Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Jurnalist nega qamalgan edi? (1-qism)

Jurnalist nega qamalgan edi? (1-qism)

Foto: «Xabar.uz»

Namanganlik jurnalist Ortiqali Nomozov oz emas, ko‘p emas, yarim asr matbuot sohasida ishladi. Tuman gazetasidan tortib mamlakatning «Xalq so‘zi» atalmish nashrigacha faoliyat ko‘rsatdi. Jurnallarda xizmat qildi. Yomon ishlamadi shekilli, e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoniga munosib ko‘rildi. «Mustaqillikning 10 yilligi» nishoni bilan taqdirlandi. Uch-to‘rtta kitobi nashr etildi. Afsuski, bu jurnalist sevimli kasbi ortidan jinoiy javobgarlikka ham tortildi. Tuhmat tufayli ozodlikdan mahrum etilib, yemagan somsaga pul to‘ladi... Shu kunlarda nashrga tayyorlanayotgan «Jurnalist nega qamalgan edi?» nomli dialog-qissada Ortiqali akaning iztirobga to‘la yillari, panjara ortidagi hayoti batafsil yoritilgan. Quyida kitobdan ayrim boblarni havola etamiz.

 Eng katta xato

– Ortiqali aka, «Odilovni otmoqchi edilar» kitobingizning bir joyida qamalib chiqqaningizni aytgansiz. Sizni ko‘pchilik matbuotda e’lon qilingan maqolalaringiz orqali to‘g‘riso‘z, haqiqatparvar, kamchiliklarga murosasiz jurnalist sifatida bilardi. O‘zi shu sabab bo‘lmaganmikan qamalishingizga?

– Buning tarixi uzun, do‘stim. Bu dunyoi-dunda har kimning boshiga tushadigan «savdo»larga eng, avvalo, o‘zi sababchi bo‘ladi. Yaratganning xom sut emgan, ojiz bandasimiz-da. Mening ham hayotda xatolarim, nuqsonlarim ko‘p. Ta’bir joiz bo‘lsa, eng kattasi Pop tumani hokimligining nashri «Pop tongi» gazetasi muharrirligiga unaganim edi. Bungacha respublika «Qishloq hayoti» gazetasining vodiydagi muxbiri edim. Hali Namangan, hali Farg‘ona, goh Andijondan yozgan turli mavzudagi maqolalarim gazetaning deyarli har sonida chiqib turar, o‘sha paytdagi bosh muharririmiz, ajoyib vallamat inson O‘tkir Rahmat viloyat muxbirlarining bot-bot chaqiriladigan yig‘ilishlarida kaminani maqtab, boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatardi. Televizordagi matbuot sharhida hamkasblarim tanqidiy-tahliliy maqolalarimga alohida urg‘u berishar, ayrim joylarini o‘qib, aksar chiqishlarim gazetxonlar o‘rtasida aks-sado berardi. Akang qarag‘ay bundan havolanib, go‘yo yettinchi osmonlarda uchib yurardim. Erkin qush edim.

Yangi asr boshi. Ikki minginchi yillar avvali edi. Tumanimizga yangi hokim keldi. Bir kuni u bilan tasodifan uchrashib qolganimizda meni tuman gazetasi muharrirligiga taklif qildi. Ko‘nmadim. Hokim janoblari chorlab, qistashini qo‘ymadi.

Xullas, tuman gazetasiga muharrir bo‘ldim. «Qishloq hayoti»dagi muxbirlik faoliyatimni ham davom ettirdim. Shu o‘rinda keyinchalik va hali hanuzgacha tez-tez taajjub va hayrat bilan eslaydiganim bir voqeani aytay. Hokimlikning umumiy bo‘limida ish boshlash uchun ba’zi rasmiy qog‘ozlarni to‘ldirayotgan chog‘imda xonada viloyat «Namangan haqiqati» gazetasining fotomuxbiri Po‘latjon Akbarov paydo bo‘lib qoldi. Po‘lat akani yaxshi tanirdim. Ba’zida suratlaridan foydalanib turardim. Juda odmi, jo‘n-jaydari odam. Iliq ko‘rishdik.

Po‘lat aka xona mening xona sohibi bilan kechayotgan gap-so‘zlarimiz, stol ustida yoyilib yotgan qog‘oz-hujjatlardan vaziyatni anglab yetdi shekilli, cho‘ntagidan qog‘oz-qalam oldi-da, shosha-pisha nimadir yozib, men tomonga surib qo‘ydi. So‘ng xonani tark etdi. Men uning yozganiga ko‘z tashladim: «Pop tongi» muharrirligiga o‘tmang!.. Sira ham!!!»

O‘shanda rahmatli Po‘lat akaning bu «replika»si menga g‘alati tuyulgan, e’tibor bermay, qog‘ozni ikki buklab cho‘ntagimga solib qo‘yganman. Bu xat keyin esimdan chiqib ham ketdi. Yaqinda «eski-tuski»larni titkilayotib topib oldim. O‘qib badanim jimirladi. Xayolimdan muharrirlik paytimda boshimga tushgan sho‘rishlar birrov ko‘rinish berib o‘tdi. «Tavba-tavba, – deyman. – Rostdan avliyo ekan-ku, bu Po‘lat Akbar deganlari?!» Keyinchalik tuman rahbarining gapiga kirib, muharrir bo‘lganimga ko‘-o‘p pushaymonlar yedimki, asti qo‘ying...

– Nima bo‘ldi, tanqidiy chiqishlar ko‘paygan bo‘lsa, dakki eshitdingizmi? Yoki hokim bilan murosangiz qochib qoldimi?

– Yo‘q. Aksincha, hokim meni ko‘p qo‘llab-quvvatladi. Dastlab ish boshlagan kunim erta saharda o‘zi o‘tkazadigan radioselektor yig‘ilishida meni tuman jamoatchiligiga qay tariqa tanishtirganini aytsam o‘zingiz bunga amin bo‘lasiz: «Bugun taniqli jurnalist, «Qishloq hayoti» respublika gazetasining vodiydagi maxsus muxbiri Ortiqali Nomozov «Pop tongi» gazetasi bosh muharriri sifatida ish boshladi. Biz Ortiqali aka bilan tuman hokimligining nashrini har tomonlama o‘qishli gazetaga, tumanning ko‘zgusiga aylantirishga kelishib oldik. Hurmatli raislar, tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari, bugundan e’tibora tuman gazetasiga bo‘lgan munosabatingizni keskin o‘zgartirishingizni talab qilaman. Ko‘zingizni oching! Ortiqali aka muharrir bo‘lish bilan birga respublikadagi nufuzli bir nashrning vakili ham. U kishini qo‘llab-quvvatlashimiz, gazetamiz tirajini kamida 10 ming nusxaga yetkazishimiz shart!»

Shu tariqa bir-ikki oy ichida «Pop tongi» adadi 12 ming nusxaga yetdi. Buyog‘ini so‘rasangiz, boshimga tushgan ko‘p g‘avg‘olar ayni shu «muvaffaqiyat»dan boshlangan...

Bugun yoshim yetmishga yetib, qancha kechmishlar kechib chiqargan xulosamni sizga aytay: hech kimning moliyani, buxgalteriya ishini, hisob-kitobni bilmasdan turib, hatto uch kishilik jamoaga ham rahbar bo‘lishga haqqi yo‘q! Maktabda o‘qib yurganimda eng yomon ko‘rgan fanim matematika edi. Ustozimiz «hoy, bu fan hali hayotda senga ko‘p kerak bo‘ladi», desa, «men matematikasiz o‘qishga keraman, kerak emas menga bu fan», derdim. Ustozim hazor bor haq ekan. Men qattiq yanglishgan ekanman. Har bir jamoaning iqtisodiy jihatdan baquvvat bo‘lishi, rahbarining esa unib-o‘sishi ko‘p jihatdan hisobchiga ham bog‘liq bo‘larkan...

Kamina bu sohada uquvim yo‘qligini bilardim, albatta. Shuning uchun ham muharrir sifatida ish boshlaganimda hamisha kallasini bir tomonga solintirib, qo‘li ko‘ksida kulib turadigan hisobchi yigitga «Men moliyaviy ishlarni tushunmayman, bu boradagi mas’uliyat sizning zimmangizda bo‘ladi. Halol, pok ishlang, tahririyatning bir chaqasini ham bejo sarflamang, tushumlarni vaqtida tushirib, soliqlarni muddatida to‘lang», deb topshiriq berdim. Hatto bu haqda «Tilxat» yozdirib oldim. Har oyda yo chorak oxirida hisobchi olib kiradigan tuman soliq inspeksiyasiga topshirilishi kerak bo‘lgan, turli raqamlar qalashtirib tashlangan hisobotni ko‘zdan kechirar ekanman, «bu yozganlaringiz to‘g‘rimi, chalkashliklar yo‘qmi?» deb so‘rardim. «Ha, joyida, hammasi to‘g‘ri» deb qo‘li ko‘ksida javob berardi u. «Qarang, kallangiz bilan javob berasiz», deb «tashkilot rahbari» degan joyga imzo chekardim...

Mening butun fikri-zikrim gazetada edi. Ko‘p vaqtim materiallarni tahrir qilish, gazeta maketi ustida ishlash, dolzarb mavzuda maqolalar yozish, tayyor sahifalarni o‘qish, tahririyatga kelgan xat-xabarlar bilan tanishish, ariza va shikoyatlar bilan kelganlarni qabul qilish, yana «Qishloq hayoti» gazetasi topshiriqlarini bajarish bilan o‘tardi. Buning ustiga goh sahar va goh tunda to‘satdan chaqirib qolinadigan majlislar... Vaqti kelsa bir kun – yigirma to‘rt soat kamlik qilardi...

Shunday qilib desangiz, gazetamiz adadi 12 ming nusxaga yetdi. Bu degani – tahririyatning «qo‘ni-qo‘nji» pulga to‘lib, imkoniyatlarimiz kengaydi. Mablag‘ yetarli bo‘lgach, so‘zing kesaverar, ishing yurishaverar, orzu-havasing ham oshib-toshib boraverarkan. Hamma tuman gazetalari haftasiga bir marta chiqib turgani holda biz gazetani haftasiga ikki marta chop etishni yo‘lga qo‘ydik. Ijodiy va texnik xodimlarning oylik maoshlarini ko‘tardik. Kompyuter sotib oldik. Eng ko‘p obuna to‘plagan jamoalarni yengil mashina, televizor, gilam kabi qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlashni yo‘lga qo‘ydik. To‘zib-to‘kilib borayotgan tahririyat binosini ta’mirlab, yangiladik. Binomiz oldidan o‘tgan anhorga ko‘prik qurdik.

Gazetada chop etilayotgan maqolalarning esa mazmun-mundarijasini kengaytirib, o‘qishliligini oshirib, olg‘a ketishimizga xalaqit berayotgan kamchilik va nuqsonlarni ro‘y-rost yoritishga harakat qildik. Allaqachon unutilib ketgan «feleton» janrini tikladik. O‘sha paytda Toshkentdan, televideniyedan Norqobil Jalil kelib, jamoamiz haqida «To‘rtinchi hokimiyat» ko‘rsatuvini tayyorlab, efirga uzatdi. «Hurriyat» gazetasiga kamina haqida «O‘zidan so‘zi katta» degan maqola ham yozdi. O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashkil etgan «Navro‘z» – boqiy bayram» tanlovida g‘olib chiqib, sovrindor bo‘ldik...

Qalbaki imzo

Shunday kunlarning birida «Milliy bank» Pop tumani filiali boshqaruvchisi imzosi bilan mening nomimga «Ogohlantirish xati» kelib qoldi:

«Sizning imzoyingiz bilan «Nihol» firmasiga (firma nomi yodimda qolmagan, ramziy ma’noda shunday atadim) 10 million so‘m kredit olish uchun kafolat xati berilgan. Firma kreditni to‘lash muddati o‘tib ketganiga qaramay qarzini qaytarishni asossiz paysalga solayotgani sababli «Pop tongi» tahririyati hisob raqamidan 10 million so‘mni 20 foizlik ustamasi bilan undirib olishimizni sizga ma’lum qilamiz...»

Xatni o‘qib, angrayib qoldim. Bu qanaqasi? Axir, men bank filialiga hech qanday kafolat xati bermagan edim-ku? Hisobchini surishtirsam qayoqqadir chiqqan ekan. Bank filialiga – to‘ppa-to‘g‘ri boshqaruvchining kabinetiga kirib bordim. Men «yozgan» «Kafolat xati»ni ko‘rsatishini so‘radim. Ko‘rsatdi.

– Bu xatni birinchi marta ko‘rib turibman, – dedim boshqaruvchiga. – Imzo ham meniki emas. Sizlarda imzoyimning andazasi bor edi-ku? Nega solishtirib ko‘rmadilaring?

– Biz qayoqdan bilaylik, buxgalteringizga ishongandik-da, – dedi u.

«Kafolat xati»dan bir nusxa ko‘chirtirib olib, tahririyatga qaytsam, hisobchi haliyam xonasida yo‘q. Tuman prokuraturasiga murojaat qildim. U yerdan kelgan bir xodim mendan nima voqea ro‘y berganini so‘rab, «Kafolat xati»ni ekspertizadan o‘tkazdirish uchun olib ketdi... Va ekpertiza tekshiruvi xulosasi bo‘yicha mening imzoyim soxta ekanligi tasdiqlandi. Natijada hisobchi muloyimgina bo‘lib imzoni o‘zi qo‘yganligini tan oldi. Prokuratura uning ustidan ish qo‘zg‘ashi oydinlashdi. Hisobchi yig‘lagudek bo‘ldi.

– Bir ahmoqlik qildim, meni kechiring, aka, – dedi u. – Ikkinchi marta shunday qilsam odam emasman!

Ko‘ngilchanlik qursin! Hisobchini kechirdim. «Falonchining davrida pismadon qamalgan» degan gap chiqmasin, dedim. Oradan uch-to‘rt oy o‘tgach, hisobchi xonamga mo‘min-muloyim bo‘lib bosh suqdi.

– Gazetani chop etish uchun qog‘oz tugayapti, aka, – dedi u. – Bu masalani hal qilmasak, qiynalib qolamiz.

– Viloyat matbuot boshqarmasidan qog‘oz ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi firma yoki korxona manzilini oling, – dedim unga. – Narxini biling, pulini o‘tkazib, kerakli qog‘ozni bosmaxonaga yetkazing.

– Rozi bo‘lsangiz, bitta taklif...

– Xo‘sh?

– Ta’minotchini axtarib vaqtni yo‘qotmaylik. Do‘stlarimdan birining firmasi bor. Aynan qog‘oz savdosi bilan shug‘ullanishadi. Lafzi halol bolalar. Ularning firmasiga besh million so‘m o‘tkazib bersak, olti tonna gazeta qog‘ozini uch kunga qolmay keltirib berishadi.

– Ishonchingiz komilmi? – dedim hisobchining ko‘zlariga tikilib. – Aytgan muddatingizda qog‘ozni yetkaza olishadimi? Qizarishib qolmaymizmi?

– Tepamda Xudo!

– Yaxshi. Hujjatlarni tayyorlang.

– Xo‘p bo‘ladi.

Shu kunning o‘zida tegishli hujjatlarni tayyorlab, bank orqali aytilgan firmaga besh million so‘mni o‘tkazib berdik.

Oradan uch kun o‘tdi. Keyin bir hafta, o‘n kun... Bir oy... Qog‘ozdan darak yo‘q... Men hisobchidan so‘rashni qo‘ymayman, u «bugun-erta» deyaveradi. Va, nihoyat ikkinchi oy deganda hisobchi xonamga xush-xandon kirib keldi.

– Aytmadimmi, lafzi halol bolalar deb, – dedi u. – Kecha oqshom bosmaxonaga olti tonna qog‘oz olib kelib topshirdik.

Bu gapdan kayfiyatim ko‘tarildi.

Gazetamiz qo‘shni Chust tumani bosmaxonasida bosilardi. O‘sha kuni korxonaga borib sahifalarni o‘qib, imzolab berishim kerak edi. Chustga yetgach, birinchi qilgan ishim kelgan qog‘ozni surishtirish bo‘ldi.

– Ha, kecha kechqurun qog‘ozni olib kelishdi, – dedi bosmaxona direktori Shukurxon aka. – Ammo olti tonna emas, ikki tonna. Mana, hujjatlari. Omborga kirib ko‘rishingiz ham mumkin.

Jig‘ibiyron bo‘ldim. Shu kuni bosmaxonadan yarim kechada qaytib, tong otguncha ko‘z yummadim. Hisobchi bilan xayolan olishib chiqdim. «Nahotki ko‘zimga qarab turib yolg‘on gapirsa, g‘irt lo‘ttiboz, tovlamachi ekan-ku bu bola?!» derdim o‘zimga o‘zim...

Ertasi kuni ertalab hisobchini chaqirib qistovga oldim.

– E, sizning oldingizda yolg‘onchi bo‘ldim, – dedi tuflisining uchidan ko‘zini uzmay u. – Shuncha kun qog‘ozni olib kelishmaganiga bo‘g‘ilib... Va’da berishdi. Bir haftaga qolmay qolganini olib kelishadi. Mana, ko‘rasiz.

– Nega yolg‘on gapirding?

– Meni kechiring, aka, – dedi ovozi tovlanib hisobchi. – Bir haftadan keyin olib kelishmasa, mayli, prokurorga aytib meni qamatib yuboring.

– Shu aytgan gaplaringni yozib berasan, – dedim.

U tushuntirish xatini yozib, qo‘limga tutqazdi:

«Mening taklifim bilan «Tadbirkor» firmasiga gazeta qog‘ozi uchun besh million so‘m o‘tkazib bergan edik. Bugungacha qog‘ozning ikki tonnasini bosmaxonaga keltirib topshirdik. Qolgan to‘rt tonnasini bir hafta ichida olib kelmasak, menga nisbatan har qanday chora ko‘rishingizga, hatto prokuraturaga berishingizga roziman».

Tushuntirish xatini seyfga tashladim. Bir hafta, o‘n... yigirma kun kutdim. Qolgan qog‘ozdan darak yo‘q. Hisobchi o‘sha-o‘sha qo‘li ko‘ksida «qog‘oz yo‘lda, bugun yo erta», deyishni qo‘ymaydi. Bir oy deganda sabr-toqatim tugadi. Buyruq bilan hisobchini vazifasidan bo‘shatib, ishini prokuraturaga oshirdim...

Yangi hisobchi oldik. Bunisi ham mo‘min-muloyim bir yigit edi. Mullavachchalardek qo‘l qovushtirib, «yer suzib» turadi... Gap so‘rasangiz, olma o‘g‘rilab qo‘lga tushgan boladek rangpar yuziga qon tepchib, duduqlanib qoladi. Ammo qilmishlari...

Shamoldan qutulib, bo‘ronga tutilibmiz. Tumanimizdagi ikki ming nafar odam ishlaydigan «Uzbekkrovlya» korxonasi bo‘lardi. Shu korxona besh yuz nusxa gazetaga buyurtma bergan edi. Korxona direktori qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

– Ortiqali aka, bir taklif bilan telefon qilyapman, – dedi u. – Hamkorlarimizdan bir-ikkitasi olgan ruberoid (tomga yopqich ashyo) pulini vaqtida tushirib bermay mablag‘dan biroz qiynalib qoldik. Xo‘p desangiz, besh yuz nusxa gazeta puliga yarasha ruberoid bersak. Bu mahsulotning xaridori ko‘p. Sotkizib, hisob raqamingizga kirim qildirib qo‘yaverasiz. Juda bo‘lmasa, o‘zim sottirib beraman.

Men o‘ylab ko‘rib, rozi bo‘ldim. Hisobchi bilan o‘rinbosarimni qo‘shib korxonaga jo‘natdim. Muovin ertasi kuni ertalab menga hisob berdi. Mingta ruberoidni hisobchinikiga keltirib tashlashibdi.

– Nega tahririyatga emas? – deb so‘radim.

– Bizda yopiq ayvonimiz yo‘q, shuning uchun o‘sha yerda tursin, dedik.

Xaridor hadeganda topilavermadi. «Mo‘min-muloyim» hisobchimizning qadam olishi biroz bejoligini sezib, haydovchim bilan bir xodimimizni uning uyiga yubordim. Ular ayvonga taxlab tashlangan ruberoidlarni bittadan sanab chiqishibdi. Yarmi yo‘q emish! «Mo‘min-muloyim»ni chaqirdim.

– Ruberoidning besh yuztasi qani, qayga qo‘ydingiz, birodar? – so‘radim.

Uning rangi o‘chib, qo‘llari titragan ko‘yi yer sho‘ng‘ib turaverdi.

– Sizdan so‘rayapman?

– Ozgina chiqimdor bo‘lib qolgandim...

– Bir og‘iz bizga aytmasdan nega olasiz?

Hisobchi yerga boqqancha turaverdi. Qonim qaynadi:

– Seni ham prokurorga topshiraman, o‘g‘ri, muttaham! – deb telefonga yopishdim.

– Kechiring, jon aka! – dedi titrab-qaqshagan «muloyim». – Dehqonchiligim bor. Shuni yig‘ishtirib olib, ruberoid pulini to‘layman.

– «Tilxat» yoz! Agar bir oy ichida joyiga qo‘ymasang, o‘zingdan ko‘r!

– Aytganingizni qilaman, aka!

Oradan bir oy o‘tdi. Shahar markazidagi oziq-ovqat do‘koni mudiri telefon qilib qoldi:

– Unni qabul qilvoldingizmi, aka?

– Qanaqa un?

– Buxalteringiz «muharrir yubordilar, xodimlarimizga bir qopdan un berarkansiz, hisob-kitobini keyin qilamiz», deb o‘n besh qop un olib ketdi-ku?

Bunisiga endi chidab bo‘lmasdi. «Mo‘min-muloyim»ning hamma qilmishlarini qog‘ozga tushirib tuman prokuraturasiga berdim...

Prokuror ko‘prigi

– Demak, bu ishlar bo‘yicha yozishma, reviziya boshlanib ketdi. Shundaymi?..

– Yo‘q... To‘g‘ri, o‘sha kunlari viloyat taftish nazorat boshqarmasidan revizor keldi. Ustimdan tuman prokuraturasi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ariza tushgani, ularning chorlovi bilan tekshirishga kelganini aytdi. Papkasidan o‘n qog‘ozcha keladigan arizani olib uzatdi.

Men arizani qo‘limga oliboq, dastxatidan kim yozganligini bildim. Bu qadrdon do‘stim deb yurganim bir insonning dastxati edi. O-ho! Nimalar yo‘q edi deysiz arizada! Ko‘zlarim tinib ketdi. Eng qizig‘i, do‘stim shuncha «mag‘zava»ni ustimga ag‘darib, shikoyat ostiga notanish bir kimsaning ismi-sharifini qo‘ygan edi. Fig‘onim chiqdi. Axir, bularning hammasi qip-qizil tuhmat edi-da!

– Anglashimcha, bu – siz bir necha marta yaxshilik qilgan do‘stingiz. Uni ishga olishlari uchun yordam berganingizni aytgan edingiz. Yaxshilikka qaytarilgan javobni qarang. Xullas, shu «shoir»ning xati bilan...

– Yo‘q. Uning xati bilan desak, sal noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu xat, ta’bir joiz bo‘lsa, meni yoqib yuborish uchun ko‘pdan «o‘tin» hozirlagan, ammo yo‘lini bilmay boshi qotib turgan ba’zi kaslar uchun tutantiriq vazifasini o‘tadi. «Shuncha paytdan beri qayerda edingiz shoiri zamon? Zap ajoyib ish qildingiz-da, xuddi shu narsa bizga kerak edi. Endi buyog‘ini bizga qo‘yib bering!» deb haligi tutantiriqni o‘zlari hozirlagan shox-shabba ostiga qo‘yib, yana ustiga «quruq» o‘tin-u «ho‘l o‘tin»lardan qalashtirib gugurt chaqishdi. Va kamina o‘rtasiga bog‘lab qo‘yilgan, gurillab yonayotgan ulkan alanga atrofida to‘planib, shoirni, hisobchilarni, tahririyatning ba’zi xodimlarini davraga tortib «o‘ynatib», o‘zlari atrofda qarsak chalib turishdi...

– Kimlar edi o‘sha kaslar? Nahotki g‘animlaringiz shunchalar ko‘p bo‘lgan, Ortiqali aka?

– Bu savolingizga bir-ikkita jonli misollar bilan javob beray. Qaysidir yili bir guruh do‘stlar bilan Nanay tomonlarga dam olishga chiqdik. Dastlab qo‘ngan joyimiz uncha ma’qul kelmay boshqa joyga ko‘chadigan bo‘ldik. Yoyilib oqayotgan Poshaotasoyini kechib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Shimlarimizni shimarib, tuflilarimizni qo‘limizga olib toshdan-toshga sakrab boryapmiz. Avji yoz bo‘lishiga qaramay, suv huv yuqoridan, qorli tog‘lardan kelyapti, etni junjiktiradigan darajada sovuq. Soydan tezroq o‘tib olib narigi tomonda bizni kutayotgan mashinalarimizga yetsak, deb o‘ylaymiz. Buni qarangki, soy tugadi, deganimizda o‘ynoqlab oqayotgan katta anhor yoqasidan chiqib qoldik. Hafsalamiz pir bo‘ldi. Bundan qanday o‘tamiz? Hammamiz shu savol bilan bizni boshlab borayotgan yigitga qaradik.

– Iloji yo‘q, – dedi u. – Bir amallab o‘tib olasizlar endi...

– Biz-ku o‘tarmiz-a, – dedi sheriklarimizdan biri yonimizda shimini tizzasigacha shimarib, dildirab turgan toshkentlik yozuvchi bilan yaqindagina «san’at arbobi» unvonini olgan rassomga ishora qilib. – Mehmonlar qanday o‘tadi?

– Sizlar o‘taveringlar, ehtiyot bo‘linglar ammo... Men mehmonlarni yelkamga mindirib o‘tkazib qo‘yaman.

– Ukajon, o‘ylab gapiryapsizmi? Tosh-poshga sirg‘anib ketsangiz inma bo‘ladi? Axir, bular chakana odamlarmas-a!

Yigit «boshqa iloji yo‘q» degandek yelkalarini qisdi. Shu payt men yon-atrofga sinchiklab qarab, ikki-uch yuz metrlar chamasi etakda ko‘prik borligini ko‘rib qoldim.

– Iye, ana, ko‘prik bor ekan-ku!

Uzun-qisqa bo‘lib, o‘sha tomon burilgan edik, yo‘l boshlovchimiz rangi-quti o‘chib yo‘limizga ko‘ndalang bo‘ldi.

– E, yo‘-o‘q! Bo‘lmaydi, akalar...

– Nega bo‘lmaydi? Tayyor ko‘prik turib jonimizni xatarga qo‘yib anhordan kechib o‘tishimiz kerakmi?

– U ko‘prik... – ovozi qaltirab ketdi boshlovchimizning. – U ko‘prik... prokurorniki!

Hammamiz bir-birimizga qaradik, keyin baravariga kulib yubordik.

– Iye, ukajon? – dedi yelkasini silkitib hamon kularkan jo‘raboshimiz. – Prokurorniki bo‘lsa nima qipti? O‘tvolsak yeyilib qoladimi?

Yigit duv qizarib, yerga qaradi:

– Bo‘lmaydi-da!.. Sizlar ketasizlar... Men...

– E, yurakdan ham Xudo bergan ekan-ku, prokuror ham sizga, bizga o‘xshagan odam, – dedi jo‘raboshimiz. – Nima, jonimizni olarmidi? Qani, ketdik yigitlar!

O‘sha tomonga yurdik. Temirdan qilingan, har ikki tomoniga zanjirlar bilan ishlov berilgan chiroylikkina ko‘prik ekan. Undan prokurorning dachasiga o‘tilar, narigi tomoni katta yo‘lga olib chiqarkan. Yaxshigina o‘tib oldik. Hatto dacha qorovuli bo‘lsa kerak, bir nuroniy otaxon «mehmon ekansizlar, bir piyola choyimiz bor» deb iltifot ko‘rsatdi. Katta yo‘lgacha kuzatib ham qo‘ydi.

Men sayr-u sayohatimiz mobaynida ham, uyga qaytgach ham bu haqda ko‘p o‘yladim. Axir, prokuratura qonunlarning ijrosini nazorat qiladigan idora-ku, odamlarning haq-huqularini himoya qiladigan tashkilot-ku? Xalqning qalqoni, ko‘makchisi-ku? Nega bizga yo‘lboshlovchilik qilgan ukamiz bu qadar qo‘rqadi? Nahot, odamlar bu kasb egalaridan shunchalar yurak oldirib qo‘ygan?

Ish stolimga o‘tirib, «TEMIR KO‘PRIK yoki huquq-tartibot idoralari nahot qo‘rquv saltanati bo‘lsa?» degan maqola yozdim. Unda prokuratura idoralarida, umuman, huquq-tartibot muassasalarida bot-bot uchrab turadigan byurokratizm, to‘rachilik, tamagirlik, sansalorlik, o‘zini haddan ziyod ulug‘lash, qonunlarni toptash, oddiy xalqni oyoq uchida ko‘rsatish, vaziyatga qarab oqni qora, qorani oqqa aylantirish, poraxo‘rlik illatlarini ochib tashlashga harakat qildim.

Maqolani gazetamizning navbatdagi sonida chop etdik.

Ertasi o‘tib indiniga erta bilan tahririyatimizga viloyat matbuot boshqarmasi boshlig‘i bilan viloyat jurnalistlar uyushmasi raisi paydo bo‘lishdi.

– Sen o‘zi nimalar qilib yuribsan? – dedi ovozi ham, gavda tuzilishi ham Shukur Burhonga o‘xshab ketadigan matbuot boshqarmasining boshlig‘i. – Kechadan beri shov-shuv, telefonim tinmaydi. Viloyat prokurori sen bilan qiziqyapti. Viloyat ichki ishlar boshqarmasidan, viloyat sudidan qo‘ng‘iroq qilib seni so‘rashyapti...

(Davomi bor)

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring