Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalist ayolni o‘ldirgan qotil 50 yilga qamaldi

Jurnalist ayolni o‘ldirgan qotil 50 yilga qamaldi

Foto: «El Universal»

Meksikada jurnalist Miroslava Brichni o‘ldirganlikda ayblanayotgan erkakni 50 yil qamoq jazosiga hukm qilishdi. Bu haqda «El Universal» nashri xabar bergan.

22-avgust kuni Mexiko sudi qotillikda gumon qilinayotgan El Larri laqabli Xuan Karlos Morenoni 50 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Jinoyatchi mahalliy yirik narkokartel boshlig‘i hisoblanadi. Prokuratura 70 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qilgandi.

Miroslava Brich o‘zi tug‘ilib o‘sgan Chiuaua shtatida hukumat amaldorlari bilan uyushgan jinoyatchilik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish bilan shug‘ullanayotgandi. 2017-yil 23-mart kuni uyidan chiqib mashinaga o‘tirayotgan vaqtda unga qarata o‘qotar quroldan sakkiz marta o‘q uzishgan. Avtomobilda jurnalist ayolning bolasi ham bo‘lgan, u shikastlanmagan. Ayol 54 yoshga to‘lgandi. Qotil uning tanasida «Haddan tashqari baland ovozda gapirganing uchun» degan yozuvni qoldirgan.

Brichning o‘limidan so‘ng «El Norte» mahalliy gazetasi yopilgan. Nashr bosh muharriri o‘shanda mamlakatda rostgo‘y jurnalistlar uchun hech qanday xavfsizlik kafolatlanmagani, reportyorlarning qotillari esa javobgarliksiz qolayotganini aytgandi.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, Meksika 2020-yilda o‘ldirilgan jurnalistlar soni bo‘yicha ilk beshta mamlakatdan biri hisoblanadi. Joriy yil boshidan beri mamlakatda besh nafar jurnalist hayotdan ko‘z yumgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring