bo‘lishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklarining biri riyodir. «Riyo» so‘zi ko‘z bilan ko‘rish, nazar solish va odamlar ko‘rsin ma’nolarini anglatadi. «Riyo yaxshilikni boshqalar ko‘rsin uchun qilishdir. Unda xolis niyat va ixlos bo‘lmaydi». «Riyo odamlar ko‘rib, egasini maqtashlari uchun ibodatni izhor qilishdir», deya ta’riflanadi kitoblarda. Bu bilan tavallud kunlarini, oilaviy tadbirlarni tasvirga olish kerakmas demoqchimasman, kerak, go‘zal xotiralardan esdalik ular. Faqat bu an’analar oilaviy bo‘lib qolishi kerak, boshqalarga ulashish endi ortiqcha.

Zero, barchamiz onalarimizni boshga ko‘tarishga, ularga hamisha shafqatli, xokisor bo‘lishga, xizmatlarida bo‘lishga buyurilganmiz. Faqat bu buyruqni chin dildan, samimiy, Alloh rizoligi uchun amalga oshiraylik. Onalarimizni riyokorlik nishoniga aylantirmaylik!

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring