Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Kapalakdek ozodmisiz yoxud falajlangan tana, bir ko‘z bilan yozilgan kitob (esse)

Kapalakdek ozodmisiz yoxud falajlangan tana, bir ko‘z bilan yozilgan kitob (esse)

foto: internet, ochiq manba

Qo‘lim harakatlanadi — yoza olaman.

Oyoqlarim bilan yuraman.

Ko‘zlarim bilan dunyoni ko‘raman, quloqlarim bilan inson hikoyalarini tinglay olaman, boshimni qimirlatib suhbatdoshimni tasdiqlayman. Gapira olaman, nafas olishim ham yengil.

Miyam ishlayapti — fikrlay olaman.

Ammo men har doim yozishga ruhlanmayman. «Charchadim», «ilhom yo‘q», «ertaga yozaman» deb bahonalar topaman. Ba’zan kompyuter yoqilmagani, qahva yetishmayotgani yoki havo yoqmagani uchun maqolalarim, yozadigan narsalarim kechikadi... O‘zimni o‘zim ovutishga bahonalar minglab topiladi: ijodkorda shunday holatlar bo‘lib turadi, ruh charchaydi, ruhda bo‘shliq bo‘ladi va bu tabiiy... Dangasalikni romantiklashtirishga ustaman — go‘yoki men uchun vaqt tugamaydigan abadiy boylikdek...

Jan-Dominik Bobi farzandlari bilan

Uzoq yillar «Elle» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan fransiyalik Jan-Dominik Bobi 43 yoshida insult tufayli qulflangan tana — «locked-in syndrome» holatiga tushib qoladi. Tanasi harakatsiz. Qo‘l, oyoq, hatto til harakatlanmaydi. Oradan 20 kun o‘tib ongi tiklandi va faqat chap ko‘zi harakatlandi.

Shifokorlar u bilan muloqot qilishning o‘ziga xos usulini topishdi: ular harflarni sekin o‘qishar, Jan-Dominik to‘g‘ri harf aytilganda bir marta ko‘zini yumar, agar u noto‘g‘ri bo‘lsa ikki marta yumar edi.

Har kuni u ma’lum soat davomida yordamchisiga ko‘z «pirpiratib» kitobni «yozdirardi». 137 betlik kitob tayyor bo‘lishi uchun ikki yuz ming marta qovog‘ini pirpiratishga to‘g‘ri kelgan.

 Skafandr va kapalak — qulflangan tana ichidagi parvoz

«Skafandr va kapalak» kitobi  jahon adabiyotidagi eng g‘ayrioddiy asarlardan biri. Unda qahramon o‘z hayotini, xotiralarini va umidlarini hikoya qiladi.

U harflarni assistent yordamida ko‘z bilan tanlarkan, har bir so‘zga soatlar sarflanardi. Har bir jumla uchun jang qilish kerak edi. Bir harfdan, bir so‘zdan, bir jumladan... bir kitob yaratildi.

1997-yilda kitob chop etilganda, butun dunyo larzaga keldi. Bu shunchaki avtobiografiya emasdi, bu inson irodasining ramzi edi.  

Hamkasblari uning asarini «ovozsiz  qichqiriq» deb atashdi, chunki u jim holda butun insoniyatga o‘zini tinglashlariga erishgan edi.

Uning bu qahramonligi yosh jurnalistlarga namuna sifatida ko‘rsatildi. Uning asari shifokorlar va ruhshunoslar uchun ham ilhom manbaiga aylandi — chunki u «hayotdan voz kechmaslik»ning tirik isboti edi. Uning nomi bemorlar uchun umid ramziga aylandi.

U haqda nima deyishgan?

Jurnalist do‘stlari Bobining kitobini «so‘zlar bilan qayta tirilgan odam» deb ta’riflagan. Tanqidchilar uning uslubini «shaffof, og‘riqli va shu bilan birga jonbaxsh» deb atagan.

Ko‘plab o‘quvchilar unga minnatdorchilik xatlari yozgan: «Siz menga yashashni qayta o‘rgatdingiz. Mening muammolarim sizning holatingiz oldida mayda bo‘lib qoldi.»  

Shundan so‘ng dunyoda falaj bemorlar bilan muloqot qilishning yangi usullari ishlab chiqildi. Uning tajribasi tibbiyot va psixologiya sohasida yangi usullarga zamin yaratdi. Bobi hech kimga yashashni o‘rgatmadi, u motivatsiyadan ma’ruza o‘qiydigan spiker bo‘lmadi. U faqat yashirin kuchni ko‘rsatdi, inson tanasi shikastlanishi mumkin, lekin ruhni hech kim qamay olmaydi. «Skafandr va kapalak» kitobi nutq hamda harakatga qodir bo‘lmagan odam tomonidan yozilgan kurash kitobidir.

U shunday yozadi: «Mening skafandrim tobora yengillasha boshlaydi, ongim esa kapalakdek parvoz qiladi. Men nafas olishga muhtojman, sevishga va zavqlanishga. Onging kapalakdek ozod bo‘lsa sevgan ayolingni ko‘rishing, Ispaniyada qal’alar qurishing, Atlantidani topishing mumkin. Qancha ishlar qilish mumkin. Faqat ko‘zingni yumsang xohlagan joyga borishing mumkin.»

Uning kitobini o‘qib, ko‘plab odamlar o‘z hayotiga boshqacha qaray boshladi. U shunday kuchli ruhiy motivatsiya berdiki, hatto sog‘lom odamlar ham hayot nima ekanini, qanday yashash kerakligini qayta his qildi.  

Chunki Bobi skafandrda, qobiq ichida ham uchish imkoni borligini isbotlagan edi.  

O‘zi haqida nima deydi?

Jan-Dominik Bobi o‘z tanasining qamog‘ida ham ijod qilishdan to‘xtamadi. Natijada qayg‘ular, sinovlar va mashaqqatlar, hatto ba’zan quvonchlari haqida ajoyib o‘lmas hikoyani yaratdi. Masalan, Bobi ba’zan mashg‘ulotlaridan noligan holda shunday deb yozadi: «Agar men og‘zimni doimiy ravishda to‘ldirib turgan tupukni yuta olsam, dunyodagi eng baxtli odam bo‘lardim».

Axir shu paytgacha hech qachon tupukni yutish ham baxtga aylanishi mumkinligi xayolimizga ham kelmagan edi-da.  

Bobi qamalib qolgan tana azob-uqubati va tushkunlik haqida ta’sirli tarzda yozadi. U «og‘riqli» ko‘rpa-to‘shaklarni tasvirlaydi va yuzi bo‘ylab jazosiz yurgan chivinlarni ham. U kitob orqali 93 yoshli otasining qo‘ng‘iroqlari haqida gapirib beradi. Bobi yaqinlari uning mehrini boshqa hech qachon his etmasligini anglagan paytlar esa eng alamlisi. «Otalar kuni» munosabati bilan farzandlarining tashrifi chog‘ida u o‘zining ahvoliga achinib, chidab bo‘lmas tuyg‘u haqida gapirib beradi: «O‘g‘lim Teofil u yerda xotirjam o‘tiribdi, uning yuzi yaqinginamda. Men, o‘g‘limning qalin sochlariga teginishga, uning issiq tanasini mahkam quchoqlashga shunchaki haqqim yo‘q... To‘satdan, bu haqiqat meni o‘ldira boshladi».

U «Otalar kuni»da ota shunday holatda ko‘rinishi qanchalik qayg‘uli ekanini tasvirlaydi.

Ammo Bobi «Skafandr va kapalak» asari orqali insoniyatni qulflangan sindrom to‘liq g‘alaba etolmasligini isbotladi. Uning ahvoli achinarli bo‘lishi mumkin, lekin u g‘alaba qozondi. Bitta kitobga «ko‘z qisib qo‘yish» bilan kifoyalanmay, o‘limidan oldin boshqa kitob loyihalarini taklif qildi, qulflangan sindrom qurbonlari va ularning oilalari uchun uyushma tuzdi. «U hayotni yaxshi ko‘rardi va u baxtsiz hodisadan oldin ham, undan keyin ham kuchli va shijoatli inson bo‘lib yashadi, — deydi Bobi bilan ishlagan hamkasbi Syuzanna Li. — U o‘zidan unutilmaydigan meros qoldirdi.»

Keyinroq kitob asosida juda ta’sirli film ham suratga olingan. Film nafaqat inson irodasi haqidagi hikoyani vizual shaklda qayta jonlantirdi, balki tomoshabinni ham, tanqidchini ham larzaga soldi. Bu shunchaki film emas — inson ruhiyatining yengilmasligini, og‘riq ortidagi go‘zallikni ko‘rsata olgan asar edi. 

«Skafandr va kapalak» filmidan

U ketdi...

Jan-Dominik Bobi o‘zi yashagandek vafot etdi: qadr-qimmat bilan, o‘z shartlari va o‘z so‘zlari bilan: «Bu narsalar go‘yo o‘zga sayyoraliklar yerni o‘rganish uchun kelayotganda o‘zi bilan oladigan eng kerakli buyumlarga o‘xshar edi. Bu holat meni chuqur o‘yga soldi. Qiziq, samoda mening skafandrimning qulfini ochadigan kalit bormikan? To‘xtash joyi mavjud bo‘lmagan, ya’ni cheksiz bo‘lgan metro liniyasi bormikan? Mening ozodligimni sotib olish uchun yetarlicha bo‘lgan mablag‘-chi? Qidirish kerak. Yaxshisi, o‘sha yerga boraman».

Bobi oxir-oqibat o‘z xotiralarini yakunlaydi. Kitob nashr etilganidan o‘n kun o‘tgach, pnevmoniyadan vafot etadi…

***

Bugun men harakatlana olaman. Yura olaman. Klavishlarni barmoqlarim bilan bosa olaman, gapira olaman, eshitaman. Odamlarni tinglashim va tasdiq ma’nosida boshimni qimirlata olaman. Nafas olishim yengil, og‘zimda to‘plangan tupukni osongina yutaman va men uni baxt deb o‘ylamayman. Farzandlarimni bag‘rimga bosishim mumkin, so‘zlarni ko‘z ochib yumguncha istaganimcha yozishim, o‘chirishim va yana qaytadan yozishim mumkin... Mening tanam qobiq ichida emas, tanam qulflanmagan. Lekin men kapalakdek ozodmanmi? Siz-chi, siz ozodmisiz?

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring