Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Keskin chora qo‘llamang!

Keskin chora qo‘llamang!

Foto: «Xabar.uz»

Yarim yildan buyon tashqi reklama huquqiy jihatdan tartibga solinmay kelayapti. Ilgari amal qilgan bozor regulyatorlari o‘z vakolatlarini tugatdi, yangilari esa shakllantirilmadi. Bozorda faoliyat yuritish shartlarini, to‘lov turlari va miqdorlarini belgilovchi hujjat qabul qilinmadi. «Norma.uz» muxbiri Oleg Gayevoy reklama agentliklari bilan muloqot qilib, eshitganlarini umumlashtirdi.

Amaldorlar ushbu sohada yig‘ilib qolgan barcha muammolarni birvarakayiga hal etishni xohlaydilar, albatta. Biroq faqat Toshkentning o‘zidagi reklama bozorida qariyb 450 ta kichik va o‘rta biznes korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat yuritadi, ularning taqdirini huquqiy yo‘l bilan hal qilish lozim.

Bugungi kunda tashqi reklama – hamyonbop, kichik korxonalar ishlab chiqaradigan tovarlar va xizmatlarni ilgari surish, binobarin, sotish kanallaridan biri. Bundan boxabar bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi sohani rivojlantirish imkonini beradigan, shu bilan birga ko‘chalarimiz qiyofasi ochilishini ta’minlaydigan tashqi reklamada yagona va tushunarli qoidalarni belgilashga qaror qildi.

Bugungi kunda ayrim ko‘chalar va chorrahalardagi reklama konstruksiyalarining soni va tashqi ko‘rinishi shahrimiz husnini buzib turibdi. Buni Toshkent reklama assotsiatsiyasidagilar ham tan olmoqdalar. Yetakchi reklama agentliklari yangi konstruksiyalar o‘rnatish uchun ruxsatnomalar berishni to‘xtatib, mavjudlarini xatlovdan o‘tkazish taklifi bilan shahar hokimligiga bir necha bor murojaat qilganlar. Bunda mutaxassislarning guvohlik berishicha, uylarning old qismlari, savdo korxonalari va avtobus bekatlarida betartib joylashtirilgan noqonuniy reklama rasman ruxsat berilgan reklama konstruksiyalari sonidan bir necha bor oshadi. Reklama landshaftini «tozalashni» ana shundan boshlash kerak.

Biroq tuman hokimliklari tashqi reklama sub’yektlari faoliyatini tartibga soluvchi rasmiy hujjatlar chiqishini kutmasdan, jadal «islohotni» boshlab yubordilar. Ular tadbirkorlardan barcha konstruksiyalarni diod nurli ekranlarga almashtirishni talab qilmoqdalar. Bunda hech qanday oldindan o‘rganish o‘tkazilmayapti, biznes-reja ham, ko‘p sonli ekranlarning odamlar va transportga ta’siriga oid sanitariya normalari ham belgilanmayapti. Xalqaro tajriba, nima uchun rivojlangan mamlakatlarda bunday qilinmasligi o‘rganilmayapti.  

Bunda ayrim hokimliklar, xususan Toshkent shahridagi Bektemir va Mirobod tumanlari hokimliklari qonuniy o‘rnatilgan konstruksiyalarni «kesa» boshladilar. Ularga tadbirkorning xususiy mulk ob’yekti hisoblanishi va O‘zbekiston qonunlari bilan qo‘riqlanishi ahamiyatga ega emas.

«Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari», «qonun ustuvorligi», «xususiy mulk daxlsizligi» – bularning bari qog‘ozdagi chiroyli so‘zlar. Hayotda esa: «Yo ekran o‘rnatasiz, yo konstruksiyangizni ogohlantirishsiz kesib tashlaymiz. Ustimizdan sudga shikoyat qilishingiz mumkin!»

Bunday sharoitda tadbirkor nima qilsin? Qonun hujjatlari haqiqatan ham uning qonuniy manfaatlari va xususiy mulkini himoya qilishiga tayanmog‘i lozim. Prokuratura, ichki ishlar organlari va boshqa davlat hokimiyati institutlari qonunga rioya etilishini ta’minlaydilar. Faqat bundan to‘g‘ri foydalana bilish kerak.

 Reklama konstruksiyasi – xususiy mulk, u quyidagilar bilan himoya qilinadi:

 – «O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi Qonun;

– «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun;

– «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun;

– Prezidentning 1.08.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5495-son Farmonida belgilangan chora-tadbirlar kompleksi;

– bir qator boshqa normativ hujjatlar.

Bundan kelib chiqadiki, hech kim sudning hal qiluv qarorisiz reklama konstruksiyasini demontaj qilishga haqli emas. Shu sababli agar shunday qilinayotgan bo‘lsa, oqibatlarni keltirib chiqaruvchi huquqbuzarlik sanaladi.

 Xullas, konstruksiyangiz buzilayotgan bo‘lsa:

– bunga taalluqli barcha shaxslarning ismlari, avtomobillar raqamlarini qayd eting;

– ularni foto yoki videotasvirga tushiring;

– fotosuratlarni ilova qilgan holda ishtirokchilar to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudga ariza bering.

Bu axborotni Savdo-sanoat palatasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi vakilga ham taqdim etish ortiqchalik qilmaydi.

Shu tariqa, aybdorlarni fosh qilib, xususiy mulkingiz qiymatini undiribgina qolmay, kelgusida shunga o‘xshash holatlar takrorlanishining oldini ham olgan bo‘lasiz.

Reklama industriyasini isloh qilish zarur. Biroq buni tizimli, rejali, izchil ravishda amalga oshirish darkor. Birinchi navbatda shaharni noqonuniy joylashtirilgan reklamadan tozalash lozim. Bu bilan mahalliy hokimiyat organlari jamoat tashkilotlari bilan birgalikda shug‘ullanishlari kerak. Shundan keyingina eskirgan texnologiyalarni bosqichma-bosqich rejali tartibda yangilariga almashtirish lozim. Bozor, biznes ehtiyojlari va amaldagi qonunchilikdan kelib chiqish zarur.

Mahalliy hokimiyat modernizatsiya jarayonini odat tusiga kirib qolgan ma’muriy bosim o‘tkazish yo‘li bilan emas, bozor dastaklari bilan rag‘batlantirishi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring